Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘quv muassasalari oldidagi yangi xavf haqida ma’lum qilindi

O‘quv muassasalari oldidagi yangi xavf haqida ma’lum qilindi

Hozirda yoshlar orasida an’anaviy giyohvandlik moddalaridan voz kechib, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar, masalan, «tramadol» va yangi paydo bo‘lgan «tropikamid» dorilarini iste’mol qilish holatlari ko‘paymoqda.

Ushbu xavf global tus olgan. Maktablarni giyohvandlik vositalaridan asrash bo‘yicha yetarlicha xalqaro tajriba ham to‘plangan. Hozirgi paytda o‘quv muassasalarida narkotik va psixotrop vositalar iste’moliga qarshi kurashishda eng ko‘p samara berayotgan bir qator yondashuvlar ishlab chiqilgan. Xususan, ushbu illatning tarqalishidan aziyat chekkan rivojlangan mamlakatlarda quyidagi choralar keng qo‘llaniladi:

  1. Ta’lim va ogohlik. Yoshlarga giyohvandlik vositalarining salbiy oqibatlari va xatarlarini ochiq-oydin tushuntirib beruvchi o‘quv dasturlari joriy etilgan. Shuningdek, bu borada ulkan targ‘ibot kampaniyalari doimiy o‘tkazib boriladi.
  2. O‘ta qat’iy choralar va cheklovlar. Ta’lim muassasalari hududida narkotik va psixotrop moddalar savdosi, iste’moli va tarqatilishiga qarshi keskin jazo choralari belgilangan. Shuningdek, muntazam ravishda maktablarda tasodifiy tanlov asosida tekshiruvlar o‘tkaziladi.
  3. Qo‘llab-quvvatlash va ko‘mak. Yoshlar o‘z muammolarini ochiq ayta olishi uchun qulay va anonim muhit yaratilgan.
  4. Ota-onalar ishtiroki. Ota-onalarga atroflicha ma’lumot berish va keng jalb qilish maqsadida ular uchun maxsus uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazib boriladi, giyohvandlikka doir mavzularda o‘qituvchi – o‘quvchi – ota-ona ishtirokida ochiq kommunikatsiya yo‘lga qo‘yiladi.
  5. Boshqa yo‘nalishlarda faollik. Yoshlarni turli illatlardan asrash uchun sport, san’at, ilm-fan sohalaridagi faollikka alohida ahamiyat beriladi. 
  6. Jamiyatning jipslashuvi. Muammo o‘ta jiddiy bo‘lganligi sababli huquqni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, mahalliy tashkilotlar hamda nodavlat tashkilotlar bu boradagi say’-harakatlarini birlashtirgan.

Bunday chora-tadbirlarning ko‘pchiligi mamlakatimizda ham yo‘lga qo‘yilgan, qo‘yilmoqda. Biroq, jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, yangicha yondashuvlar va yechimlardan foydalanish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Eng muhimi, aslo to‘xtamaslik zarur. Chunki real xavf bor va u bir kunda yo‘qolib ketmaydi. Bunga qarshi ota-onalar ham, davlat tashkilotlari ham, jamiyat ham qat’iy kurashishi, hamisha xushyor bo‘lishi lozim.

Ma’lumot o‘rnida: Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, respublikamiz bojxonachilari tomonidan 2023 yil hamda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 596 ta qonunbuzilish holatlarida umumiy og‘irligi salkam 9,5 tonna giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi aylanmasiga o‘z vaqtida chek qo‘yilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring