Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Osmondagi quvnoq sharlar ortidagi qayg‘uli voqealar yoxud bayramlarda shar uchirishni to‘xtating

Osmondagi quvnoq sharlar ortidagi qayg‘uli voqealar yoxud bayramlarda shar uchirishni to‘xtating

Surat ochiq manbalardan olindi

Taniqli bloger Jahongir Xo‘jayev Ashxobodda ertaga bo‘ladigan tantanani eslatarkan, 20 ming shar havoga qo‘yib yuborilishini e’lon qildi. Ha o‘sha bayramu tantanalarimizda allaqachon bezak kultiga aylangan oddiy bolalar ermagi hisoblangan shar. Ammo biz uchun rangli, ko‘zni quvnatadigan, yengilgina sharning tabiatga qanchadan qancha og‘irliklar keltirishini, zararini hali ko‘pchilik tushunib yetmadi.

«Shou biznes vakillarimiz pul ishlash uchun hamma narsaga tayyor. Qo‘pol qilib aytganda ertaga tabiatga zarar yetadimi, uchirgan sharlardan hayvonu qushlar o‘lib ketadimi, farqi yo‘q, pul bo‘lsa bo‘ldi. Uch kun davom etadigan bayram arafasida Ashxobod charxpalagidan 20 mingta sharni tashlashar ekan. Yopiq bino bo‘lsa ham mayli, ularni yig‘ishtirib olish mumkin, ammo u ochiq joy. Sharlar bir pasda uchib ketib, yuzlab chaqirim joyni ifloslantiradi. Sharlar plastik va lateks aralashmasidan tayyorlanadi, ular parchalanmaydi. Bir daqiqalik tomosha deb atrof-muhitga qancha zarar yetishini tasavvur qilayapsizmi? Hammani o‘ziga qaratib tomoshaga chorlayotganlarni to‘xtatadigan bormi? Ekopartiya, Ekologiya vazirligi bu masalaga befarq bo‘lmaydi degan umiddaman», deb yozadi facebook sahifasida jurnalist, ekologiya jonkuyari Nargis Qosimova.

 Samoviy masxaraboz sharlar hujumi

1986-yil sentyabr oyida Klivlendda (AQSh) o‘tkazilgan «Balloonfest ’86» festivali davomida 1,5 million geliyli sharlarning osmonga uchirilishi bo‘yicha jahon rekordini yangilash rejalashtirilgan. Bayram 27-sentyabrga belgilangan edi. Kechqurun havo sharlarini puflash bilan shug‘ullangan talabalar va boshqa ko‘ngillilar maydonga oqib kela boshladi. Bu jarayonda bir necha ming kishi ishtirok etishi kerak edi, aks holda rekord muvaffaqiyatga erisha olmasdi.

Ertalab maydon bo‘ylab xavotirli xabar tarqaldi. Sinoptiklar noqulay ob-havo haqida xabar berishdi. Sovuq havo massasi shaharga yaqinlashayotgani sabab bayram xavf ostida edi. Bir yarim million sharni imkon qadar tezroq uchirishga qaror qilindi. Mahalliy gazetaning jurnalisti Jeyn ismli qiz tomoshani shunday eslaydi: «Maydonda sharlarni puflagan ikki yarim mingga yaqin ko‘ngillilardan tashqari yana minglab odamlar to‘planib turardi. Men hayajon qanday kuchayganini eslayman. Sharlar to‘r ostidagi ulkan xilma-xil rangli gumbazga o‘xshardi. Va keyin kimdir signal berdi, sharlar qo‘yib yuborildi, ular ko‘tarilib minorani qopladi. Bir lahzadan keyin osmonga g‘oyib bo‘ldi va mayda dog‘larga aylandi!»

Klivlend. 1986-yil festival

Falokat havo sharlari uchirilayotgan paytda shaharga sovuq havo jabhasi yaqinlashganda boshlangan. Sharlar tepaga zo‘rg‘a ko‘tarilgach, sferik holatini saqlab qolgan bir yarim million dona shar kuchli shamol ta’sirida yana yerga bosildi...

Bu shahar uchun katta muammolarga sabab bo‘lgan samoviy masxaraboz sharlar hujumi edi. Yo‘llarda 50 dan ortiq avtomobil halokati ro‘y berdi, transport yo‘nalishlari falaj bo‘ldi, mahalliy aeroport ishlamay qoldi, barcha reyslar bekor qilindi, shahar yaqinidagi daryo va ko‘l rangli chiqindiga to‘lib ketdi, yerga «g‘alati yomg‘ir» to‘xtovsiz yog‘averdi! Klivlend rasmiylarini bayram uchun ketgan 500 ming dollar (bugungi dollar bilan hisoblanganda millionga yaqin) nafaqat shaharga hech qanday foyda keltirmagani, balki tirbandlikka sabab bo‘lganidan hayratini yashira olishmadi.

Shar o‘ldirgan baliqchilar... 

Klivlend yaqinidagi Eri ko‘lida ikki baliqchi qayiqlarida suzar ekan, qattiq shamol tufayli halokatga uchradi. Agar mana shu sharlar ko‘lga yog‘ilmaganda, ularni qutqaruvchilar bemalol ko‘rishlari va qutqarishlari mumkin edi. Ikki baliqchi ham yaxshi suzuvchi bo‘lgani bois, qutqarishga keladigan vertolyotlarni kutishga qaror qildi. Bu orada osmondan son-sanoqsiz sharlar yog‘ildi. Vertolyotlar keldi, afsuski son-sanoqsiz sharlar orasida ikki insonning boshini payqash oson bo‘lmadi.

Keyinchalik baliqchilar jasadlari qirg‘oqqa chiqdi. Ulardan birining rafiqasi festival tashkilotchilarini sudga bergan va  uch million dollar talab qilgan.  

Shar qoldiqlari hayvon va qushlar uchun og‘riqli o‘lim

Qo‘lingizda bir necha sharlar bor. Yoki bayramlar, biror maskanning ochilishi asnosida aynan shunday sharlar bilan bezash urfga allaqachon kirdi. Xo‘sh, o‘sha sharlar osmonga uchib ketsa yoki qo‘lingizdagi pufak arqonini qo‘yib yuborsangiz nima bo‘ladi? Shundan so‘ng sharlar  «ajoyib» sayohatga boradi. Bir nuqtada ular yorilib ketadi yoki quruqlikka, suvga tushadi. Ikkala holatda ham ular xavfli moddaga aylanadi.  

Sintetik lateks sharlarning parchalanishi uchun kamida to‘rt yil kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ular tuproqni zaharli moddalar bilan zaharlaydi. Suvda esa sharlar, birinchi navbatda, rezina qoldiqlarini oziq-ovqat deb hisoblaydigan tirik mavjudotlar uchun xavflidir. Afsuski, zararli lateks nafaqat dengiz hayoti, balki qushlar va hayvonlar tomonidan ham yutib yuboriladi, ya’ni ko‘pincha hayvonlar, qushlar va baliqlar sharlarning rang-barang qoldiqlarini oziq-ovqat deb o‘ylab xato qilishadi. Ma’lumki, dengiz toshbaqalari puchaygan sharlarni asosiy oziq-ovqatlari meduzalar bilan chalkashtirib yuborishadi.

Sharlarni yutib yuborish bilan ular o‘zlarini og‘riqli o‘limga mahkum etadilar. Olimlar sharlar va ularning qoldiqlari dengiz qushlari o‘limining asosiy sababidir, deb hisoblashmoqda.

foto:(Image: Paul Burnham)

Sharning yana bir ehtimoliy xavfi shundaki, u yuqori voltli simlarga o‘ralashib qolishi, qisqa tutashuv va hatto yong‘inga olib kelishi mumkin. Aytgancha, ko‘pincha ularga bog‘langan maxsus iplar haqida unutmang.

Ular odatda plastmassa turiga kiruvchi polipropilendan tayyorlanadi. Polipropilenning parchalanishi uchun kamida 500 yil kerak.

Darhaqiqat, tabiatga zarar sharlar osmonga uchishidan oldin, hatto ishlab chiqarish bosqichida ham sodir bo‘ladi. Gap shundaki, geliy (parvoz qilish uchun to‘ldirilgan gaz) qayta tiklanmaydigan tabiiy resursdir. Va u muhimroq vazifalar uchun ham kerak – masalan, tibbiyotda.

Endi mushohada qiling, osmonga uchirilgan yigirma ming sharning qanchasi qancha hayvonu qushlarga zarar keltiradi yoki tuproqni zaharlaydi. Axir yigirma ming kichkina son emas. Tabiatga keltirilgan zararni esa asrlar davomida ham qoplab bo‘lmaydi.

                                                                                                                               Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring