Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ADUda talabalar uchun QR kodli elektron kutubxona ishga tushirildi

ADUda talabalar uchun QR kodli elektron kutubxona ishga tushirildi

Foto: Andijon davlat universiteti matbuot xizmati

Andijon davlat universitetida ta’lim yo‘nalishlari kesimida fan dasturlarida ko‘rsatilgan o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash masalasiga zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda yechim topilmoqda.

Universitetda bugungi kunda 36 ta ta’lim yo‘nalishida 1500 dan ortiq fan mavjud. Talabalarning ushbu fanlar bo‘yicha adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida fan dasturida ko‘rsatilgan asosiy adabiyotlarni, kamyob kitoblar va fan uchun zarur o‘quv materiallarini elektron ko‘rinishga keltirish bo‘yicha tizimli ravishda ishlar tashkil etildi.

Hozirda www.kutubxona.adu.uz platformasi ishga tushirilib, unda 1200 dan ortiq fandan 3500 dan ortiq asosiy o‘quv adabiyotlari elektron shaklda joylashtirilgan. Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘nalishlar kesimida adabiyotlar jamlanib, ularni QR kod yordamida ko‘chirib olish imkoniyati yaratildi. QR kodli kutubxonalar universitet kutubxonasiga hamda har bir ta’lim yo‘nalishi tahsil oladigan binolarga joylashtirilgan bo‘lib, talabalar o‘quv binosidan chiqmasdan asosiy o‘quv adabiyotlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ldi.

Foto: Andijon davlat universiteti matbuot xizmati

Hozirgi kunda yurtimizda koronavirus epidemiyasi sabab ta’lim muassasalariga ta’til berilishi natijasida talabalarning mustaqil ta’lim olishlari, masofadan turib o‘qitilishi asosiy talabga aylandi. Ayni vaqtda bunday QR kodli kutubxonalar talabalarning kitobga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda katta foyda beradi.

Shuningdek, www.kutubxona.adu.uz saytida aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishi talabalari uchun laboratoriya mashg‘ulotlari videolavhalari va audiokitoblar ham mavjud bo‘lib, bu masofadan turib o‘qish uchun katta qulayliklar yaratadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, mutaxassislik kafedralarning professor-o‘qituvchilari tomonidan darslarning asosiy mazmunini tashkil etuvchi qisqa shakldagi 50 dan ortiq videodarslar tayyorlanib, universitetning Youtube.com dagi kanaliga joylab borilmoqda. Bundan tashqari har bir akademik guruh uchun telegram ijtimoiy tarmog‘ida superguruh ochilib, unga dars o‘tuvchi o‘qituvchilar va guruh talabalari a’zo bo‘lishi tashkil etildi. Talabalarga superguruhlarda kundalik dars jadvallari asosida virtual muhokamalar tashkil etilib, tayyorlangan elektron va videodarslar taqdim etib borilmoqda. Berilgan materiallar yuzasidan savol-javob va fikr almashuvlar o‘tkazilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring