Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Falastinlik bolalar o‘limiga doir tahlikali raqamlar oshkor qilindi

Falastinlik bolalar o‘limiga doir tahlikali raqamlar oshkor qilindi

Isroilning 7-oktyabrdan buyon G‘azoga yog‘dirayotgan bombalari oqibatida kamida 1756 nafar falastinlik bola halok bo‘ldi, 4000 dan ziyodi esa jarohatlandi, deb xabar berdi «Defense for Children International – Palestine» tashkiloti.

Bu esa Isroil aviahujumlaridan har 15 daqiqada bir bola hayotdan ko‘z yumayotganidan dalolat beradi.

Tahlillarga qaraganda, Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan 2022-yil 24-fevraldan buyon o‘tgan vaqt davomida 554 nafar ukrainalik bola halok bo‘lgan. Isroilning galdagi harbiy amaliyoti boshlangan so‘nggi 14 kun ichida esa G‘azoda bundan uch baravar ko‘p norasidalar o‘ldirildi.

G‘azoda halok bo‘lgan bolalarning janozasi. Foto: AFP

BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) G‘azoda bolalar o‘limi soat sayin oshib borayotganidan xavotir izhor qilib, uni to‘xtatishni talab qilgan.

«Ayni paytda G‘azodagi biror bir bolaning joni xatardan xoli emas. Xunrezlik kuchayib boryapti va uning oxiri ham ko‘rinmayotir. Bolalarning o‘ldirilishi va majruh etilishi, maktab va shifoxonalarga hujum uyushtirilishi jiddiy qonun buzilishi bo‘lib, aybdorlar o‘z xatti-harakati uchun javob berishi kerak. Har kuni terrorga ro‘baro‘ bo‘layotgan bolalar, shuningdek, ochlik, qo‘nimsizlikdan aziyat chekmoqda. Ularga ko‘mak yo‘lining to‘silgani gumanitar falokatni muqarrar qilmoqda», – deya bong uradi «Save the Children» xalqaro tashkiloti.  

Tashkilotga ko‘ra, 16 yildan buyon qamal sharoitida yashayotgan G‘azo mintaqasida sifatli tibbiy xizmat imkoni yo‘qligi sabab onalar va bolalar o‘limi shundoq ham ko‘p kuzatiladi.

YuNISEF bolalar joniga qasd qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Foto: AP

Isroil davlati HAMASning hujumiga javoban 2,3 million aholi yashayotgan G‘azoni suv, oziq-ovqat, elektr energiya va dori-darmondan mahrum qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, aviahujumlar oqibatida G‘azodagi 26 ta shifoxona va tibbiy muassasa jiddiy talafot ko‘rgan. Hududdagi shifoxona va o‘likxonalarda bo‘sh joy qolmagan. Shifokorlar operatsiyalarni bemorga narkoz bermay o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Muzqaymoq yetkazuvchi mashinalar esa jasadlarni tashimoqda.

BMT G‘azodagi 50 mingga yaqin homilador ayollar va ularning tug‘ilajak chaqaloqlari joni ham qil ustida turganidan xavotirda.

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, Falastinning Isroil ishg‘oli ostidagi boshqa hududi – G‘arbiy sohilda tez-tez uyushtiralyotgan aviahujumlarda ham tinch aholi, jumladan, bolalar halok bo‘lmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring