Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Birlashgan Irlandiya orzusi yoxud bitta millat — ikkita mamlakat

Birlashgan Irlandiya orzusi yoxud bitta millat — ikkita mamlakat

Shimoliy Irlandiya va Irlandiya Respublika o‘rtasida 500 km.lik chegara irlandlarni ikki mamlakatga ajratib turibdi. Tikanli simlar, qurolli askarlar, chuvalashib ketgan yo‘llar necha vaqtlardan buyon bir millat ikki mamlakatga bo‘linib yashashiga guvohi bo‘lib kelmoqda: Qo‘shma Qirollikning «teng huquqli» a’zosi va «janubdagi qarindosh»...

Siyosiy ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan vaqtda eng katta muammolardan biri chegara masalasi bo‘lib qolmoqda. Garchi ayrim chegaralar tikanli simlar va minalardan tozalanayotgan bo‘lsa ham, aslida kayfiyatdagi tafovutlar chegarani belgilab beradi. Bugungacha irlandlarda avlodlar almashinuvi shu tarzda kechmoqda. Janubdagi respublikachi katoliklar shimoldagi protestantlar bilan kelisha olmadi. Natijasini esa ko‘rib turibmiz...

Irlandiyaning bo‘linishi
Buyuk Britaniya azal-azaldan Irlandiya oroliga ko‘z tikib kelgan. Irlandlar masalasi ingliz siyosatdonlarining doimiy bosh og‘rig‘i edi. Birinchi jahon urushidagi ichki tinchlikka erishishga bo‘lgan intilishgina irlandlarga o‘zini-o‘zi boshqarish huquqi berilishiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng irland xalqining mustaqillik tomon intilishi boshlandi. Biroq protestant irlandlar janubdagi qondoshlari bilan birga bo‘lishni istamadi. Natijada 1921 yilning 3 mayida Irlandiya hukumati aktiga binoan millat ikkiga ajralib ketdi. Britanlarga qo‘shilib ketgan irlandlar o‘z mamlakatini Shimoliy Irlandiya deb atay boshlashdi. Orolliklar esa o‘zlarini Janubiy Irlandiya emas, balki Irlandiya Respublikasi deb nomlashdi.

«Bo‘lib tashla va hukmronlik qil!»
1920 yildagi aktga ko‘ra Buyuk Britaniya o‘z sarhadlarida Irlandiya nomi ostida ikkita, o‘zini-o‘zi boshqaradigan hududni yaratishni mo‘ljallagan edi. Albatta, inglizlar keyinchalik Irlandiyani birlashtirishni ham e’tibordan soqit qilishmagan, ammo Irlandiya mustaqillik urushi (1919—1921 yillar) va Angliya-Irlandiya shartnomasidan so‘ng «Zumrad orol»ning janubi va g‘arbiy qismi ozod davlatga aylandi, Shimoliy Irlandiya esa Qo‘shma Qirollikda qolishga qaror qildi.

«Birlashgan Irlandiya orzusi» yoxud bir asrdan so‘ng erishilgan g‘alaba
Birlashgan Irlandiya g‘oyasi bugun paydo bo‘lib qolgan orzu emas. Orol bo‘linganidan deyarli bir asr o‘tgach, birlashish muhim masala sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda. Irlandiya Respublikasining «Shinn Feyn» («Biz o‘zimiz») partiyasi «shimollik qardoshlar» bilan birlashish maqsadida 2025 yilgacha Irlandiya birligi uchun ovoz berishga chaqirdi. Mutaxassislar bunga qisman Buyuk Britaniya joriy yilning 31 yanvar kuni rasmiy ravishda Yevroittifoqdan chiqib ketayotgani sabab bo‘lganligini taxmin qilishmoqda. Buyuk Britaniyaning YeI bilan ajralishi birlashish jarayonini yanada oldinga surib yubordi. Bu avvalgidek orzu emas, balki janub uchun ham, shimol uchun ham zaruriyatga aylanib qoldi. Istak bo‘lsa, imkon topilar deganlaridek, Irlandiya Respublikasining millatchi partiyasi — «Shinn Feyn»ning 7 fevral kuni bo‘lib o‘tgan hukumatga saylovlarda «ketmoni uchgani»ga nima deysiz? Partiya joriy saylovlarda eng ko‘p ovoz to‘plab, deyarli bir asr davomida boshqarib kelgan ikki markaziy — o‘ng partiyaning ustuvorligiga barham bera oldi.

Irlandiya Respublikasi va Buyuk Britaniyaning Shimoliy Irlandiya mintaqasini birlashtirish uchun kurash olib borgan «Shinn Feyn» birinchi imtiyozli ovozlarning 24,5 foizini qo‘lga kiritdi — bu 2016 yildagi ovoz ulushidan 10,7 foizga ko‘p degani.

Garchi shinn-feynchilar 160 kishilik parlamentda «bir hovuch» bo‘lsa ham, allaqachon Irlandiya birligi masalasini kun tartibiga qaytara oldi.

Irlandlar britanmi, britanlar irlandmi?
Irlandiya orolining bo‘linishini shimollik irlandlar istashgandi. Biroq o‘sha hududda asosan britaniyaliklar yashaganini ham istisno qilmaslik kerak. Bo‘linish esa, kutilmaganda, keskin ziddiyatlarni keltirib chiqardi. Natijada irlandlar o‘rtasida fuqarolar urushi (1922 yil iyunidan 1923 yil mayigacha) kelib chiqdi. Buni balki fuqarolar urush deb atash noto‘g‘ri bo‘lar. Chunki, yana takrorlaymiz, Britaniya bilan qolishni istagan aholining katta qismini Irlandiyaning shimolida yashovchi britanlar tashkil etardi.

Shimoliy Irlandiyada 1960-yillarning oxirlarida boshlangan 30 yillik mazhablararo nizo natijasida 3 600 dan ortiq odam halok bo‘ldi va minglab odamlar jarohatlandi. Katolik va protestantlik mazhabiga mansublik bir millatni ikkiga ajratib yubordi. AQSh senatori Jorj Mitchel tashabbusi bilan 1998 yilda «Xayrli Juma» tinchlik bitimining imzolanishi mintaqada nisbatan osoyishtalikni o‘rnatdi.

«Xayrli Juma» tinchlik bitimiga asosan shimoliy irlandiyalik shaxsni aniqlashning dolzarb masalasini hal qilish uchun mamlakatda tug‘ilgan har kim Irlandiya yoki Britaniya fuqaroligini yo ikkalasini ham tanlashi mumkin degan bandni o‘z ichiga olar edi. Bugun irland xalqi bir-biridan til, dunyoqarash jihatdan ham uzoqlashib ketgan. Xo‘sh, irlandlar britanmi, britanlar irlandmi?

«Breksit» irlandlar masalasini qanday murakkablashtirdi?
Buyuk Britaniyaning Yevropa ittifoqini tark etishi «kul bosgan orzular»ni alangalatib yubordi. 2016 yilda YeIni tark etish bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda Shimoliy Irlandiyaning katta qismi Yevroittifoq bilan qolishni ma’qul ko‘rdi. Buyuk Britaniya siyosatchilari esa ittifoqni tark etishga jon-jahdi bilan harakat qilaverdi. Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson YeIni tark etish Shimoliy Irlandiyani yo‘qotishga sabab bo‘lishi mumkinligini hisobga olgan bo‘lishi kerak. Aks holda, britan iqtisodi yanada chuqurroq inqirozga yuz tutadi.

Referendumda YeI tarkibida qolishni Shimoliy Irlandiyada yashovchilarning 56 foiz yoqlab ovoz berdi. Bu esa ko‘pchilikning «paytavasiga qurt tushirdi». O‘shandan boshlab Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya fuqarolik pasportidan ko‘ra, Irlandiya pasportiga murojaat qiluvchilar soni sezilarli darajada oshib ketdi. Birlashish uchun dastlabki qadamlar shundan boshlandi. YeI bilan hamkorlik Shimoliy Irlandiyaning moliyaviy yordam olib turishini ta’minlardi, zarur infratuzilma loyihalarini amalga oshirishida bebaho rol o‘ynardi va Yevropa bilan savdo-sotiq ortidan mintaqa iqtisodiyotiga ijobiy turtki berardi.

Irland hukumati muzokaralar davomida Shimoliy Irlandiyada ko‘pchilik rasmiy London «Breksit»ning mintaqaga, ayniqsa chegara hududlariga ta’sirini hisobga olmayapti, degan fikrda edi. Buni Shimoliy Irlandiyadagi «Shinn Feyn» vakillari shunday izohladilar: «Irlandiya manfaati hech qachon Vestminsterga xizmat qilmagan va qilmasligi ham kerak».

Britan siyosatchilari o‘zlari Shimoliy Irlandiyani g‘oyaviy jihatdan uzoqlashtirib qo‘yishdi. «Breksit» irlandlarni birlashtirish uchun uchqun misoli bo‘lishi mumkin.

Birlashish uchun ichki intilish qanday?
Bugungi kunda birlashish uchun ovoz barcha narsa maromiga yetib bormoqda: Irlandiyaning millatchi partiyasi «Shinn Feyn» parlamentda eng ko‘p ovoz oldi, «Breksit» muvoffaqiyatli tugadi — ba’zilar birlashishni muqarrar deb bilishadi. Eng muhim jihat bu — shinn feynchilarning referendumiga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin. Fevralning boshidagi saylovdagi muvaffaqiyat ommaviy so‘rov o‘tkazish uchun yetarli bo‘ladi.

«Referendum yaqinlashmoqda, — dedi Irlandiya muxolifat partiyasi («Fianna Fayl» partiyasi)dan senator Mark Deyli, — Irlandiyaning birlashish tarixi hali yozilmagan. Ammo u keyingi 10 yil ichida yoziladi».

«Breksit»dan keyin qattiq tartibda bojxona stavkalarining o‘rnatilishi logistika muammosini avj oldirishi va nainki Shimoliy Irlandiya, balki Irlandiya Respublikasiga ham nihoyatda katta zarar bo‘ladi.

Buyuk Britaniya va Irlandiya Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi (1973 yil) aslini olganda ikkita orolning farovon turmush yaratishlariga zamin yaratgandi.

Tinchlik bilan birlashish yo‘li Irlandiya konstitutsiyasida belgilangan va prinsipial jihatdan barcha tomonlar buni qo‘llab-quvvatlamoqda. Agar Shimoliy Irlandiya qachondir Irlandiya bilan birlashishga ovoz bersa, u avtomatik ravishda YeI tarkibiga kirishi kerak bo‘ladi. YeIga yana bir a’zoning naqdligi boshqa a’zolarga Britaniyadan «qasos» olishiga imkon yaratishi va birlashtirish jarayonini tezlashtirishi mumkin.

Qay biri boyroq: shimol yoki janub?

Shimoliy Irlandiyada Buyuk Britaniyaning juda kam aholisi yashaydi. U Buyuk Britaniyaning barcha mintaqalari orasida eng kichik iqtisodiyotga ega bo‘lib, yalpi ichki mahsulot (YaIM) 50,8 milliard yevroni tashkil etadi, bu 2017 yildagi Buyuk Britaniyaning 2,1 foiz yalpi ichki maxsulotiga to‘g‘ri keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Shimoliy Irlandiya iqtisodiyoti 2019 yilning birinchi choragida Buyuk Britaniyaning barcha mintaqalari ichida eng zaifi bo‘lgan. Iqtisodiy statistika markazining (ESCoE — milliy statistika boshqarmasi) ma’lumotlariga ko‘ra, yillik o‘sish 0,7% ni tashkil etdi. Ma’lumot o‘rnida, Buyuk Britaniyaning o‘rtacha o‘sish sur’ati 1,5%ni tashkil etadi.

Shimoliy Irlandiya Buyuk Britaniyaning barcha mintaqalari orasida eng kichik iqtisodiyotga ega bo‘lib, yalpi ichki mahsulot (YaIM) 50,8 milliard yevroga teng, bu 2017 yildagi Buyuk Britaniyaning jami iqtisodiyotining 2,1 foiziga to‘g‘ri keladi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, shimolliklar iqtisodiyoti so‘nggi ikki yilda inqirozni boshdan kechirmoqda. 2015 yilda yalpi ichki mahsulot 55,7 milliardni tashkil qilgan.
2017 yilda jon boshiga YaIM Buyuk Britaniyada eng past ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan.

Shimoliy Irlandiyada nisbatan katta davlat sektori (ta’lim, sog‘liqni saqlash va hukumat) mavjud bo‘lib, u jami bandlikning 27 foizini tashkil qiladi. Shimoliy Irlandiyada an’anaviy ravishda ishchi kuchini saqlash uchun zarur bo‘lgan firmalar quvvatiga ega emas. Britaniyadek iqtisodiy qudratli mamlakat tarkibida bo‘la turib, iqtisodiy o‘sishdan orqada qolgan shimolliklar janub bilan birlashgach qanday rivojlanadi degan savol paydo bo‘ladi?

Irlandiya Respublikasining yalpi ichki mahsuloti 2019 yilning oxirgi choragida oldingi choraklarga nisbatan 1,7 foizga o‘sdi. Yalpi ichki mahsulotning yillik o‘zgarishi 5 foizni tashkil etdi, bu 2019 yilning ikkinchi choragida qayd etilgan 5,1 foizdan 1 foizga kam. 2019 yilning uchinchi choragida yalpi ichki mahsulot 97,410 million dollarni tashkil etdi. «countryeconomy.com»ga ko‘ra, kuchli 50 mamlakat kiritilgan reytingda YaIM ko‘rsatkichlari bo‘yicha Irlandiya 27-o‘rinni egallab turibdi.

Iqtisodiy jihatdan janub shimolga qaraganda yaxshi holatga ega. Bu birlashish yo‘lidagi to‘siq bo‘lib xizmat qilishi hech gapmas. Agar birlashilgan taqdirda Britaniya bilan aloqalarning qonunga muvofiq tartibga solinishi «bo‘lajak irland federatsiyasi»ni qiyin iqtisodiy holatga olib kelishi mumkin.

Xulosa o‘rnida…
«Birlashgan Irlandiya» masalasi yangi o‘n yillikning eng muhim siyosiy voqeasi bo‘lishi mumkin. O‘tgan asrda Germaniya federatsiyasining tuzilishi va Berlin devorining qulashi ham xuddi shunga o‘xshash voqea edi. Bu aytishga oson bo‘lsa ham, yaqin kelajakda irland partiyalari uyushtirajak referendum bilan o‘z tasdig‘ini topishi mumkin. Shuni unutmaslik kerakki, siyosiy evrilishlar har qanday holatda ham nainki Buyuk Britaniya, balki irland xalqlari hukumatlari uchun ham juda qiyin davrni boshlab kelishi mumkin. Endigina «Breksit»dek dahmazadan qutulib, hali nafas rostlashga ham ulgurmagan britan siyosatchilarini yaqin yillar ichida yana bir muammo kutib turibdi:

«Birlashgan Irlandiya orzusi yoxud bitta millat — ikkita mamlakat…».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring