Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Notariat, advokatura va davlat xizmatlari sohasida yangi takliflar berildi

Notariat, advokatura va davlat xizmatlari sohasida yangi takliflar berildi

Foto: Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi

Bugun, 14 dekabr kuni Toshkentdagi «Hilton» mehmonxonasiga bir guruh xorijiy hamda mahalliy ekspertlar taklif etildi. Ular «Adliya sohasida raqamlashtirishni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari» mavzusidagi xalqaro konferensiyada o‘z ma’ruzalari, fikr-mulohazalari hamda takliflari bilan qatnashdilar. Bu haqda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi Axborot xizmati xabar berdi.

«...Hozirgi kunda bizda ma’lumotlarni saqlovchi va qayta ishlovchi yagona baza yo‘q. Elektron hukumatga mustahkam poydevor qo‘ymay turib, uning ustiga boshqalarini quravergan bilan kelajakda kutilgan samaradorlikka erisholmaymiz. Shu sababdan muhtaram prezidentimiz 2022 yil birinchi yarmiga qadar Elektron hukumatning yagona ma’lumotlarni qayta ishlash markazini qurib bitkazish hamda unga barcha vazirlik va idoralardagi ma’lum bir tizimlarni bosqichma-bosqich o‘tkazish topshirig‘ini berdilar...», – deydi xalqaro konferensiyada so‘zga chiqqan Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Bahrom Ziyayev.

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti hamda «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur konferensiyada ayni kunda dolzarb bo‘lgan raqamlashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi.

Jumladan, Adliya organlarida raqamlashtirishni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, davlat boshqaruvini raqamlashtirish dasturlarini rivojlantirish ahvoli va istiqbollari, ushbu jarayonda sud-ekspertiza faoliyati, elektron hukumat tizimida Davlat xizmatlari agentligi roli hamda faoliyatni huquqiy tartibga solish, ma’lumotlarni himoyalash, notariat, intellektual mulk sohalarini raqamlashtirish va uning istiqbollari kabi bir qancha yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, shuningdek, mavjud muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.

Yuqori saviyada tashkil etilgan konferensiyada tajribali rahbarlar va mutaxassislar aholi hayot tarzini yanada qulaylashtirishga xizmat qiluvchi takliflari bilan ham o‘rtoqlashdilar.

Xususan, «Elektron hukumat» markazi rahbari Bahrom Ziyayev o‘z taqdimotida Adliya organlari va muassasalarini raqamlashtirish yuzasidan quyidagi takliflarni berdi:

Notariat sohasida 

Notarial harakatlarni masofadan amalga oshirish imkoniyatlarini yaratib, vakolatli organlardagi hujjatlarni faqat elektron hamkorlik orqali olish; ishonchnomalarni elektron tarzda rasmiylashtirish; proaktiv xizmatlarni joriy etish. 

Advokatura sohasida

Litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni elektron tarzda olish; advokatlarni AKTdan foydalangan holda tanlash; advokatlar bilan sud, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa vakolatli idoralar bilan elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; advokatlarning elektron reyestrini yaratish.

Davlat xizmatlari sohasida

FHDYo organlari tizimida nikohni qayd etish va nikohdan ajratish kabi xizmatlarni elektron shaklda qabul qilish va rasmiylashtirish; nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonlarini raqamlashtirish (yo‘llanma va ma’lumot almashinuvi elektron shaklda bo‘lsin); shaxsga doir ma’lumotlar o‘zgarganda proaktiv xizmatlarni joriy etish.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring