Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda ShHT axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish forumi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda ShHT axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish forumi bo‘lib o‘tdi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 26-sentyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida AKT haftaligi doirasida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish forumi bo‘lib o‘tdi.

Foto: «Xabar.uz»

ShHT bosh kotibi o‘rinbosari Sherali Saydamir Djonon, Qozog‘iston raqamli taraqqiyot, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vitse-ministri Asxat Orazbek hamda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashevlar forumni ochib berishdi.

Bu ShHTning axborot texnologiyalari va innovatsiyalarga bag‘ishlangan ilk forumi bo‘lib, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston kabi mamlakatlardan mutaxassislar qatnashdi.

Foto: «Xabar.uz»

Qozog‘istonning taraqqiyotida «Raqamli Qozog‘iston» dasturi juda muhim ahamiyat kasb etdi. Hozir mamlakatimizda 60 dan ziyod elektron sanoat korxonalari bor va ularda 1,5 ming nafardan ortiq muhandislar faoliyat yuritmoqda. Toshkentdagi forumga nafaqat o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashish uchun, balki hamkorlarimizning tajribalarini o‘rganish uchun ham kelganmiz. Fursatdan foydalanib, barchani shu yilning 24-25-oktyabr kunlari Nur-Sultonda bo‘lib o‘tadigan an’anaviy xalqaro «Digital Bridge» texnologik forumiga taklif etmoqchiman.

Asxat Orazbek,
Qozog‘iston raqamli taraqqiyot, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vitse-ministri

Forum yalpi sessiyalar ko‘rinishida davom etdi.

Raqamli iqtisodiyot: raqamli infratuzilma va texnoparklar rivojlanish tendensiyalari va istiqbollariga bag‘ishlangan dastlabki sessiyada O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish muammolari va istiqbollari, davlat sektorini raqamli shakllantirish borasidagi dolzarb vazifalar haqida so‘z bordi.

Foto: «Xabar.uz»

IT-Park biznes tahlilchisi Amir Mardiyev texnoparklarlarning zamonaviy iqtisodiyotdagi ahamiyatini tushuntirib berdi.

Rossiyalik mutaxassis Yaroslav Yolkin esa Markaziy Osiyo mamlakatlarida yo‘ldoshli aloqa vositasida raqamli foydalanish imkoniyatlarini oshirishga to‘xtaldi.

Foto: «Xabar.uz»

Elektron hukumat va aqlli shaharlarni boshqaruvchi intellektual tizimlarini yaratish hamda raqamli qtisodiyotni taraqqiy ettirishga bag‘ishlangan ikkinchi sessiyada xorij tajribasi bilan tanishildi. Dmitriy Karandin (RF hukumati qoshidagi tahlil markazi maslahatchisi) Rossiya elektron hukumati va Smart City loyihalari haqida, koreyalik ekspert Jin Von Xo Janubiy Koreya elektron hukumatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan 5 innovatsion texnologiya to‘g‘risida gapirib berdi.

Shuningdek, Yelena Strijko (Belarus) o‘z mamlakatida elektron hukumat barpo etish bo‘yicha to‘plangan tajribalar, Abduvoitjon G‘afurov («BePro» MChJ rahbari) E-HEALTH — elektron sog‘liqni saqlash tizimi haqida taqdimot qilishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Ulkan ma’lumotlar (BigData) bilan ishlash texnologiyalarining taraqqiyoti, sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyalariga bag‘ishlangan sessiyada davlat boshqaruvida ulkan ma’lumotlardan foydalanish, bu boradagi asosiy muammolar va ularning yechimlari ko‘rib chiqildi.

Forumning 4-sessiyasi axborot xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.

Xorijlik va o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘z chiqishlarida misollar asosida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlashning ayni paytdagi holatini tahlil qilisharkan, bu yo‘nalishda hududiy va xalqaro tashkilotlarning hamkorligi muhimligiga e’tibor qaratishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Sessiyalar yakunlari savol-javoblar, muhokamalarga bag‘ishlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring