Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Erdo‘g‘on dunyo e’tiboridagi muammo yuzasidan ijobiy yechim va’da qildi

Erdo‘g‘on dunyo e’tiboridagi muammo yuzasidan ijobiy yechim va’da qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on dunyo e’tiborida bo‘lib turgan masala – g‘alla bitimi borasida yaqin muddatda ijobiy natija bo‘lishi haqida gapirdi.

Joriy yil 17 iyul kuni Rossiya bitimdan chiqqach, kambag‘al o‘lkalarga don mahsulotlari yetkazish tashabbusi xavf ostida qolgan edi.

Erdo‘g‘on hafta boshida Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Muzokaralarda dolzarb masalalar qatorida g‘alla bitimini qayta amalga kiritish muhokama qilingan. Putin Moskva don shartnomasi bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekani, ammo bu borada o‘z shartlari borligini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Kreml Rossiya qishloq xo‘jaligi bankini  SWIFT xalqaro to‘lov tizimiga ulash va g‘alla tashuvchi kemalarni sug‘urtalashni talab qilmoqda.

Turkiya rahbari tashrif yakuni yuzasidan bergan bayonotda qayd etilishicha, Anqara endilikda g‘alla bitimini yangilash borasida BMT bilan muzokara olib bormoqda.

Erdo‘g‘on joriy yil sentyabr oyi oxirgi o‘nkunligida BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishi doirasida tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan g‘alla bitimi masalasini muhokama qiladi.

Turkiya sa’y-harakati bilan BMT g‘alla bitimiga doir yangi takliflar paketini tayyorlagan. Prezidentlarning Sochidagi uchrashuvida ushbu takliflar ham ko‘rib chiqilgan.

Avval xabar berganimizdek, 2022 yil 22 iyul kuni Istanbul shahrida Qora dengiz orqali g‘allani xavfsiz tarzda olib o‘tishga doir bitim imzolangan edi.

Turkiya, Rossiya, Ukraina va BMT o‘rtasida tuzilgan muhim hujjat dunyoda ocharchilikning oldini olishga xizmat qilishi aytilgan, xususan, Antoniu Guterrish mazkur hodisaga “Qora dengizda umid uchquni porladi” deya munosabat bildirgan edi.

Gap shundaki, Rossiya bosqini ortidan Ukraina omborlarida saqlanayotgan katta miqdordagi donni Qora dengiz orqali dunyo mamlakatlariga sotish yo‘li yopilib qoldi. Oqibatda oziq-ovqat bozorida narx osmonga sapchib, ko‘plab mamlakatlarda ocharchilik xavfi yuzaga keldi.

Bitim doirasida Ukraina bir yilda 33 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilgan. Rossiya esa xorijga 120-130 million tonna bug‘doy sotgan.

Moskva g‘alla bitimidan bir tomonlama chiqqani ortidan jahon bozorida g‘alla narxi oshishi kuzatilmoqda. Boz ustiga, Rossiya Ukraina don tashishda foydalanayotgan portlarga bomba yog‘dirgan.

Joriy yil iyul oyida Afrika mamlakatlari yetakchilari ham Rossiya prezidentidan g‘alla eksportiga doir bitimga qaytishni talab qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring