Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Hamdam: Ohangsizlik – ruhbuzar nag‘malar bizni boshqarmoqda

Ulug‘bek Hamdam: Ohangsizlik – ruhbuzar nag‘malar bizni boshqarmoqda

foto:fonstola.ru

Musiqa, qo‘shiq...  Xullas, ohang... U zamonaviy inson hayotida qanchalar o‘rin tutadi? Jiddiyroq o‘ylab ko‘rganmisiz? Masalan, men o‘ylab turaman. Chunki yoshligimdan musiqaga, qo‘shiqqa oshno bo‘lib ulg‘ayganman. Otamga rubob oldirganman, to‘garaklarga qatnaganman. Maktab tadbirlarida hatto qo‘shiq ham aytganman. Lekin eng baland pardalarni, avjni, masalan, Sherali Jo‘rayevdek ololmaganim uchun «mendan qo‘shiqchi chiqmaydi!» deya bu ishga nuqta qo‘yganman. Endi hozirgilarga qarasam, kuylash uchun baland ovoz kerak emasdek. Umuman ovozi «yo‘q»lar ham qo‘shiqchi, hatto yulduz. Menda esa tuzukkina ovoz bor edi. Hatto Rubobni ham durust chalardim.

Esimda, Turkiyada o‘qib yurgan kezlarim, yotoqxonada, o‘z xonamda hech kim yo‘g‘ida gitarani rubobga o‘xshatib, yurtimizda qalbimga singib ketgan qaysidir bir kuyga o‘zimdan ul-bul qo‘shib, ermak qilib chalib o‘tirsam, qo‘shni xonadan buni eshitgan bir turk talaba yigit eshik chertib keldi-da, «Vallohi, bu kuyni yaratgan millatni yengib bo‘lmaydi!» deb yuborgandi. Qiziq, bu kuyni yaratgan paytda xalqimiz qanday holda ekan – ozodmikan yoki qul?..

Endi hozirgi tajribamdan kelib chiqib aytsam, qo‘shiqchilik bobida o‘zimga talabni juda baland, hatto eng balandini qo‘ygan ekanman o‘shanda. Qolaversa, adabiyotga bo‘lgan muhabbatim hammasidan kuchli edi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, bu muhabbatni faqat yorga bo‘lgan muhabbatga qiyoslash mumkindir, ehtimol. Ha, men uchun birlamchi – adabiyot edi. Axir, unda o‘sha ohang ham, o‘sha qo‘shiq ham, o‘sha hayot ham bor edi-da!..

Xo‘sh, men bularni nima uchun yozyapman? Ohang haqida gapirishga ozgina ma’naviy haqqim bordir, deya o‘zimga o‘zim uqtirmoqchiman. Magar shunday haq bo‘lsa, u holda hozir sizga aytmoqchi bo‘lgan gapimning po‘stkallasi – «bugun zamonaviy ohang sizu bizning ong va qalblarimizga qanday ta’sir qilyapti?» degan savol atrofida bo‘ladi.

Xullas, atrofimizni kuy, qo‘shiq, nag‘ma va shovqin bosib ketdi. Ayniqsa, kliplar juda urf bo‘ldi. Men bu yerda hamma narsadan avval ana shularning OHANGi haqida to‘xtalmoqchiman. Imkon topsak, matn, manzara, mavzu haqida ham gaplasharmiz.

Shunday qilib, OHANG! Bugun televideniye, radio, internet, disk, fleshka va boshqa texnika vositalarida elga tarqatilayotgan kuy-qo‘shiqlarning ohangi qanday? Va u nimalarga qodir?.. Kuzatishimcha, bugun u juda katta ijtimoiy-siyosiy va psixologik kuchga ega bo‘lib ulgurdi. Boshqacha aytsam, OHANG ODAMLARNI BOShQARYaPTI! Qanday deysizmi? Qulog‘ingiz orqali miyangizga kirayotgan ritm, takt orqali. Ana, supermarketlarda taraladigan musiqa va hid vositasida inson kayfiyatiga ta’sir qilib, uni ko‘proq xarid qilishga undalinayotgani haqida olimlar bong urishmoqda. Endi bugun chor-atrofimizni bosib ketgan maza-matrasiz, qiyofasiz, dardsiz nag‘malarning botinimizga, so‘ng butun boshli hayot tarzimizga ta’sir qilmaydi deb ayta olamizmi?.. Menimcha, yo‘q! Ommaviy madaniyat nafaqat kiyinish, muomala, ovqatlanish, o‘zni tutish tarzida namoyon bo‘ladi, balki musiqa va qo‘shiqlarda ham o‘zini baralla namoyish etadi, etmoqda. E’tibor bergan bo‘lsangiz, taxminan 2000 yildan bu yonda paydo bo‘layotgan kuy-qo‘shiqlarning aksar qismida (ta’kidlayman, hammasida emas, ko‘pchiligida!) dard yo‘q. «Nega?» deymiz o‘zimizga o‘zimiz savol berib. Balki odamlarning hayoti birmuncha qulaylashgandir. Komfort! Dardli ohang darddan tug‘iladi-da! Bugungi ohang, to‘g‘rirog‘i, uning buzilishi zamonaviy inson hayotining aks-sadosi! Odam bolasi komfort hayotga talpinyapti, erishyapti, bas, u bastalayotgan kuy-qo‘shiq ham shunga yarasha yengil tortyapti... Balki masalaning yana boshqa sabablari bordir. Bilmadim...

Xullas, ruhni tarbiyalovchi ohangdan mahrum, agressiv, pala-partish, o‘xshovsiz nag‘ma bugun butun dunyoni bosdi va mening kuzatishimcha, uning zarari ommaviy qirg‘in keltiruvchi qurollardan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, aslo kam emas. Chunki u sekin-asta ichimizga g‘imirlab kirib boryapti, ongimiz va qalbimizni zaharlayapti. Bas, o‘sha qirg‘in qurollarini otishga ruxsatni bergich kuchlardan biri ham aynan ohang, to‘g‘rirog‘i, ohangsizlik bilan bog‘liq bo‘lsa, ne tong!.. Oshirib yubordingiz, yoqmasa, ana, eshitmang, deysizmi?.. Buning iloji yo‘q. Eshitmaslik uchun bugun yorug‘ olamni tark etish kerak bo‘ladi. Boshqa chorasi yo‘q. 1990 yil edi, adashmasam. Biz, talabalar paxta terimida, daladamiz. Havoda o‘sha paytda endi-endi urf bo‘layotgan maza-matrasiz nag‘malar yangrayapti. Qayerdan bo‘lardi – ochiq dalada yurgan hali u, hali bu mashinadan, ularning magnitafonidan-da. Xullas, vaziyatga qarab turish uchun biriktirilgan o‘qituvchi, adabiyotshunos, notiq Rahmon Qo‘chqor dalaga paxta ko‘chatlaridek sochilib ketgan talabalar bilan bir-bir gaplashib o‘tib ketar ekan: «Jin ursin, shu qo‘shiqlar rosa jonga tegdi-yu!» deya o‘z noroziligi izhor qildi. Men ham javoban nimalardir dedim. Shu, oradan bir haftalar vaqt o‘tdi. Rahmon aka dala aylanib yurar ekan, tuyqus uning o‘zi xuddi o‘sha, o‘zi tanqid qilgan nag‘mani zamzama qilib ketayotganini eshitib qoldim: «Iya, Rahmon aka, o‘zingiz so‘kib, o‘zingiz xirgoyi qilyapsizmi?!» desam, «Ha, endi nima qilay! Kunda besh-o‘n martadan qulog‘ingizga kiravergandan keyin istar-istamas o‘shani xirgoyi qilar ekansiz-da!» deb javob berdi. Bu safar u nafaqat nag‘madan, balki o‘zidan-da norozi edi.

Bas, shu misolda barchasi ayon: ko‘zimizga ko‘rinayotgan negativ manzaralardan, qulog‘imizga chalinayotgan ruhbuzar nag‘malardan juda-juda ehtiyot bo‘lish kerak. Insonni buzish uchun boshqa narsa o‘ylab topishning hojati yo‘q – shularning o‘zi yetib ortadi.

Ohangdor suzar jahon

Abadiyatga tomon,

deb yozgandi o‘z vaqtida o‘zbek simvolistik she’riyatini avj nuqtalarga olib chiqqan shoir Oybek. Shoirning qalb quloqlari jahonning «yurishi»da teran bir ohangni ilg‘agan edi. Oybeklar qoldirgan meros ham ana shu ohangga suyanar edi. Shuning uchun ham Oybek mansub adabiyotdan sotsialistik g‘oyaga xizmatni soqit qilsangiz, ostida yorug‘ bir manzara qoladi. Va u hayotga, hatyoparastlikka xizmat qiladi. Biroq ohangsizlik yoki agressiv ohang hayotda ham, san’atda ham negativ oqibatlarga yetaklashi shubhasiz. Chunki hayot bu muayyan unsurlar orasidagi muvozanat degani. O‘lim esa ana shu muvozanatning buzilishi. Shu ma’noda, ta’bir joiz esa, aytish mumkinki, ohang hayotning, ohangsizlik esa o‘limning ramzidir. Adolf Gitlerning agressiv kuylarni yoqtirishi haqida o‘qiganingiz bordir sizning ham. Qarang, biz mensimay qaraydiganimiz ohang, to‘g‘rirog‘i, uning buzilishi, agressiv tus olishi inson psixikasiga, keyin dunyoqarashiga qanday ta’sir qiladi ekan...

«Biz, ya’ni o‘zbek jamiyati bular haqida yetarlicha bosh qotiramizmi?...»deb o‘ylab qolaman ba’zan. Axir, atrofimizni ohangsizlik bosib ketdi-ku!.. Savolga «Bir gap bo‘lar» deya javob bersak kerak, yana o‘zimizga xos va mos tarzda. Men javobning ma’nosini chaqib berishim mumkin: faqat yomon bo‘ladi!..

Bas, shunday ekan, vaqtning borida ohangsizlikka emas, balki o‘zida uyg‘unlikni mujassam etgan ohangga xizmat qilish haqida o‘ylab ko‘rish kerak – hayotda ham, adabiyotda ham...

                                                     Ulug‘bek Hamdamning facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring