Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsion rivojlanish vazirligi Surxondaryodagi maktablarga Q-Box uskunasini o‘rnatmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi Surxondaryodagi maktablarga Q-Box uskunasini o‘rnatmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Surxandaryo tumanidagi 100 ta maktabni o‘rganib chiqib, Q-Box uskunasini qo‘yish imkoniyatlarini aniqladi. 20 dekabr kuni Termez shahrining Soliobod mahallasidagi 6-o‘rta maktabida Q-Box muvaffaqiyatli o‘rnatildi. Yangi yilgacha viloyatdagi 20 ta maktabga mazkur moslama o‘rnatilib, o‘quvchilarga topshirilishi rejalashtirilgan.

Q-Box – respublikamizning chekka hududlaridagi maktablar, kollejlar OTMlar va boshqa ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchi hamda talabalarga Wi-Fi tizimi shaklida ta’lim dasturlarini va ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan ulkan kontentdir. Unga kompyuter, smartfon, planshet, noutbuk orqali Wi-Fi kabi ulanib, o‘zi istagan resurslardan foydalanishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, uskuna internetga ulanmasdan turib, aynan ushbu tarmoq bera oladigan ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi.

Mavjud resurslarning bari maxsus ishchi guruhning tasdig‘idan o‘tgan, tekshirilgan va milliy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan xavfsiz sanaladi. Bundan tashqari, Q-Box’da ingliz, rus, fransuz, nemis, koreys, xitoy va boshqa tillarni o‘rgatuvchi zamonaviy interaktiv kurslar, tarjimonlar, ensiklopediyalar va boshqa kerakli o‘quv kurslari ham mavjud.

Q-Box maktab o‘quvchilarning darslik bilan bog‘liq muammolarini yechishda ham yordam beradi. Chunki unda barcha sinflarga oid kitoblarning elektron nusxasi mavjud. Ma’lumot uchun Internet Q-Box moslamasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy Kutubxonasidagi mavjud adabiyotlarning bosma shaklidagi barcha manbalarini o‘zida jamlay oladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi – EDUBOOK uskunasi bilan maktablarni jihozlashdir. Personal kompyuterlar narxlarining yuqoriligi, ko‘p maktablarda, ayniqsa, qishloq joylarida moddiy-texnik bazaning yetishmasligiga olib kelmoqda. Natijada, bolalarning yuqori texnologiyalar yordamida interaktiv ilm olish jarayoni kechikib, aynan shu sohada rivojlanishda ortda qolmoqdamiz. Arzon va aynan bolalarning ilm olishi uchun moslashtirilgan maxsus dasturli EDUBOOK kompyuterlari ayni muammoni yechishga qaratilgan. Ushbu kompyuterlarda astronomiya, geometriya va chizmachilik, geografiyaga aloqador 3D chizmalar, maxsus labaratoriya ishlari va eng asosiysi, bolalar uchun raqamli kodlash dasturlari o‘rnatilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring