Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Iqlim o‘zgarishi yiliga 250 ming kishining o‘limiga sabab bo‘ladi – JSST

Iqlim o‘zgarishi yiliga 250 ming kishining o‘limiga sabab bo‘ladi – JSST

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar sayyoramiz aholisi salomatligiga jiddiy xavf solmoqda. Anomal issiq, suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, muzliklar erishi, dengiz sathining ko‘tarilishi... Bularning barchasi Yer sharining qator nuqtalarida o‘lim holatlari va kasalliklar soni ortishiga olib kelyapti.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu boradagi so‘nggi tahlillarni e’lon qildi. Unga ko‘ra so‘nggi 130 yil ichida global harorat taxminan 0,85 darajaga oshgan. So‘nggi 25 yil ichida global isish tezligi har o‘n yilda 0,18 darajadan ko‘proqqa tezlashgan. Keyingi 20 yil ichida 65 yoshdan katta insonlar o‘rtasida jazirama haroratdan vafot etish ko‘rsatkichi 70 foizga oshgan.

JSST hisobotida 2030–2050-yillarda iqlim o‘zgarishi har yili 250 ming odamning o‘limiga olib kelishi keltiriladi. Xususan, global isish ntijasida 38 ming keksaning jazirama tufayli jon beradi.

Ta’kidlanishicha, iqlim o‘zgarishi nafaqat meteorologik ko‘rinishlarga, balki ijtimoiy va ekologik salomatlik omillariga ham ta’sir qiladi. Bular: toza havo, xavfsiz ichimlik suvi, etarli oziq-ovqat ta’minoti va boshqalar. Natijada global isish ortidan yuzaga keladigan kasallilkar, xususan, diareya tufayli 48 ming; bezgak tufayli 60 ming; bolalarning to‘yib ovqatlanmasligi sababli 95 mingta o‘lim qayd etilishi aytilmoqda.

Bundan tashqari, toza ichimlik suvi tanqisligi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan o‘lim holatlarining asosiy sabablaridan biriga aylangan. 2030–2050-yillardagi iqlim o‘zgarishlari oqibatida toza ichimlik suvi yanada tanqislashadi.

Sifatsiz suv ichish vabo, tif isitmasi, dizenteriya, salmonellyoz kabi yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarishi, shuningdek, bu yuqumli bo‘lmagan kasalliklar: ovqat hazm qilish, yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, agar vaziyat o‘nglanmasa, kelgusi o‘n yillikda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq omillar har yili 250 ming kishining umriga zomin bo‘lishi mumkin.

Chunki hozir uch milliarddan ortiq inson xuddi shunday ekologik murakkab mintaqalarda yashaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring