Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putin urushda yadro qurolini ishlatishi mumkinmi?

O‘tgan 10 kun ichida dunyo sahnasida ko‘plab siyosiy voqealar ro‘y berdi. Xususan, AQSh prezidenti Jo Bayden bir chiqishida Rossiya Ukrainadagi urushda yadroviy qurolni qo‘llashi tobora reallikka aylanib borayotgani aytdi. Ukrainaning dastlabki qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida turli xabarlar tarqaldi. 19-iyun kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rasmiy tashrif bilan Penkinga keldi va Xitoy raisi bilan uchrashdi.

«Xabar.uz» yuqorida sanab o‘tilgan mavzularda nashrning doimiy eksperti Shuhrat Rasul bilan suhbatlashdi.

– Shuhrat aka keling, suhbatimiz boshida Ukrainada kechayotgan urush haqida gaplashsak. Hozir Ukrainada vaziyat qanday? Urush qanday kechmoqda?

– Joriy yilning iyun oyining boshidan boshlab, Ukraina armiyasi qarshi hujumni boshladi. Esingizda bo‘lsa, biz siz bilan fevral oyida suhbat qilganimizda, yoz oyining boshida Ukraina armiyasi qarshi hujumni boshlaydi va bu hujum Berdyansk proti va Melitopol shahriga qaratilgan bo‘ladi, deb prognoz qilgan edik. Chunki Ukraina armiyasi bu ikki hududni egallasa, Qrim yarim oroli operativ qurshovda qoladi. Agar Qrim ko‘prigi portlatib yuborilsa, orol strategik qurshovda qoladi. Hozir aynan shu ssenariy bo‘yicha urush boshlandi.

Lekin ayrim OAVlar Ukraina boshlagan qarshi hujumni turlicha talqin qilmoqda. Ayniqsa, Rossiya matbuoti Ukrainaning qarshi hujumi to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchradi, deb yozmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshlagan qarshi hujumda Ukrainaning 245 ta tank va 450 ta zirhli transportlar yo‘q qilinganini aytdi. Ayrim G‘arb matbuoti ham Ukrainaning qarshi hujumi muvaffaqiyatli bo‘lmaganini yozdi.

Bir narsani eslab olsak, hozir gap XXI asr urushi haqida ketmoqda. Rossiya akademiyalari va generallari urushda asosan Ikkinchi jahon urushi uslubidan foydalanadi. Ukraina esa NATO uslubida urush olib bormoqda. Zamonaviy urush bu – mobil urush. Bunda urush rota-taktik guruhlari, batalon-taktik guruhlari o‘rtasida kechadi. Bunday uslubda urush olib borayotgan tomon uzoq vaqt davomida, bosqichma-bosqich hududlarni egallaydi.

Ukrainada faol urush harakatlari yoz va kuz oylarigacha davom etadi. Ukraina hozir juda ehtiyotkorlik bilan, yetti o‘lchab, bir kesib hujum qilmoqda. Ukraina bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ular juda kam talofot ko‘rmoqda.

– Bunga qanchalik ishonsa bo‘ladi?

– Bunga ishonish mumkin. Sababi, XXI asr urushi – bu artilleriya urushi. Artilleriya janglarida Rossiya armiyasi mutlaq qoloq ekanligini namoyish qildi. NATO standartlaridagi to‘plar 40 kilometr uzoqlikdagi nishonni yo‘q qila olsa, rus artilleriyasi esa 18-20 kilometr uzoqlikdagi nishonni yo‘q qiladi. Ya’ni, Rossiya artilleriyasining otish masofasi qisqa va mo‘ljalga aniq urush samaradorligi past. Shu mantiqdan kelib chiqsak, bu yerda XX asr armiyasi bilan, XXI asr armiyasi urishayotganini ko‘rishimiz mumkin.

– Hozirda Rossiya va Ukraina armiyasining maqsadlari qanday bo‘lishi mumkin?

– Agar Rossiya kuchlari Ukraina armiyasini Azov dengiziga chiqishiga yo‘l qo‘ymasa, Rossiya durangga intiladi. Bu Rossiya uchun g‘alabadek gap!

– Azov dengizi shunchalik muhim nuqtami?

– Agar Ukraina armiyasi Azov dengiziga yetib borsa, Qrim orolini qamal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qrim yarim orolidagi Rossiya kuchlari uzoq muddatli qamalga dosh bera olmaydi. Chunki orol juda katta emas. Ukraina artilleriyasi Qrim yarim orolini bemalol o‘qqa tuta oladi. Agar shunday bo‘lsa, Rossiya orolni tashlab chiqishga majbur bo‘ladi.

– Putin taktik yadro qurolini Ukrainaga qarshi ishlatishi mumkinmi?

– Esingizda bo‘lsa, yadro urushi xavfi o‘tgan yilning oktyabr oyida juda kuchayib ketgan edi. O‘shanda butun dunyo qo‘rqib qolgandi. Shundan keyin bu mavzu biroz sovib qoldi. Ammo Sankt-Peterburgda o‘tgan iqtisodiy forum vaqtida Putin «biz kerak bo‘lsa, yadro qurolidan foydalanishimiz mumkin», deb aytdi. Bu gapdan 3 kun o‘tib, AQSh prezidenti Jo Bayden «Rossiyaning Ukraina urushida yadro qurolidan foydalanishi reallikka aylanib bormoqda» dedi. Bu mavzu 6 oydan beri tilga olinmay kelinayotgan edi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Putin juda jazavaga tushib, yadro qurolini ishlatishini aytganida, G‘arb Putinga javob tariqasida, agar Rossiya yadro qurolini ishlatsa, Putinning o‘zini nishonga aylanishini aytgan. Shundan keyin yadro mavzusi yopilgandi. Lekin bu mavzuning yana tilga olinishi biroz shubhali. Shaxsan men yadro urushi bo‘lishiga ishonmayman.

Hozirda AQSh prezidenti Jo Baydenning atrofida 2 ta guruh bor. Masalan, prezident yordamchisi Jeyk Sallivan va MRB direktori Uilyam Byorns urushni tugatish tarafdori. Tashqi ishlar vaziri Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini to‘liq amalga oshirish tarafdori. Menimcha, Sallivan bilan Byorns Baydenga Putinning gaplarini biroz bo‘rttirib yetkazgan bo‘lishi mumkin. Lekin prezident Ukrainaga boshqa harbiy yordam ko‘rsatilmasligi haqida gapirmadi.

– Putin yadro qurollarining bir qismi Belarusga yetkazilganini aytdi. Haqiqatdan ham Rossiya Belarusga taktik yadro bombalarini yetkazgan bo‘lishi mumkinmi va bu qanchalik xavfli?

– Ha, yetkazilgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu unchalik xavfli emas. Chunki Belarus G‘arbiy Yevropadan ancha sharqda joylashgan. Rossiyaning Kaliningrad shahri Belarusdan ko‘ra G‘arbiy Yevropaga yaqinroq. Rossiya u yerga ham yadro raketalarini joylashtirgan. Shuning uchun Belarusga strategik yadro qurollarining joylashtirilishi Yevropadagi strategik muvozanatga ta’sir ko‘rsatmaydi.

 Ko‘pchilik insonlar urush tugasa, hamma narsa oldingidek o‘z o‘rniga qaytadi, deb o‘ylamoqda. Agar sulhga kelishilsa, Rossiya Ukrainaga kontributsiya (mag‘lub tomonning g‘olibga tovon to‘lashi)  to‘lab berishi shart bo‘ladi. Chunki buni G‘arb va Ukraina talab qiladi. Mutaxassislar Ukrainaning urushda ko‘rgan zararini 1 trillion dollar miqdorida baholadi. Rossiya bu zararni to‘lab berishga majbur qilinadi. Agar Rossiya bu zararni to‘lamasa, unga nisbatan e’lon qilingan sanksiyalarni birontasi yechilmaydi.

Sanksiyalarning ta’siri yildan-yilga kuchayib boradi. Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalarning iqtisodiy samarasi endi ko‘rina boshlaydi. Haqiqiy inqiroz Rossiya oltin valyuta zaxirasining tugashi bilan boshlanadi. Putin hokimiyatda qolsa, G‘arb bilan boshqacha ohangda gaplashishiga to‘g‘ri keladi.

– «Vagner» xususiy armiyasi rahbari Yevgeniy Prigojin bir necha marta chiqish qilib, Rossiya mudofaa vaziriga nisbatan o‘z noroziliklarini o‘ta qattiq ohangda aytdi. Bu noroziliklar Rossiyaning ichida o‘zaro ziddiyatlar borligini ko‘rsatib qo‘ymayaptimi?

 – Albatta, bu ziddiyatlar bor va ular chuqurlashmoqda. Eng yomoni, prezident Putin har ikki tomonni yarashtira olmaydigan holatga kelgan. Uzun quloq gaplarga qaraganda, Prigojinning ortida juda qudratli shaxslar turibdi. Bu – parokandalik. «Vagner» xususiy armiyasi Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishdan bosh tortdi. Agar Putin hokimiyatdan ketsa, mana shu ikki tomon bir-biri bilan urishib ketadi. Bu bitta Prigojin va Shoygu shaxsiga bog‘liq emas, bu yerda manfaatli guruhlar bor.

– Mana shunday ichki ziddiyat natijasida Rossiya parchalanib ketishi mumkinmi?

– Bunday ehtimollik bor. Iqtisodiy sanksiyalar yechilmasa, urush cho‘zilaversa Rossiyaning parchalanib ketish ehtimoli oshib boraveradi.

– Joriy yilning 19 iyun kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rasmiy tashrif bilan Penkinga keldi va Xitoy raisi bilan uchrashdi. Bu nimani anglatadi?

– AQSh tashqi ishlar vaziri Entoni Blinkenning Xitoyga tashrifi fevral oyida rejalashtirilgan edi. Biroq AQSh hududida Xitoyning havo shari urib tushirilganidan so‘ng, bu tashrif ortga surib kelindi. Bundan tashqari, Xitoy Tayvan oroli atrofida katta harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi. AQSh buni maqsadli eskalatsiya deb qabul qildi. Shu sababli Bilinkenning Xitoyga safari kechikdi.

Ko‘pchilik, Blinken Xitoy raisi bilan asosan Ukraina urushini muhokama qilgan, deb taxmin qilmoqda. Aslida esa unday bo‘lmadi. Bu yerda asosiy gap AQSh va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar haqida bordi. Chunki Xitoy va AQSh o‘rtasida yechilmagan chigalliklar bor. Ushbu uchrashuv davomida AQSh uchun Ukrainadan ko‘ra, Tayvan masalasi muhimroq ko‘rindi.

Entoni Blinken bilan uchrashuvda Xitoy rahbari Rossiyaga hech qanday ko‘rinishda harbiy yordam bermaslik majburiyatini oldi. Lekin asosan AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy masalalar muhokama qilindi. Hozir bu ikki davlat bir-birini dunyoda birinchi va ikkinchi o‘rinda turuvchi mamlakat deb tan oldi. 2022 yilda Indoneziyada o‘tgan sammitda Jo Bayden va Si Szinpin shunga kelishdi. Chunki Xitoy va AQSh iqtisodi bir-biriga juda ham chambarchas bog‘liq.

Ikki davlat o‘rtasida bir yilda 800 million dollarlik mahsulot ayri boshlash bor. Xitoy va AQSh tez-tez janjallashib, lekin ajrasha olmaydigan er-xotinga o‘xshaydi. Ular o‘zaro kelishishga mahkum. Agar AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar uziladigan bo‘lsa, Amerika iqtisodi ham, Xitoy iqtisodi ham qaqshatqich zarbaga uchraydi.

– Uchrashuv davomida Si Szinpin Blinkenga Xitoy Qo‘shma Shtatlar manfaatlarini himoya qilishini ta’kidlab, Vashingtondan ham Xitoy manfaatlariga zid ish tutmaslikni so‘radi. Bu nima degani?

– Bilasizmi, Xitoyni iqtisodiy masalalarda AQSh oldida zaif tomonlari bor. Xitoy AQShning IT texnologiyalariga muhtoj. O‘tgan yili Amerika hukumati mikrochiplarni sotish bo‘yicha Xitoyga embargo qo‘ydi. Bundan tashqari, Gollandiya va Yaponiyaga bosim o‘tkazib, ularga mikrochiplarni Xitoyga sotmaslikni talab qildi. Xitoy raisi shuni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Sababi, busiz Xitoy smart texnologiyalari bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or davlatiga aylana olmaydi.

AQSh Xitoy bilan har safar kuch mantig‘i bilan gaplashishga harakat qiladi. Entoni Blinkenning Xitoy raisi bilan uchrashuvi rejada yo‘q edi. Lekin Si Szinpin Blinkenga hurmat bildirib, uni qabul qildi. Bundan tashqari, Xitoy tashqi ishlar vaziri AQShga taklif qilindi. Ikki o‘rtada katta kelishuvlar bo‘ldi. Ammo bir kundan keyin Jo Bayden Xitoy rahbarini diktator deb atadi.

– Jo Bayden bu gapi bilan Xitoy bilan kelishuvlarni yo‘qqa chiqarib qo‘ymadimi?

– Shuncha kelishuvlardan keyin bunday gap aytish juda noto‘g‘ri ish. Ammo yuqorida aytganimdek, AQSh va Xitoy o‘zaro janjallashib, lekin ajrasha olmaydigan er-xotin. Ular urishib, yarashib ham olaveradi.

Sardor ALI suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring