Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozodbek Nazarbekov: «Sohani raqamlashtirish korrupsiyaning oldini oladi»  

Ozodbek Nazarbekov: «Sohani raqamlashtirish korrupsiyaning oldini oladi»  

Madaniyat vazirligida ayni paytda ishlab chiqilayotgan yagona axborot tizimi doirasida vazirlik tizimida boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, tizim tashkilotlari pasporti va reytingini shakllantirish, moddiy texnika bazasi hisobini yuritish, inson resurslarini boshqarish, ijodiy faoliyatni tartibga solishga doir yig‘ilish o‘tkazilgan.

Vazir Ozodbek Nazarbekov sohani raqamlashtirish orqali korrupsiyaviy omillarning oldini olish, tizimga doir ma’lumotlarni prognozlashtirish, olingan ma’lumotlar kelgusidagi rejalarni to‘g‘ri shakllantirish imkonini berishini alohida ta’kidladi.

«Agar bu tizim ishga tushsa, qayerda g‘ijjakchi ko‘payib ketyapti, qayerda dutorchilarni tayyorlash oqsayapti, barchasini besh qo‘lday bilishimiz va ushbu ma’lumotlar asosida davlat kvotalari miqdorini shakllantirish mumkin bo‘ladi. Qolaversa, sohadagi vaziyatni oldindan ko‘ra bilish, shunga qarab kelgusidagi rejalarimizni prognozlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi», deya ta’kidladi Ozodbek Nazarbekov.

Yangi tizim to‘liq ishga tushgandan so‘ng respublikadagi barcha musiqa va san’at maktablari, vazirlik tizimidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridagi o‘quvchi hamda talabalar, pedagoglarning tarkibi, ularning erishgan natijalari, qaysi hududda san’atning qaysi turi rivojlanayotganiyu qaysi turi oqsayotganiga doir barcha ma’lumotlardan foydalanish mumkin bo‘ladi.

«Iste’dodlarni turli qing‘irliklar qurboni bo‘lishidan asrab-avaylashimiz kerak. Bu jarayonda esa raqamlashtirishning o‘rni juda muhim. Kelgusida yangi tizim ishga tushgach, hududlarga borib mutasaddilarga eng iste’dodlari yoshlarni ko‘rsating deyishimizga hojat qolmaydi, qo‘limizda bu ma’lumot bo‘ladi. Mas’ullar ham «o‘zinikini» bizga «eng yaxshilar» sifatida taqdim eta olmaydi», ta’kidlaydi madaniyat vaziri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring