Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bolg‘a va sandon»: Rossiya va Xitoyning yaqinlashuvidan yaponlar tashvishda

«Bolg‘a va sandon»: Rossiya va Xitoyning yaqinlashuvidan yaponlar tashvishda

Illyustratsiya: haikudeck.com

«G7 mamlakatlaridan faqat Yaponiya bevosita Xitoy va Rossiya bilan chegaradosh. Dahshatli qo‘shnilar «Kunchiqar yurt»ni bolg‘a va sandon kabi iskanjaga olgan, Amerika va G‘arb esa yiroqda».

«Katta yettilik» mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvining so‘nggi kuni — 5-mayda e’lon qilingan yakuniy kommyunikega yaponiyalik o‘quvchilar shunday munosabat bildirishdi.

G7 bayonotiga ko‘ra, ayni vaqtda dunyo uchun eng katta tahdidlar bu — Xitoy, COVID-19 pandemiyasi va Rossiya. Shuningdek, bayonotda Tayvan va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash ham aytilgan, ammo u nimalarda ifodalanishi haqidagi ma’lumot keltirilmagan.

Ushbu hujjat matniga Yahoo News Japan portalida bildirilgan munosabatlardan yaponlar Moskva va Pekinning yanada yaqinlashuvidan xavotirda ekanliklarini sezish qiyinmas.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasida qurolli nizo kelib chiqqan taqdirda, bu bayonot Yaponiyaga qimmatga tushishi mumkin, deb hisoblashmoqda yaponlar. Yuqoridagi yo‘sindagi bayonotlar Rossiya va Xitoyni yanada yaqinlashishga undaydi, xolos.

Yapon fuqarolari aniq amaliy harakatlarga o‘tish kerakligini, xususan, Rossiyani G‘arbga «tortish» yoinki qo‘shnilari bilan munosabatlari o‘ta qo‘rqinchli tusga kirib borayotgan Yaponiyaning o‘zi ikki tomonlama munosabatlarga kirishishi lozimligini so‘rashmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ikki yillik tanaffusdan so‘ng, 3—5-may kunlari Londonda «Katta yettilik» tashqi ishlar vazirlarining yuzma-yuz uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Aytilishicha, vazirlar Rossiya masalasini bir yarim soat muhokama qilishgan.

Yakunda barcha qatnashchilar Rossiya tomonini Ukraina bilan chegaradagi va Qrimdagi tanglikni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqirishgan, o‘z navbatida, RF bilan barqaror va uzoqni ko‘zlangan ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatilishini yoqlashgan. O‘sha yig‘ilishda Yaponiya TIV rahbari Tosimitsu Motegi «Katta yettilik»ga Rossiya bilan hamkorlik bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqish taklifini kiritgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring