Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Sodiqov: «O‘zbekiston raqamli transformatsiya bosqichiga o‘tdi»

Shuhrat Sodiqov: «O‘zbekiston raqamli transformatsiya bosqichiga o‘tdi»

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 16 sentyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida Aloqa sohasida hududiy hamkorlik (ASHH) Aloqa ma’muriyatlari rahbarlari kengashi hamda ASHH Axborotlashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirish kengashining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi o‘z ishini boshlagani haqida xabar bergandik.

Unda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. Yig‘ilishda AKT vaziri raqamli iqtisodiyot haqida ma’ruza qildi. Bu haqda Qozog‘istondan «Xabar.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Vazirning qayd etishicha, bugungi kunda istalgan mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash va jahon maydonida raqobatdoshligini oshirish ko‘p jihatdan raqamli iqtisodiyotning samarali shakllanishi va rivojlanishiga bog‘liq.

Tabiiyki, raqamli iqtisodiyot turli mamlakatlarda turlicha, raqamli kun tartibining ustuvorliklari va mavjud sharoitlarga asoslanib rivojlanadi.

Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning barcha modellari uchun umumiy xususiyatlar ham bor. Bular — bu raqamli texnologiyalarga innovatsiyalar va katta miqdordagi sarmoyalarni kiritish uchun qulay sharoitlar mavjudligi.

«Ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston raqamli transformatsiya bosqichiga o‘tdi», — dedi Shuhrat Sodiqov.

AKT vazirining ta’kidlashicha, quyidagilar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatorida sanaladi:

  • qonunchilik va ta’lim tizimini takomillashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ushbu sohani jadal rivojlantirish;
  • xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish va zarur ekomuhitni yaratish, shu jumladan yangi «raqamli» loyihalarni ishlab chiqish uchun qulay muhit yuzaga keltirish,
  • texnoparklarni rivojlantirish va venchur moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish. Xususan, joriy yilda O‘zbekistondagi birinchi dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki — IT-Park tashkil etildi. Texnopark o‘z rezidentlariga soliq imtiyozlari va preferensiyalarini taqdim etadi hamda boshlang‘ich loyihalar va dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Bu yerda dastlabki 15 ta startap loyihasi akseleratsiya va inkubatsiya dasturlariga qabul qilindi.
  • Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar davlat axborot tizimlarini joriy etish, davlat organlari va aholi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirchan samarali tizimini yaratish orqali «Elektron hukumat»ning tizimli rivojlanishini ta’minlashga imkon berdi.
  • Xususan, 2016-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali 3,1 milliondan ortiq fuqaroning murojaatlari, shuningdek, tadbirkorlarning 10 mingdan ortiq so‘rovlari (joriy yilning iyun oyidan boshlab) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Virtual qabulxonasi orqali qabul qilindi.
  • Bugungi kunda Yagona davlat xizmatlari portali foydalanuvchilarga 160 dan ortiq onlayn xizmatlarni taqdim etmoqda.
  • Joriy yildan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish bo‘yicha «project.gov.uz» yagona elektron tizimi ishga tushirildi, uning yordamida 1000 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tasdiqlandi.
  • Bugungi kunda mamlakatni raqamli televideniye bilan to‘liq qamrab olish ta’minlandi.
  • «Xavfsiz shahar» loyihasini butun respublika bo‘ylab amalga oshirish: yo‘l harakati qoidalari buzilishi holatlarini videoqayd etish, turar-joy binolari va ijtimoiy ahamiyatga ega ob’yektlarning xavfsizligini monitoring qilish, avtoturargohlar va to‘xtash joylarini tartibga solish kabi ishlar olib borilmoqda.
  • IT-kadrlarni tayyorlash bo‘yicha xorijiy universitetlar bilan hamkorlik kengaymoqda, xususan, Toshkentdagi Inha (Koreya) universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda, bu yil Toshkentda Hindistonning Amiti universiteti ochildi. Shuningdek, TATU hamda Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet tashkil etilib, talabalar qabul qilindi.
Foto: «Xabar.uz»

Shuhrat Sodiqov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston rahbariyati mamlakatda axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qator ustuvor vazifalarni belgilab olgani haqida ham aytib o‘tdi:

- aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va kengaytirishni jadallashtirish, xususan, davlat-xususiy sheriklik asosida keng polosali ulanish yo‘nalishi bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda;

- «Big data», ya’ni katta hajmli ma’lumotlarga ishlov berish va «narsalar interneti», aqlli videokuzatuvlar va jamoat joylarida monitoring tizimini joriy etishni o‘z ichiga olgan «aqlli» va «xavfsiz» shaharlar texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirishni davom ettirilmoqda;

- kelgusi 5 yil ichida dasturiy mahsulotlar eksportini 10 barobarga oshirish, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi axborot texnologiyalari sektorining ulushini kamida 4 foizga ko‘tarish rejalashtirilgan;

- startap loyihalari uchun qulay ekotizimni shakllantirishni davom ettirish, yetakchi texnologiyalar, investitsiya kompaniyalari va moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

ASHHning 55-yig‘ilishi ertaga, 17 sentyabr kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring