Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britancha ajralishning irlandcha muammosi...

Britancha ajralishning irlandcha muammosi...

Foto: «theuk.one»

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvining bir qismi bo‘lgan Shimoliy Irlandiya protokoli ijrosini to‘xtatuvchi 16-moddani qo‘llashga intilmayapti va Bryussel bilan muzokaralar davomida murosaga kelishga tayyor. Bu haqda «The Times» nashri Hukumat rasmiylariga tayanib xabar berdi.

«16-moddani qo‘llash biz duch kelayotgan muammolarni hal qilmaydi», deb ta’kidladi ma’murlar. Agar biz shunday qadam tashlaganimizda ham, oxir-oqibat, muzokaralar stoliga qaytishimiz kerak bo‘lar edi».

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning Brexit (Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi) va xalqaro siyosat bo‘yicha vakili Devid Frost rasmiy Londonning bu pozitsiyasini Yevrokomissiya rahbari o‘rinbosari Maros Shefchovichga yetish niyatida.

London kelgusi bir necha hafta ichida Bryussel bilan muzokaralar «yangi, yanada qizg‘in bosqichga» kirishini istaydi, bu esa har ikki tomon uchun ham «murosaga kelish imkoniyatini» beradi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya o‘rtasida tuzilgan savdo kelishuviga ko‘ra, garchi rasmiy London YeIdan chiqib ketgan bo‘lsa-da, Shimoliy Irlandiya hamjamiyat bojxona ittifoqi a’zosi bo‘lib qoldi.

Natijada Shimoliy Irlandiya portlarida qirollikning boshqa mintaqalaridan bir qator tovarlarni tashish uchun nazorat tartib-qoidalarini joriy etish talabi yuzaga keldi. Ko‘p sonli byurokratik qiyinchiliklar tufayli Shimoliy Irlandiyaga Britaniya mahsulotlarini yetkazib berish sezilarli darajada qiyinlashdi va bu aholining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi Britaniya mahsulotlarining Olsterdan Irlandiyaga (Yevropa Ittifoqi a’zosi) nazoratsiz olib kirilishining oldini olish uchun Irlandiya dengizida Shimoliy Irlandiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi amalda bojxona chegarasini saqlab qolishni talab qilmoqda. Protokol esa Olsterdagi protestantlar va katoliklar o‘rtasidagi qurolli qarama-qarshilikni tugatishga xizmat qilgan 1998-yildagi Belfast kelishuvini saqlab qolish uchun Irlandiya orolidagi chegaraning nazoratsiz qolishini kafolatlaydi.

Joriy yilning 21-iyul kuni Buyuk Britaniya hukumati «Shimoliy Irlandiya: oldinga yo‘l» protokolini nashr qilgan edi. London va Bryussel Shimoliy Irlandiya protokoli bo‘yicha qayta muzokara olib borishi zarurligini e’lon qildi.

Ushbu muhim hujjat Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bo‘yicha asosiy kelishuv bilan birgalikda ishlab chiqilgan edi. U Shimoliy Irlandiya (Birlashgan Qirollikning tarkibiy qismi) va Irlandiya Respublikasi (mustaqil davlat va Yevropa Ittifoqi a’zosi) o‘rtasidagi chegara masalasini hal qilish uchun mo‘ljallangan edi.

1998 yildagi Belfast kelishuviga ko‘ra, u ochiq bo‘lishi kerak. Brexitdan keyin uning yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun London va Bryussel Shimoliy Irlandiya ikkita chegaraga ega bo‘lishiga kelishib oldilar – biri uni Buyuk Britaniyadan Irlandiya dengizi orqali ajratib turadigan va Irlandiya Respublikasi bilan Olster bo‘ylab o‘tadi.

O‘z navbatida Britaniya tomoni Yevropa Ittifoqidan faqat Shimoliy Irlandiyaga jo‘natiladigan tovarlarga tariflar qo‘llamaslikni va’da qildi. Shu tariqa Olster amalda YeI savdosining ajralmas qismiga aylandi. Bu jarayonlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash esa bugungi kun tartibidagi muhim masaladir.

Maftuna A’zamjonova,

xalqaro jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring