Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Asrab olingan olti nafar ko‘zi ojiz bolalarga «ko‘z» bo‘lgan ota-ona

Asrab olingan olti nafar ko‘zi ojiz bolalarga «ko‘z» bo‘lgan ota-ona

Foto: Mail Online

Virjiniya shtatilik Jo va Karen Bartling turmush qurganlarida, ikkalasi ham katta oilani xohlashdi. Er-xotinning orzusi amalga oshdi, lekin ular tasavvur qilganidek emas. Bundan 35 yil oldin Karenning muvaffaqiyatsiz homiladorligidan so‘ng birgina o‘g‘li tug‘ildi, ya’ni boshqa farzand ko‘risha olishmadi va er-xotin bola asrab olishga qaror qilishdi.

Birinchi asrab olingan qizaloq Janubiy koreyalik Xanna bo‘lib, u ko‘zsiz edi.  1997-yilda Jo va Karen qizni AQShga olib ketishdi. «Bu chaqaloq ko‘r ekanligini va bu hech qachon o‘zgarmasligini anglashimiz uchun bir hafta kerak bo‘ldi»,– deydi Karen nashrlarga bergan intervyusida. Hozir Xanna 28 yoshda, ko‘zi ojizlikdan tashqari, u rivojlanishda muammolarga duch kelmoqda va u o‘z yoshidan kichik ko‘rinadi. Lekin shunga qaramay u juda faol, hatto qo‘shiq aytib videoroliklar oladi.

Xannaning yoshligi.

 Ikkinchi bo‘lajak qizi bilan ular pochta qutisidagi gazeta orqali tanishdi.

Gazetada «ko‘zi ojiz bolalarga ota-onalar kerak» sarlavhasi ostida ayol bo‘lajak qizi Jessini ko‘rdi. Qizning tuqqan onasi Janubiy Koreyadagi kasalxonada qoldirgan. 2002-yilda Karen va Jo uni asrab olishdi. O‘shandan keyin agentliklar va ijtimoiy tashkilotlar ko‘zi ojiz bolalar haqida tez-tez ularga murojaat qilishadigan bo‘lishdi.

Keyinchalik 2004-yilda Ebi oilaga keldi. U Hindistonda tug‘ilgan, politsiyachilar uni axlat qutisidan topgan. Qizda kamdan - kam uchraydigan genetik kasallik freyzer sindromi bo‘lib, uning ko‘zlari shikastlangan va teri bilan qoplangan.

O‘sha yili oilada to‘rtinchi bola – Devid paydo bo‘ldi. Bola bir ko‘zida katarakta bilan tug‘ilgan va ikkinchi ko‘zi g‘ayritabiiy darajada kichik. Uning ota-onasi haqida hech narsa ma’lum emas, bola Xitoydagi hukumat binosi zinapoyasida topilgan. Bartlinglar uning AQShdagi ikkinchi oilasi bo‘lib chiqdi – birinchi asrab olgan ota-onalar ko‘r bolaga g‘amxo‘rlik qila olmasliklarini his qilib qaytarib berishgan.  

Ikki yil o‘tgach, oilada o‘n ikki yoshli Ovid Josia paydo bo‘ldi, u jiddiy miya falaji tufayli intellektual nogiron.

Va bir necha oy o‘tgach, er-xotin oxirgi bolani asrab olishdi. Bu Tailandda 28 haftada tug‘ilgan va erta tug‘ilgan retinopatiya tufayli ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan Betani edi.

Jo va Karen tez-tez ko‘chaga aylanishga chiqishadi. Ba’zida ularning restorandagi to‘lovlari notanish odamlar tomonidan to‘langan bo‘ladi. Shunga qaramay Karen bu oilani boshqalarni rahmini keltiradigan, muhtoj deb hisoblamaydi, ya’ni «oddiy oila», deb hisoblaydi. Xanna qo‘shiq aytadi, Abi Brayl alifbosida kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi, Betani do‘stlari bilan muloqot qiladi va Devid kollejda o‘qimoqda. «Qayerga bormaylik biz doimo odamlarning diqqat-e’tiboridamiz. Bu bizning aybimiz emas, shunchaki biz katta e’tiborni jalb qilamiz», deydi Jo.

Oiladagi barcha bolalar juda mustaqil va ota-onalariga yordam berishga harakat qilishadi.

«Men ovqat pishirishim va kir yuvishim kerak, lekin barcha bolalar uy ishlariga qarashadilar – ular to‘shaklarini yig‘adilar va o‘z vazifalarini bajaradilar. Biz mutlaqo boshqa oilalardek oilamiz»,– deydi Karen.

Hozir er-xotin 65 yoshda. Karenning tan olishicha, yordamchisiz olti nafar ko‘zlari ojiz bolaning onasi bo‘lish oson emas. «Eng qiyin tomoni shundaki, Jessi va Ovid menga yuz foiz bog‘langan – men ularni yuvintiraman, tishlarini yuvaman, ovqatlantiraman, tagliklarini almashtiraman», –deydi Karen. – Bizning yoshimizda do‘stlarimiz nafaqaga chiqqanini, ularning hayotida bizga yetishmayotgan yoqimli voqealarni boshdan kechirayotganini, masalan, nevaralari borligini ko‘ramiz.»

Er-xotinning qondosh o‘g‘lidan nabirasi bo‘lsa-da, ular uchun qarilik boshqacha bo‘lishini tushunishadi: «Bizning har doim qo‘llb-quvvatlashimizga muhtoj bo‘lgan boshqa bolalarimiz bor, ya’ni biz hech qachon «bo‘sh qo‘l bilan bo‘shagan uyda» qolmaymiz, hech qachon nafaqaga chiqmaymiz. Bu qiyin, lekin bu ish bizga zavq va mukofot beradi.»

Jo va Karen o‘zlarini qahramon deb hisoblamaydilar va o‘zlari uchun bunday oilani tanlamaganliklarini ta’kidlaydilar: «bizda og‘ir kun yoki qandaydir qiyinchiliklar bo‘lganida, odamlar bizga «Xo‘sh, siz buni o‘zingiz tanladingiz»deyishadi. Men «Ha, siz haqsiz, men buni o‘zim tanladim», deb aytardim. Ammo men qanchalik yoshim o‘tgan sari bir narsani tushunib yetayapman – men bunday tanlov qilmaganman, bu hayot meni tanladi. Demak men shu vazifani bajarish uchun bu dunyoga kelganman.»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring