Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekistonda bola o‘g‘rilari yo‘q, lekin bolalar yo‘qoladi»

«O‘zbekistonda bola o‘g‘rilari yo‘q, lekin bolalar yo‘qoladi»

Ëqutoy Rustamjonova.

2016 yil, 6 aprel asakalik Ëqutoy Rustamjonova oilasi uchun og‘ir kun bo‘lgan edi. Bundan roppa-rosa 7 yil oldin aynan shu kuni birinchi sinf o‘quvchisi Ëqutoy darsdan chiqqanidan keyin uyiga kelmagan.

Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘pchilik andijonliklar Yoqutoyni qidirishga ko‘maklashgan edi. Qizning surati ko‘chalardagi ustunlarga, do‘kon va uylar darvozasiga, avtomobillarga yopishtirib chiqildi. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon faol aylandi. Faqat militsiya xodimlari emas, butun Andijon qizaloqni qidirishga bel bog‘ladi. Afsuski, qidiruvlar natija bermadi...

Bir odam yo‘qolishi yaqinlari uchun katta fojia. Ozgina e’tiborsizlik sabab yaqinimizni yo‘qotib qo‘yishimiz, kichik yoshdagi bola og‘ir ahvolga tushib qolishi mumkin. Dunyo bo‘yicha statistika raqamlari dahshatli: har yili o‘rta hisobda 8 million nafar bola yo‘qolar ekan. Bu o‘rtacha bir davlat aholisiga teng. O‘zbekistonda holat qanday? Yo‘qolish, izlash va topish jarayonlari samaralimi? Umuman bizda bola o‘g‘rilari bormi, kabi savollar bilan Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti matbuot kotibi Shokirjon Hoshimovga murojaat qildik.

Shokirjon Hoshimov

– Yo‘qolganlik bo‘yicha ariza berish va uni qabul qilish tartibi qanday?

– Agar biror shaxsning yaqinlari uni yo‘qolgan deb hisoblasa, o‘sha zahotiyoq eng yaqin hududiy ichki ishlar bo‘limiga yoki kunu tun ishlovchi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ariza berishlari lozim. Xodim murojaatni qabul qiladi va tegishliligiga ko‘ra yo‘naltiradi.

– Ariza qabul qilingach, qidiruv ishlari qancha vaqtda va qanday boshlanadi?

– O‘sha zahotiyoq qidiruv boshlanadi. Hudud profilaktika inspektori va tergov tezkor guruhi hodisa joyiga chiqadi. Yo‘qolgan shaxsni oxirgi marta ko‘rgan odam, yaqinlari bilan suhbatlashiladi. Bu suhbat qidiruv yo‘nalishini to‘g‘ri tuzib olish, izlashni samarali olib borish uchun juda muhim. Shundan so‘ng qidiruv kompleks tarzda olib boriladi. Savol-javoblar vaqtida yo‘qolgan shaxsning yaqinlari asabiylashib, toqatsizlanishi ko‘p uchraydi. «Savol-javob qilib gaplashib o‘tirmay, tezroq qidirishni boshlasalaringchi!» deydiganlar ham bor. Biz ulardagi ruhiy holatni to‘liq tushunamiz, yaqinini yo‘qotish og‘ir. Ammo aytib o‘tmoqchimanki, qidiruv guruhining bir xodimi suhbat o‘tkazayotgan vaqtda, guruhning boshqa a’zolari joylarga chiqib, qidiruvni boshlagan bo‘ladi. Savol va javoblar esa qidiruv yo‘nalishlarini aniq tuzib olishga yordam beradi.

– O‘zbekistonda bolalarning o‘g‘irlanish holatlari uchrab turadimi?

– Vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlarda bola o‘g‘irlab ketilayotgani, bola o‘g‘rilari chiqqani haqida audio xabarlar tarqalib turibdi. Ayni vaqtda bunday holat mavjud emas. Yolg‘on xabarlar ko‘pincha telegramdagi guruh va kanallarda ayollar ovozi bilan tarqatiladi.Tekshirib ko‘rganimizda yolg‘on axborot tarqatishdan asosiy maqsad guruh yoki kanal obunachilarini ko‘paytirish ekani tan olingan.

– O‘zbekistonda bola o‘g‘rilari yo‘q, desak bo‘ladimi shunda?

– Ha, bemalol ayta olamiz. O‘zbekiston hududida bolalarning o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holatlar mavjud emas. Lekin bu ota-onalarning xotirjam bo‘lishlariga asos bo‘lolmaydi. Ehtiyot choralarini va bolalarga nisbatan e’tiborni bir daqiqa ham susaytirmaslik lozim. Chunki bolalar bilan bog‘liq jinoyatlar, afsuski, uchrab turibdi.

 – Albatta, baxtsiz hodisalardan hech kim kafolatlanmagan. Ayniqsa, oxirgi xabarlar hammamizni hushyorroq yurishga chaqirmoqda. Telegram kanallarda tarqatilganidek, bolani kimdir sotish maqsadida o‘g‘irlab ketmasa-da, lekin bola yo‘qolib qolish holatlari uchrab turadi.

– Maktab o‘quvchilari yoki bog‘cha tarbiyalanuvchilari ota-onasi bexabar buvisinikiga yoki boshqa qarindoshlariniki ketishi, ko‘chada o‘ynab, adashib qolishi holatlari uchrab turadi. Kuniga 2-3 ta shunga o‘xshash murojaat ichki ishlar organlariga kelib tushadi va tez topiladi. Bir necha soat ichida bola topilgani uchun bunday vaziyatlarda qidiruv e’lon qilinmaydi.

– Rasman qidiruv e’lon qilingan holatlar qanchalik ko‘p?

– 2023 yilning hozirgi davriga nisbatan olib qarasak, 57 nafar shaxsga nisbatan bedarak yo‘qolganligi uchun qidiruv e’lon qilingan va ulardan 52 nafari topilgan. Qolgan besh nafarini qidirish bo‘yicha tezkor qidiruv tadbirlari davom etmoqda. Bu yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, rasman qidiruv e’lon qilingan holatlar. Yo‘qolib, bir necha soat ichida topilgan shaxslar bu ro‘yxatga kiritilmagan.

– Katta odam va bolani qidirish bir xil tartibda olib boriladimi?

– Murojaat qabul qilingach, qidiruv bir xil boshlanadi. Oxirgi gaplashgan odamning ko‘rsatmalari, yo‘qolgan shaxsning o‘ziga xosliklari inobatga olinib, ish boshlanadi. Faqat ruhiy xastaligi bor odamni qidirish biroz murakkab. Bunday holatda qidirilayotgan shaxs umuman kutilmagan manzildan topilishi mumkin. Ruhiy nosog‘lom odamning adashib qolgani haqida ko‘pincha boshqa shaxslar xabar beradi va shu asosda tezroq topiladi.

– Murojaatlarning ko‘payib-kamayib turishiga mavsum ham ta’sir qiladimi?

– Mavsumning ta’siri bor. Masalan, qish oylarida sovuq bo‘lgani uchun yoshi katta qariyalarimiz ko‘proq uyda bo‘ladi. Bahor boshlanishi bilan ruhiy xastaliklar qo‘zg‘ashi, qishloq joylarda ko‘pchilik dala ishlariga chiqib, yoshi ulug‘lar uyda yolg‘iz qolishi va ko‘chaga chiqib qaytish yo‘lini, manzilini topolmay adashib qolish holatlari ko‘p uchraydi. Shunga ko‘ra, bahorda arizalar ko‘proq tushadi.

– Yosh masalasida bu qanday? Ko‘proq qaysi yoshdagilar yo‘qoladi?

– Ikkilanmay, o‘smir yoshdagi – 14-17 yoshlilar deyish mumkin. Bu davrda yoshlar hissiyotlarga beriluvchan, mustaqil yashashga, mustaqil pul topishga intiluvchan bo‘ladi va uydan bedarak chiqib ketadi. Mana, yaqinda viloyatlardan birida shunday holat bo‘ldi. O‘quvchi ota-onasi bilan kelishmay, uydan chiqib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida o‘sha o‘smir yigit Toshkent viloyatidagi novvoyxonalardan birida ishlayotganligi aniqlandi va uyiga – ota-onasi bag‘riga yetkazildi. O‘smir bilan suhbatlashilganda, bola mustaqil pul topib yashamoqchi bo‘lgani, ota-onasi esa hozir o‘qishi kerakligini aytib, ishlashga ruxsat bermagani uchun chiqib ketganini aytdi. O‘smirlarda bundan tashqari, o‘qituvchisi, do‘stlari, sinfdoshlari bilan kelisholmay, ketib qolish holatlari ham uchrab turadi. Har qanday vaziyatda o‘tish davridagi bola bilan muomala qilishda ehtiyotkorroq bo‘lish kerak.

– Tug‘ruqxonalarda chaqaloq yo‘qolishi yoki o‘g‘irlab ketilishi holatlari uchraydimi?

– Tug‘ruqxonada chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchraydi. Masalan, ota-onasi o‘z farzandini sotmoqchi bo‘lgan jinoyatlar kabi. Lekin o‘g‘irlab ketilishi yo‘q.

– Bir necha yillardan buyon topilmayotgan, bedarak yo‘qolgan bolalar ham bor. Masalan, asakalik Ëqutoy Rustamjonova yetti yildan buyon izlanmoqda. Bolalarning bunday uzoq vaqt topilmasligiga sabab nimalar bo‘lishi mumkin odatda?

– Afsuski, odatda jinoyat bilan bog‘liq bo‘ladi.

***

Xuddi shu mavzuda O‘zbekistondagi birinchi va yagona qidiruv-qutqaruv otryadi UzAlert ma’murlari bilan ham suhbatlashdik. UzAlert qidiruv-qutqaruv otryadi 2020 yil 10 dekabrda tuzilgan. Alert — trevoga (signal) ma’nosini beradi. UzAlertning tashkil etilish tarixi bir qizning yo‘qolishi bilan bog‘liq. Qizini qidirayotgan onaga ko‘ngillilar yordam berish uchun guruh tuzib, unga do‘stlari, yaqinlarini qo‘shishadi. Bu guruh vaqt o‘tishi bilan kattalashib, befarq bo‘lmagan faollar bilan kengayib, mana, bugungi darajasiga yetib keldi. Hozirda UzAlert o‘z safini kengaytirib, o‘sishda davom etmoqda.

 — UzAlert qanday tartibda ishlaydi?

Otryad ishi ma’muriyat va volontyorlarning o‘zaro kelishuvi asosida boradi. Biz qidiruvni yo‘qolgan shaxsning qarindoshlari ichki ishlar xodimlariga ariza bilan murojaat qilgach, yaqinlari roziligi bilan boshlaymiz. Ba’zan tezkor qidiruv xodimlarining o‘zlari bizga yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkin. Bunday holda qidiruvdagi shaxsning qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, yordam taklif qilamiz. Qarindoshlar rozi bo‘lsa, ishga kirishamiz.

Qidiruv yo‘qolgan shaxs haqida ma’lumot to‘plashdan boshlanadi. Ma’lumotlar asosida yo‘nalish tuzamiz va e’lonni barcha ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga joylashtiramiz. E’lonni kengroq tarqatishda ommaviy axborot vositalari yordam beradi. UzAlert ma’muriyati darhol shifoxona, morg, ibodatxona, ruhiy kasalliklar dispanseri, bolalarni qabul qilish markazlari, shuningdek, vaqtincha saqlash hibsxonalari bilan bog‘lanadi.

Otryad ma’murlari va ko‘ngillilar e’lonni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishadi. Qidiruv yo‘nalishlarini yanada aniqlashtirish uchun piyoda izlashga chiqiladi. Piyoda qidiruvga chiqmaganlar esa qidiruvga oid detallarni izlab, boshqalarni xabardor qilib turadi. Bu qidiruvni muvofiqlashtirib, yo‘naltirishga xizmat qiladi.

— Hozirda UzAlertda qancha odam ishlaydi?

— UzAlert ma’muriyatida 15 kishi bor. Biroq tarkib turli sabablarga ko‘ra o‘zgarib turadi. Bundan tashqari, bizda «Faol» guruhi bo‘lib, unga birinchi bo‘lib yordam so‘rab murojaat qilamiz. «Faol»da 79 nafar ko‘ngilli ishlamoqda. Ular bizga yo‘nalishlarni joylashtirish, shoshilinch piyoda qidirish, jo‘nab ketish va tashkilotlarga qo‘ng‘iroq qilishda yordam beradi. Butun mamlakat bo‘ylab esa 10 000 dan ortiq volontyorlar mavjud. Biz hech qachon volontyorlar statistikasini yuritmaganmiz. Chunki guruhlarimizdagi ko‘ngillilar soni har xil va o‘zgarib turadi. Har bir xohlovchi volontyor bo‘lishi mumkin, buning uchun istalgan guruhimizga qo‘shilish kifoya.

 — Ish vaqti belgilanganmi?

— Aniq ish tartibi yo‘q. Chunki kunning istalgan vaqtida odam yo‘qolishi mumkin. Shuning uchun adminlar UzAlertning ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarini kechayu kunduz kuzatib, nazorat qilib boradi. Yo‘qolganlarning yaqinlari, ichki ishlar xodimlari bilan doimiy aloqada bo‘ladi.

— Volontyorlikka kimlar qabul qilinadi?

— O‘z shaxsiy hayoti, oilasi, ishi, kundalik faoliyatidan ortib, qiyinchilikka tushib qolgan, yo‘qolgan odamga yordam berish uchun vaqt va mablag‘ sarflashga tayyor istalgan odam UzAlertga qabul qilinadi. UzAlert ko‘ngillilari qiyinchilikka tushib qolgan odamga yordam berish uchun shaxsiy rejalarini o‘zgartirishiga, uyqu va dam olishni qurbon qilishiga to‘g‘ri keladi. Biz doimiy ravishda safimizni to‘ldirib boramiz va Sizlarni ham «bu birovning baxtsizligi» degan tushunchadan yiroq ko‘ngilli bo‘lishga chaqiramiz. Bizga qo‘shiling!

— Otryad tashkil etilgandan buyon qancha odamni topishga muvaffaq bo‘ldi?

— 750 kishi topildi, 773 ta qidiruv yo‘nalishi tuzilib, tarqatildi.

UzAlert faqat Toshkent shahrida faoliyat olib boradimi?

Qidiruv-qutqaruv guruhi asosan Toshkent shahrida ish olib boradi. Lekin odam yo‘qolishi hudud tanlamaydi. Shuning uchun butun O‘zbekiston bo‘ylab ish olib borishga harakat qilyapmiz. Hozirda deyarli barcha viloyatlarda ko‘ngillilar bor. Shuningdek, turli mamlakatlarning qidiruv guruhlari bilan hamkorlik ham qilamiz. Yurtimizning qaysi hududida bedarak yo‘qolgan odam bizning yordamimizga muhtoj bo‘lsa, biz tayyormiz.

Davlat va nodavlat tashkilotlar bilan ham hamkorlik bormi?

Ko‘plab davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlaymiz. Xususan, ichki ishlar bo‘limlari, bolalar moslashuv markazi, Milliy gvardiya, baxtsiz hodisalar byurosi, «Mehr-saxovat uyi», ruhiy kasalliklar dispanserlari va turli shifoxonalar xodimlari, 3/15/30 kunlik vaqtinchalik hibsxonalar, Yandeks Go, shuningdek, alohida zarurat tug‘ilganda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, g‘avvos va kinologlar bilan ishlaymiz.

Bir haftada o‘rtacha nechta ariza kelib tushadi? Faslga qarab arizalar ko‘payib yoki kamayib turadimi?

— Haftalik arizalar sonini hisoblab bormaymiz. Ammo fasllar almashinuvi yo‘qolishlar soniga ta’sir qiladi. Masalan, bahor va kuz boshlanishi bilan, keksalardagi surunkali ruhiy kasalliklar, demensiya, Alsgeymer kuchayadi. Bahor o‘smirlarga ham ta’sir qiladi. Bu esa yo‘qolishlar soni ortishiga sabab bo‘ladi.

— Ko‘proq qaysi yoshdagilar yo‘qoladi?

— Ko‘pincha o‘smirlar – 14-18 yoshlilarning yaqinlari murojaat qiladi. O‘smirlar ota-onaning iliq mehri yetishmasligi yoki aksincha, haddan tashqari ko‘p e’tibordan, maktabda yomon baho olgani kabi sabablar tufayli uydan ketib qolishi ko‘p uchraydi.

Keksa odamlar ham ko‘p yo‘qoladi. Bahor – qarilik kasalliklarining kuchayishi. Keksa odam qayerga va nima uchun ketayotganini anglab, tanish yo‘l bo‘ylab do‘konga borgan, lekin ortga qaytish yo‘lini unutib qo‘ygan paytlari bo‘ladi. Xotira buzilishining og‘ir bosqichlarida keksalar o‘z ismini, qarindoshlarini, qayerda yashashini eslolmasligi mumkin. Agar qari kishi bir marta adashib, yo‘qolgan bo‘lsa, bu yana sodir bo‘lishi mumkin. Qarindoshlar doimo hushyor bo‘lishlari va uni qarovsiz qoldirmasliklari kerak.

— Hozirda UzAlert otryadi oldida qanday muammo yoki qiyinchiliklar bor?

Asosiy muammo volontyorlar yetishmasligi bilan bog‘liq. Afsuski, shahar va viloyat markazidan uzoqda biz haqimizda kam bilishadi. Bizga esa nafaqat katta shaharlar, balki kichik tuman, qishloqlardan ham ko‘ngillilar kerak. Shunda qidiruv ancha osonlashadi. Biz duch keladigan eng katta qiyinchilik — befarqlik! UzAlert otryadi O‘zbekistonning barcha aholisini yanada hushyor bo‘lishga chaqiradi. Adashib qolgan odamning uyiga qaytishiga aynan Siz sababchi bo‘lishingiz mumkin.

Biror yaqiningiz yo‘qoldi, nima qilish kerak?

Oila a’zolaringizdan biri yoki yaqiningizni yo‘qoldi, deb hisoblayapsiz. Bunday vaziyatda nima qilish va qilmaslik kerak? Tezkor-qidiruv departamenti matbuot xizmati va UzAlert qidiruv-qutqaruv otryadi ma’lumotlari asosida tayyorlangan qo‘llanma:

  • Yaqiningiz kech qolganda ogohlantirar edi. Bu safar qo‘ng‘iroq qilmadi, telefoni ham o‘chirilgan yoki javob bermayapti. Avvalo hamkasb, kursdosh, sinfdoshlari bilan bog‘lanib, so‘rang. Ular ham bexabar, ishxona yoki o‘qishdan uyga qarab ketgan va uyga yetib kelmaganmi?
  • 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling yoki eng yaqin hududiy ichki ishlar bo‘limiga  murojaat qiling. O‘zingiz bilan shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat va yo‘qolgan odamning suratini ham olishni unutmang. Ichki ishlar xodimlari hech qanday kuttirishlarsiz, arizangizni darhol qabul qilishi va qidiruvni boshlashi kerak. Arizangizni qabul qilgan xodimning telefon raqamini oling.
  • Shundan keyin yo‘qolgan odam borishi mumkin bo‘lgan manzillardan qidirish lozim. Ammo bir o‘zingiz barcha manzillarga borishga ulgurmaysiz. Shuning uchun UzAlert qidiruv-qutqaruv otryadiga telefon qiling (+99888 198-06-10) yoki UzAlert qidiruv guruhining telegramdagi va istalgan ijtimoiy tarmoqlardagi ma’murlari bilan bog‘lanib, yordam olishingiz mumkin.

Nima qilmaslik kerak?

Ichki ishlar xodimi 2-3 kunsiz arizamni qabul qilmaydi, keyin jarimalar ham to‘latishi mumkin, deb mustaqil qidirishni davom ettirmang. Yo‘qolgan odam topilgach, hech qanday jarimalar to‘lanmaydi. Yo‘qolgach bir necha kundan keyin ariza qabul qilinadi, degan tartib ham yo‘q.

Yo‘qolgan odamning telefoni ishlayapti, lekin u qo‘ng‘iroqlarga javob bermayaptimi? Tinimsiz qo‘ng‘iroq qilishdan saqlaning. Batareykasi tugab, butunlay aloqasiz qolishi mumkin. Har qanday vaziyatda telefoni ishlab turgan odamni qidirib, topish osonroq.

Dilroz Abrayeva tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring