Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hanns Zaydel jamg‘armasi ta’lim va malaka oshirish imkonini taklif etmoqda

Hanns Zaydel jamg‘armasi ta’lim va malaka oshirish imkonini taklif etmoqda

Hanns Zaydel jamg‘armasi Germaniyada tahsil uchun taqdim etadigan stipendiyalardan o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar ham foydalanishi mumkin. Bu haqda jamg‘armaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ofis rahbari Javhar Do‘stov 14 dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi.

«Hanns Zaydel jamg‘armasi Germaniyada bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qishni xohlovchi xorijlik talabalarga stipendiyalar taklif etadi. Germaniya universitetlariga o‘qishga kirgan talabalar Hanns Zaydel jamg‘armasidan oylik stipendiya, tibbiy sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lov, bolali oilalar esa nafaqa ham olishlari mumkin», – deydi Hanns Zaydel jamg‘armasining yurtimizdagi vakolatxonasi ofis rahbari.

Stipendiyalar uchun har yili ikki marta (15 iyundan 15 iyulgacha va 15 dekabrdan 15 yanvargacha) arizalar qabul qilinadi.

«Ko‘plab chet ellik talabalar Hanns Zaydel jamg‘armasi stipendiyalariga sazovor bo‘lgan. Siz ham ulardan biri bo‘lishingiz mumkin!» – deya yurtimiz yoshlarini faollikka undadi Javhar Do‘stov.

Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi matbuot kotibi Ma’rufjon Jumayevning ma’lum qilishicha, Germaniya jamg‘armasi o‘zbekistonlik davlat xizmatchilari malakasini oshirish bo‘yicha ham loyihalarni amal oshirmoqda. Masalan, 2024 yilda Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi bilan hamkorlikda shu yo‘nalishda qo‘shma o‘quv dasturi tashkil etiladi. Dasturning Germaniya bilan bog‘liq barcha xarajatlari (20 nafar tinglovchi aviachiptasi, stajirovka o‘tash, Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi ekspertlarini jalb qilish) jamg‘arma tomonidan qoplanadi.

Hanns Zaydel jamg‘armasi va Davlat boshqaruvi akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik 2019 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Bunda asosiy e’tibor davlat boshqaruviga ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlash, davlat xizmatchilari malakasini oshirish va stajirovkalar tashkil etishga qaratilmoqda. Hozirga qadar tashkil etilgan seminar-trening va o‘quv dasturlarida minglab davlat xizmatchilari, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etgan.

Hanns Zaydel jamg‘armasi (Hanns-Seidel-Stiftung) Germaniyadagi ijtimoiy-siyosiy va ta’lim sohasidagi eng yirik fondlardan biri bo‘lib, «Tinchlik, demokratiya va taraqqiyot xizmatida» shiori ostida 1967 yildan beri faoliyat yuritadi. Tuzilma Bavariya federal yerining sobiq rahbari Hanns Zaydel nomi bilan atalgan.

60 dan ziyod davlatda o‘z vakolatxonasiga ega jamg‘arma davlat boshqaruvi, siyosiy ta’lim, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhit muhofazasi va ekologiya yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi.

Jamg‘armaning yurtimizdagi vakolatxonasi 2021 yildan buyon faoliyat yuritadi. Jamg‘arma Davlat boshqaruvi akademiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi va boshqa davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Hanns Zaydel jamg‘armasi taklif etayotgan stipendiyalar va malaka oshirish dasturlari haqida uning rasmiy saytidan batafsil ma’lumot olish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring