Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jizzaxda o‘quvchilarni jazolagan o‘qituvchining ishi o‘rganilmoqda

Jizzaxda o‘quvchilarni jazolagan o‘qituvchining ishi o‘rganilmoqda

Foto: Google.com

Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida olingan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda. Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati bu borada quyidagilarni ma’lum qiladi.

Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasining 2019 yil 18 noyabrdagi 173-sonli buyrug‘i bilan tezkor ishchi guruhi tuzilib, bugungi kunda Sh.Rashidov tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida xizmat tekshiruvi ishlari olib borilmoqda.

Yukorida ta’kidlab o‘tilgan maktabning 8-«V» sinf rahbari Ziyat Pardayev 2019 yilning 22 oktyabr kuni o‘zi rahbarlik qilayotgan sinf o‘quvchilari Nazarqulov Umurzoq, Ravshanov Og‘abek hamda Ishpo‘latov Sheralilarni sababsiz darsga qatnashmasdan ko‘chada yurganligini aniqlagan. Shundan so‘ng, sinf rahbari Ziyat Pardayev o‘quvchilarni mashinasida ko‘chadan olib kelgan hamda sinfga olib kirib pedagoglarga xos bo‘lmagan hatti-harakatlar bilan jazolagan.

Maktabning 8-«V» sinf o‘quvchilarning 2019-2020 o‘quv yili 1-choragi davomati o‘rganilganda, sinf rahbari tomonidan jazolangan o‘quvchilar muntazam ravishda dars mashg‘ulotlariga kechikib kelishlari va sababsiz dars qoldirishlari ma’lum bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan videolavha bo‘yicha maktab jamoasi, ota-onalar qo‘mitasi, kuzatuv kengashi a’zolari hamda o‘qituvchilar bilan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi.

Ushbu holat yuzasidan Sh.Rashidov tumani ichki ishlar bo‘limi hamda tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring