Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniyalik harbiylar Afg‘oniston va Iroqdagi dahshatli jinoyatlari uchun javobgarlikdan qutulib qolishdi

Britaniyalik harbiylar Afg‘oniston va Iroqdagi dahshatli jinoyatlari uchun javobgarlikdan qutulib qolishdi

Foto: «Forces.net»

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, britaniyalik askarlarning Afg‘onistondagi jinoyatlarini uzoq muddat tergov qilish «yetarlicha dalillar» bo‘lmaganligi bois natija bermadi, deya xabar berdi «The Daily Telegraph».

Ayblovlarni tekshirish bo‘yicha «Nortmur» deb nomlangan operatsiya 2014-yilda boshlanib, unga 120 nafar britaniyalik harbiy politsiya zobiti rahbarlik qildi.

Operatsiya chog‘ida Buyuk Britaniya armiyasi tomonidan Afg‘onistonda sodir etilgan deya taxmin qilinayotgan asirlarning qiynoqqa solinishi, o‘ldirilishi va jinsiy zo‘ravonlikka duchor qilinishi yuzasidan jami 675 ta da’vo arizasi o‘rganib chiqildi.

Shuningdek, 2005 — 2013-yillarda sodir etilgan 52 ta shubhali o‘lim holati to‘g‘risida xabar berilgan.

Nashrning yozishicha, tergov Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligiga 10 million funt sterlingga tushgan bo‘lsa-da, hech qanday natija bermadi. Boshqarmaning ta’kidlashicha, «Nortmur» o‘z ishini to‘xtatdi, chunki «puxta va mustaqil tekshiruv»ga qaramay, ishni prokuraturaga yuborish uchun «yetarlicha dalil» topolmadi.

Avvalroq Iroqda xuddi shu davrda sodir etilgan shunga o‘xshash jinoyatlarda Britaniya armiyasiga qarshi ayblovlar qo‘yilmasligi ma’lum qilingandi. Bundan kelib chiqadiki, harbiy xizmatchilar ikkala harbiy jinoyatlarda ham ayblovlar bo‘yicha tergovdan ozod etiladi.

2019-yil noyabrda Britaniyaning «Sunday Times» gazetasi maxfiy hujjatlarga tayanib, Buyuk Britaniya harbiy qo‘mondonligi o‘z askarlarining Yaqin Sharqdagi harbiy jinoyatlarini yashirganligini ma’lum qilgandi.

Nashrning yozishicha, Afg‘oniston va Iroqdagi jinoyatlarni tergov qilish chog‘ida maxsus topshiriq bajaruvchi havo kuchlari harbiylaridan biri tomonidan sodir etilgan qotillik hamda «Black Watch» bataloni jangchilari tomonidan asirlarning qiynoqqa solinishi va jinsiy zo‘ravonlikka duchor qilinishi haqidagi maxfiy dalillar fosh bo‘ldi.

Bundan tashqari, rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish, Britaniya armiyasi qo‘mondonligi tomonidan dalillarni noto‘g‘ri taqdim etish, shuningdek, tergov ishtirokchilarining Mudofaa vazirligi tomonidan bosim qilingani yuzasidan shikoyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring