Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

255 million so‘mga 15 mingta «UZ» domeni. Bir shaxsga buncha domen nimaga kerak?

255 million so‘mga 15 mingta «UZ» domeni. Bir shaxsga buncha domen nimaga kerak?

Buncha domenni nima qiladi?

Foto: «Sum.edu.pl»

Ushbu haftada g‘alati holat kuzatildi. Odatda bir yillik o‘sishi 5 mingtadan oshmaygan «UZ» hududida bir kunda 15 ming (!) domen ro‘yxatdan o‘tkazildi. Uch yillik ko‘rsatkich  — bir kunda! Fantastika. O‘zi rostdanam bu ro‘y berdimi? Axir, qanday qilib? Keling, vaziyatni oydinlashtirishga urinib ko‘ramiz.

21-dekabr kuni «UZ» domeni ma’muriyati «bir hafta ichida UZ hududida 15 mingta domen ro‘yxatdan o‘tkazilib, rekord darajadagi o‘sish kuzatilgani» haqida xabar tarqatdi.

Ammo ma’lum vaqt o‘tib bu xabar o‘chirib tashlandi. Ma’lumotni ko‘pgina internet nashrlar tarqatishga ham ulgurdi.

«UZ» domeni ma’muriyati 15 ming domen bir hafta ichida ro‘yxatdan o‘tkazildi, deb ma’lumot tarqatgan bo‘lsa-da, aslida ular bir hafta davomida emas, bir kunda rasmiylashtirilgan. Buni quyidagi statistika ma’lumotidan ko‘rish mumkin:

21-dekabr kuni 15 mingdan ziyod domen ro‘yxatga olindi.
Skrin: «cctld.uz»

Uch harfdan iborat barcha kombinatsiyadagi bo‘sh domenlar sotib olingan

Avvalo, «cctld.uz» saytida 21-dekabr kuni ro‘yxatga olingan domenlarni ko‘zdan kechiramiz. Bu sanada «UZ» domenidagi uch harf/raqamdan iborat kombinatsiyadagi barcha bo‘sh domenlar (!) ro‘yxatdan o‘tkazilgan («UZ» hududida uch simvoldan iborat domenlar boshqa qolmadi).

«UZ» hududida uch simvoldan iborat domenlar boshqa qolmadi.
Skrin: «cctld.uz»

Domenlarni katta ehtimol bilan bir kishi (jismoniy shaxs) sotib olgan. Chunki 15 ming domenni ko‘pchilik bir kunda sotib olish uchun minglab shartnomalar tuzilishi lozim. Bir registratorning bir kunda buni amalga oshirishining esa imkoni yo‘q.  Bir shaxsning bitta shartnoma orqali 15 ming domenni sotib olishi esa qiyin emas. Xaridorning jismoniy shaxs ekani shu domenlarning barchasini ro‘yxatga olgan registrator — «SUVAN NET» statistikasida ko‘rinib turibdi. Bir hafta oldin reytingda pastroqda turgan ushbu registrator o‘sha 15 minglik xarid evaziga «Jismoniy shaxslar tomonidan eng yaxshi ro‘yxatga oluvchi» sifatida yaqqol peshqadam bo‘lib olgan:

«SUVAN NET» bir kunda yetakchiga aylandi.
Skrin: «cctld.uz»

Bu bilan qoida buzilmadimi?

«UZ» domenidagi domen nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizomga ko‘ra, har qanday jismoniy va yuridik shaxs millati va yashash joyidan qat’i nazar, «UZ» domenidagi domen nomini ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga ega. Domen nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi bilan ariza beruvchi o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Nizomda bir shaxsning qancha domen sotib olishi bo‘yicha chegara qo‘yilmagan. Lekin nizomning 75-bandida domen nomidan foydalanishda taqiqlanuvchi holatlar ko‘rsatib o‘tilgan. Unda, «kiberskvotting», ya’ni uchinchi shaxs huquqlarini buzgan holda foyda yoki boshqa turdagi afzalliklarga ega bo‘lish, shuningdek, «domen grebbing», ya’ni ko‘p sonli domen nomlarining bir shaxs tomonidan domen nomini ro‘yxatdan o‘tkazishda va foydalanishda sarf etilgan haqiqiy xarajatlardan ancha yuqori narxda potensial manfaatdor shaxslarga ularni qayta sotish... taqiqlanishi qayd qilingan.

Bir shaxsning 15 ming domenni sotib olishini nima keragi bor?

«SUVAN NET»da bitta domenni bir yilga ro‘yxatga olish narxi — 17 ming so‘m. 15000 x 17000 = 255 000 000 so‘m! (Shu narxga bitta avtomobil raqami sotib olayotganlar topilayotgan bir vaqtda, bu xaridni summa jihatidan hayratomuz deb bo‘lmaydi.)

Tabiiyki, 255 million so‘m sarflangani bilan xaridor 15 ming domenning har biriga sayt yarata olmaydi. Unda buncha domen unga nimaga kerak? «Facebook» foydalanuvchilaridan biri bu holatni «kiberskvotting» deb baholagan bo‘lsa, boshqasi O‘zbekistonda ham domenlarning erkin savdosiga ruxsat berilishi (yuqorida keltirilgan taqiqlar olib tashlanishi) haqidagi mish-mishlar tarqalganiga ishora qilgan: 

«Yaqinda erkin savdo boshlanarmush».
Skrin: «Facebook»

Ma’lumotlarga ko‘ra, .com domenida yettita harf/raqamdan iborat kombinatsiyalar to‘liq band qilib bo‘lingan. Ko‘pgina davlatlar domenlarida ham bu holat kuzatiladi. Sayt ochmoqchi bo‘lganlar, uzuuun harfli bo‘sh domen qidirishga majbur bo‘ladi. Qisqa harflardagi domenlar band qilingani uchun, agar u biznes uchun juda ham zarur bo‘lsa, uni egasidan kattaroq summaga qaytadan sotib olishi kerak bo‘ladi.

«UZ» hududida domenlar tanqisligi shu paytgacha kuzatilmagan, hali ham jozibador domen nomlari istalganicha topiladi. Faqat ushbu haftadagi «ommaviy» xarid tufayli, uch harfdan iborat domenni endi ro‘yxatdan o‘tkaza olmaysiz. Vaqt o‘tishi bilan UZ domenida ham qisqa va chiroyli domenlar tanqisligi yuzaga kela boshlaydi. Bu tabiiy jarayon.

Endi agar O‘zbekistonda ham domenlarning erkin savdosiga ruxsat berilsa, o‘shanda 15 ming domenni ro‘yxatdan o‘tkazib olgan kishidan o‘zingizga mos domenni kelishuv asosida sotib olishingiz kerak bo‘ladi (masalan, 17 mingga olingan domenni 100 ming yoki undanam qimmatroqqa). Shu jihatdan, 15 ming domenga 255 million so‘m sarflagan xaridorni kelajakda foyda olish uchun sarmoya kiritgan, deb hisoblash mantiqqa zid kelmaydi. 

O‘tgan yili ham shunaqa bo‘lganmidi?

Bu yerda yana bir masala bor. «SUVAN NET» registratori statistikasida o‘tgan yili ham shu kabi katta sakrash kuzatilgan. Va aynan dekabr oyida! Lekin negadir bir oy ichida statistika yana ortga qaytgan (domenlarni bir oyga sotib olish mumkin emas):

O‘tgan yili ham shu kabi katta sakrash kuzatilgandimi?
Skrin: «cctld.uz»

Bu statistika xatolikmidi, yoki o‘tgan yili ham aynan shunday holat bo‘lganmi, aniq ayta olmaymiz. Chunki yuqoridagi skrin 21-dekabr kuni olingandi, kecha esa «cctld.uz» saytidagi aynan ushbu bo‘lim statistikasi o‘zgarib qolgan:

«Devor qani?» Nega statistika ikki kunda o‘zgarib qoldi?
Skrin: «cctld.uz»

Xullas, bu yerda ham qandaydir jumboq bor. «Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi» filmida Bunsha savol beradiyu: «Devor qani?» 

Tasodifni qarang!

Qizig‘i, 20-dekabr sanasida «Xabar.uz» saytida «Kep qoling, saytimni sotaman!» maqolasi chiqqan, unda UZ hududida domenlar soni o‘sishi sust ketayotgani, Milliy kontent rivojlanishida internetda biznes-loyihalarga yanada ko‘proq qulayliklar yaratilishi zarurligi tahlil qilingandi. Bir kun o‘tib, birato‘la 15 mingta domen ro‘yxatdan o‘tkazilishi — qiziq tasodif bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring