Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti a’zosi bo‘lishiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman!» JSTda ishlayotgan ilk o‘zbek bilan suhbat

«O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti a’zosi bo‘lishiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman!» JSTda ishlayotgan ilk o‘zbek bilan suhbat

Nosirxon G‘ozixonov.

Foto: «Xabar.uz»

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihamiz orqali «jahon davlatlari bo‘ylab sayohat»ni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Yevropaning yirik moliyaviy markazlaridan biri —Shveysariyaning Jeneva shahrida istiqomat qilayotgan hamyurtimiz Nosirxon G‘ozixonov bo‘ldi. Qahramonimiz hozirda Jenevada joylashgan Jahon savdo tashkiloti bo‘limida amaliyot o‘tab kelmoqda.

— JSTda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ilk o‘zbekistonliksiz. Bu qanday amalga oshgan?

— Toshkent shahrida tug‘ilganman. 2012 – 2016-yillar Toshkentdagi Xalqaro Vestminester universitetida «Tijorat huquqi» fakultetida tahsil oldim. Bakalavrni tugatib, bir muddat «Ipak yo‘li» bankining Mirzo Ulug‘bek filialida xizmat qilganman. Ishlash qatori, 2017 – 2018-yillar Toshkent davlat yuridik universitetining magistratura bosqichida ham o‘qishga muvaffaq bo‘ldim.

Ikki oliygohdagi ta’lim va bankdagi xizmat davri, dunyoqarashim va soham bo‘yicha tajribaga ega bo‘lishimga katta yordam berdi. Ammo, bolalikdan xorijga chiqish, chet ellik do‘stlar orttirishni niyat qilar edim.

Shu bois, 2018-yil Fransiya hukumatining BGF stipendiya dasturiga ariza topshirdim va ijobiy javob oldim. Ushbu grant Fransiyada o‘qish uchun oylik stipendiya, yo‘l va tibbiy sug‘urta xarajatlari kabilarni qoplaydi. Ammo, men Fransiyadagi xususiy universitetda o‘qiganligim sababli stipendiya dasturi to‘lov-kontraktimni to‘liq qoplay olmadi. Biroq, men ishlagan «Ipak yo‘li» bankining moliyaviy ko‘magi bilan shartnoma miqdorini to‘liq to‘lashga erishdim.

Fransiyaning Lion shahrida «Xalqaro savdo va investitsiyalar huquqi» bo‘yicha bir yillik magistrlik dasturida tahsil olib hozir, aniqrog‘i 2019-yilning iyun oyidan beri Jenevada Jahon savdo tashkiloti bo‘limida amaliyot o‘tab kelyapman. E’tiborlisi, JSTda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ekanimdan ham xursandman.

Foto: «Xabar.uz»

— Sizningcha, Shveysariya bugungi rivojlanish bosqichiga qanday omillar ortidan erisha oldi?

Juda qiziq savol. Avvalo, Shveysariya haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Mamlakat 26 kantondan iborat konfederatsiya hisoblanadi. Ushbu kantonlar aslini olib aytganda «shtatlar» bo‘lib, ularning har biri o‘z qonunlari, qonun chiqaruvchi organi, sud va ijro etuvchi hokimiyatiga ega. Bu yerning demokratik tamoyillariga havas qilasiz. Ya’ni ular yiliga bir necha marta mamlakat uchun muhim bo‘lgan mavzular bo‘yicha referendum o‘tkazadi. Ammo bunday boshqaruv usulining bir muncha murakkab jihatlari ham bor. Bunda davlat uchun muhim bo‘lgan qonun hujjatlarini qabul qilish va ularni barcha 26 kantonlarda uyg‘unlashtirish uchun bir necha yillar vaqt ketadi.

Shuningdek, Shveysariya Yevropa qit’asining yuragida joylashgan bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqiga a’zo emas, hatto Yevropa iqtisodiy hududiga ham kirmaydi. Biroq, buning o‘rniga mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni ikki tomonlama kelishuvlar orqali amalga oshiradi. Shunga qaramay, Shveysariya Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tovarlar, xizmatlar va odamlarning erkin harakatlanish imkoniyati mavjud.

Yana Shveysariya betaraf davlat hisoblanadi. Bu yerda sotsiolizimning minimal darajasi saqlanib qolgan. Masalan, Fransiyada o‘qiyotganimda menda talabalar uchun mo‘ljallangan ko‘plab imtiyozlar bor edi. Jumladan, yotoqxona uchun oylik ijara haqining 50 foizini qoplash, o‘qish vaqtida bepul tibbiy sug‘urta, trasport va sport zallariga 50 foizli chegirma, talabalar uchun maxsus restoranlarga kirish va hatto ba’zi kiyim do‘konlarida menga 25 foizgacha chegirmalar berilardi. Shveysariyada esa bular haqida faqat orzu qilish mumkin, xolos.

O‘ylashimcha, yuqoridagi misollarni Shveysariyaning rivojlanish omillari sirasiga kiritsa bo‘ladi.

Foto: «Xabar.uz»

— Ochig‘i, so‘nggi gaplaringizdan Shveysariyada yashash katta xarajatlarni talab qiladi, degan xulosaga kelyapman. Mamlakatdagi narx-navo qanday o‘zi?

Aslini aytganda, xoh Yevropa, xoh Osiyo bo‘lsin hamma joyning o‘ziga yarasha pastu balandliklari, yetarlicha foyda va qiyinchiliklari bor. Shveysariyadagi narx-navolar to‘g‘risida gapirishdan oldin mamlakatda ish haqi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan ekanligini alohida ta’kidlamoqchiman.

Endi savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, Shveysariyadagi Jeneva va Syurix shaharlari har yili dunyodagi eng qimmat shaharlar o‘ntaligidan joy olib kelmoqda. Bu yerda odatiy tushlik narxi 20 – 25 dollar, transport uchun oylik obuna 70 dollar va Jenevadagi bir xonali kvartira ijarasi o‘rtacha 1200 – 1500 dollarni tashkil etadi. Bularning barchasi albatta AQSh dollaridagi narxlar.

Foto: «Xabar.uz»

— Shveysariyaliklar xarakter jihatidan qanday xalq?

Bu savolga javob berish uchun, Shveysariyada 4 ta rasmiy til mavjudligi, shundan uchtasi eng keng tarqalganligini ta’kidlash lozim. O‘z navbatida har bir til madaniyat va xarakter jihatidan ham farqlanishlarni taqozo etadi.

Umuman, shveysariyaliklar biz o‘zbekistonliklar singari samimiy va mehmondo‘st xalq.

Yuqorida bu yerda uchta eng keng tarqalgan til haqida aytdim. Shu jihatdan Shveysariya 3 qismga ajratish mumkin.

Mamlakatning qariyb 60 foizini Shveysariya-Germaniya qismi tashkil etadi. Bu yerda asosan nemiszabonlar yashashadi. Ular muloqotga kirishuvchan va do‘stona bo‘lishsa-da, vaqtlarini behudaga sarflamaydilar. Bu qismning yana bir o‘ziga xosligi jamoat transportidagi tartib va vaqt qoidalariga amal qilishidir. Ya’ni, siz ishga yoki uchrashuvga jamoat transportining kech kelishi ortidan kechikkaningizni aytsangiz, unda bu qabul qilib bo‘lmaydigan uzr bo‘ladi.

Shuningdek, mamlakatning qariyb 20 foizini Shveysariya-Fransiya qismi egallagan bo‘lib, eng madaniy hududlardan. Bu qismda fransuzcha hayot nafasi sezilib turadi.

Va nihoyat, Shveysariya-Italiya qismi davlat hududining 10 foizini o‘z ichiga olgan. U yerdagi yashash tarzi Italiyaga o‘xshash bo‘lsa-da, ancha samarali tizimga ega. Ya’ni, Italiyadan farqli o‘laroq jamoat transporti har doim o‘z vaqtida harakatlanadi. Yo‘llar toza, politsiya ham juda tartibli va xushmuomala.

Endi umumiy shveysariyaliklarga xos xarakter bu – ularning juda kam xorijiy sayohatlarga chiqish odatlaridir. Ular ko‘pincha, o‘z mamlakatlari bo‘ylab sayohatni afzal ko‘rishadi. Albatta buning ajablanarli joyi yo‘q. Boisi, Shveysariyada turist ko‘rishni xohlagan deyarli hamma narsa bor. Tog‘lar, dunyodagi eng toza ko‘llar, rivojlangan transport tizimi va hakazo.

Foto: «Xabar.uz»

— Kelgusida amalga oshirmoqchi bo‘lgan qanday rejalaringiz bor?

Amaliyotni tugallaganimdan so‘ng, o‘zimning menga yaqin bo‘lgan bank tizimida ishlashimni istisno qilmasam ham, ammo xalqaro savdo sohasidagi professional faoliyatimni davom ettirishni rejalashtirmoqdaman.

Xususan, eng maqbul sharoitlarda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti a’zosi bo‘lishiga o‘z hissamni qo‘shishdan mamnun bo‘laman.

Shuningdek, kelgusida bo‘sh vaqtlarimda dars berishni ham xohlardim.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring