Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Hamma hammaga qarshi... Suriyada nimalar bo‘lmoqda?

Hamma hammaga qarshi... Suriyada nimalar bo‘lmoqda?

Foto: «Eaworldview.com»

Turkiya hozir Suriya hududida 20-yanvardan «Zaytun novdasi» harbiy operatsiyasini olib bormoqda. Xo‘sh, qo‘shni davlatning chegarasini kesib o‘tishdan asosiy maqsad nima?

Yaxshi ma’lumki, Turkiyada Rajab Toyib Erdo‘g‘on hokimiyatga kelganidan buyon o‘tgan 15 yil davomida yalpi ichki mahsulot hajmi 3 barobar ortib, 900 milliard dollarga yaqinlashdi. U nafaqat o‘z mintaqasida, balki butun musulmon olami va jahonda ko‘zga ko‘ringan davlatga aylanib borayapti. Shu ma’noda qo‘shnilar ishiga ham aralashmoqda. «Arab bahori» voqealarida Turkiyaning favqulodda faolligini yodga olish o‘rinli. Ammo bu intilishlarning aksariyati samarasiz tugadi, tashqi siyosatda qator muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Hozir Suriyaga qo‘shin kiritgan rasmiy Anqara o‘zining hayotiy muhim manfaatlarini himoya qilayotgani haqida bot-bot gapirmoqda. Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1516—1918-yillarda, ya’ni 400 yildan ortiq davr mobaynida Suriyani Usmoniylar imperiyasi boshqargan. Garchi tili boshqa bo‘lsa-da, bu ikki xalqning umumiy qadriyatlari, o‘xshash urf-odat va an’analari ko‘p.

So‘nggi o‘n yillikda Iroq va Suriyadagi qirg‘inbarot urushlardan keyin bu ikki davlat hududidagi kurd millati vakillari deyarli mustaqil bo‘lib oldi. Ular dushmanlardan o‘zini o‘zi himoya qildi va buning evaziga erkin hayot so‘rashmoqda. Iroq Kurdistoni amalda Bag‘dodga bo‘ysunmaydigan ozod davlatga aylandi.

Turkiyada hozir 16 millionga yaqin kurd yashaydi. Ular orasidagi radikal kuchlar ko‘p yillardan buyon ayirmachilik harakatlarini amalga oshirmoqda. Turkiya boshiga ko‘p musibatlarni keltirgan Kurdiston ishchilar partiyasining terrorchilik harakatlaridan turklar katta talofat ko‘rdi. 1984 yil avgustda partiya Turkiya rasmiy hukumatiga qarshi urush e’lon qilgan edi va hozir ham bu jarayonlar passiv holatda davom etmoqda.

Faol kurash davrini, mayli, qo‘ya turaylik. So‘nggi 7 yilda ular ishtirokida Turkiya hududida 87 ta terrorchilik harakati sodir etilib, 956 kishi qurbon bo‘ldi, 4717 kishi jarohat oldi.

Tabiiyki, agar IShIDga qarshi kurashlarda toblangan Suriyadagi kurdlar ham avtonomiya maqomini mustahkamlab olsa, Turkiyadagi kurdlarga haqiqiy harbiy qo‘nalg‘a va va ma’naviy dalda bo‘lishi mumkin. Shu sababli Turkiya mazkur operatsiyaning maqsadini «chegarani kurd ayirmachilaridan tozalash, Turkiyaning hududiy yaxlitligini ta’minlash, mintaqada barqarorlikni o‘rnatish» kabi asoslar bilan izohlamoqda.

Shu ma’noda ko‘plab davlatlar «Zaytun novdasi» operatsiyasini tushunish bilan qabul qilmoqda. Bu Damashqning rasmiy ruxsatisiz Suriya hududida amalga oshirilayotgan ikkinchi amaliyotdir. Suriya shimolida 2016-yil 24-avgustda boshlangan va 7 oy davom etgan «Furot qalqoni» operatsiyasini eslash joiz. 1,5 ming askar va yuzga yaqin tanklar qatnashgan amaliyotlarda Halab viloyatidagi 2 ming kvadrat kilometr hudud terrorchilardan to‘liq tozalangani haqida ma’lum qilingan.

Suriyalik kurdlar 2014-yilda markazi Qamishli shahri bo‘lgan Shimoliy Suriya demokratik federatsiyasini tuzgan edi. Afrin, Xasek, Raqqa, Saura, Ayn-al-Arab, Manbij shaharlari uning tarkibiga kiradi. Bugun voqealar markazidagi Afrin shahri Halab viloyati hududidagi shu nomli tuman markazi sanaladi va 60 ming aholisi bor.

Foto: «Kresy.pl»

Suriyada fuqarolar urushi boshlanmasdan avval ikki davlat o‘rtasidagi chegaralarining to‘liq ochilishi, undan keyin Asadning ketishi kerakligi haqida Anqara tinmay ilgari surgan talablar, chetdan kirib kelgan yollanma jangarilarning asosiy qismi Suriyaga Turkiya orqali o‘tganligi, Turkiya Rossiyaning Asadni qo‘llab-quvvatlab boshlagan operatsiyalariga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgani, hatto rus qiruvchi samolyotining urib tushirilgani – bularning barchasida mantiqiy bog‘liqlik borday tuyuladi. Nima bo‘lganda ham Turkiyaning Bashar Asad hokimiyatdan ketishi uchun qilgan barcha urinishi xato bo‘lganini bugun tan olmaslik mumkin emas.

Turkiyaning bu harakatiga Suriya kurdlari va rasmiy Damashqning munosabati qanday?

Biri tugab, boshqasi boshlanayotgan urushlar olovida Suriya kurdlari har qanday qarshilikka tayyor turibdi. Suriya shimolida hozir taxminan 2,5 million kurd yashaydi. Hozir ularning asosiy kuchi Kurdiston ishchilar partiyasining harbiy qanotlari bo‘lgan «O‘zini o‘zi himoya qiluvchi xalq kuchlari» otryadlari, «Demokratik ittifoq», shuningdek IShID guruhi bo‘linmalarining 10 mingga yaqin jangarilari sanaladi. Agar ular chetdan yetarli yordam olmayotganida bu qadar uzoq qarshilik ko‘rsata olmas edi. Hozir Iroqda 6,5 million, Turkiyada 16 millionga yaqin, Eronda 8 million kurd istiqomat qilmoqda. Dunyo miqyosida ularning soni 40 milliondan oshadi. Albatta, ularni umumiy maqsad – yagona Kurdistonni tuzish g‘oyasi ma’naviy jihatdan birlashtirib turadi. Yaqinda kurdlarga ko‘mak berish uchun ular safiga yazidiy (kurdlarning Iroq shimolida yashaydigan bir urug‘i, asosan tog‘li joylarda yashashadi, kelib chiqishlari forslarga borib taqaladi, ko‘pchiligi otashparastlikka e’tiqod qiladi, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh ularga musulmonchilikdan chiqqan firqa deb ta’rif bergan — «Xabar.uz»)larning «Sinjar qarshilik ko‘rsatish kuchlari» kelib qo‘shilgani haqida xabar berildi.

Turkiyani aynan shu qattiq xavotirga solmoqda.

Bashar Asad hukumati qo‘shnisining he yo‘q, be yo‘q, chegaradan kirib kelishini tanqid qilib, «Suriya suverenitetining qo‘pol buzilishi va o‘ziga tahdid» sifatida qabul qilmoqda. Turkiyani «Suriyaning ajralmas qismi»ni bosib olishda ayblayapti. Suriya ma’muriyati BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Xavfsizlik kengashiga Turkiya harakati ustidan shikoyat qildi.

Agar tanganing ikkinchi tarafiga qaralsa, Turkiya qo‘li bilan kurdlarni neytrallashtirish rasmiy Damashq manfaatlariga mos kelishi mumkin. Ammo buning uchun Turkiya amaliyotlardan keyin hududni aynan Asad nazoratiga berishi kerak. Lekin bunday kelishuv bo‘lishi ehtimoldan juda yiroqdir.

Biroq hali IShIDning qoldiqlari va bir qator radikal muxolifat kuchlariga qarshi kurashni to‘liq yakunlamagan Bashar Asad bir vaqtning o‘zida qudratli qo‘shnisiga qarshi jang olib borishga na kuchi, na resurslari yetishini ham tushunib turibdi.

Kurdlar Iroqdagi birodarlaridan yordam olishi mumkin va agar shunday bo‘lib chiqsa, Turkiya harbiy amaliyotlarni Afrin doirasidan chiqib, unga yondosh Jazira, Qobani tumanlariga ko‘chirishi, keyinroq esa Iroq hududida ham davom ettirishiga to‘g‘ri keladi. Lekin ta’qiblar kuchaysa, kurdlar Suriyaning ichkarisiga kirib ketishi ham mumkin. Albatta, turklarning ularni quvib Suriyaning juda ichki hududlariga kirib borishiga hukumat kuchlari ham, bu yerdagi rus askarlari ham izn bermasligi muqarrar.

Foto: «Foreignpolicy.com»

Nima bo‘lganda ham hozir Suriyani yaxlit davlat sifatida saqlab qolish juda og‘ir kechmoqda. Ertami-kechmi u federativ davlat bo‘lishi oydinlashayapti.

Hujumlar qancha davom etadi va nega aynan Afrin shahri nishonga olinmoqda? Bu Turkiyaga qanchaga tushadi, talofatlar ko‘lami qanday? Turkiyaning ichki siyosiy-iqtisodiy vaziyatiga buning salbiy ta’siri qay darajada?

Bu savol barchani o‘ylantirmoqda. Avvalgi operatsiya 7 oy davom etgani hisobga olinsa, bu galgisi ham qisqa muddatlarda tugashi amrimahol. Turkiya bu hududlarda o‘ziga xayrixoh kuchlarni qo‘ymaguncha, o‘zi uchun 30 kilometrlik xavfsiz hududni yaratmaguncha chiqib ketmasligi aniq. Keyinchalik bu hududlarga hozir Turkiyadan qo‘nim topgan qochoqlarni qaytarishni ham rejalashtirmoqda.

Turkiya-Suriya chegarasi uzunligi 822 kilometr bo‘lsa, Afrin shahri shimoli-g‘arbda joylashgan. Bu yerga kirish orqali shimoldagi Suriya kurdlarini bir-biridan ajratib tashlash rejalashtirilgan.

500 mingdan ortiq harbiyga ega Turkiya armiyasi juda yaxshi qurollangan va tayyorgarligi yaxshi. Asad boshqaruvidan norozi «Suriya ozodlik armiyasi» va bu yerdagi turklar ko‘magiga ham tayanmoqda. Harbiy havo kuchlarining yuzga yaqin samolyoti qatnashmoqda, ularga 6,5 ming kishilik quruqlik kuchlari qo‘shilgan. Hozirgacha armiyada 15 ta harbiy qurbon bo‘ldi, 61 tasi yaralandi. Shu bilan birga mingga yaqin terrorchi yo‘q qilingani va 800 nafari hibsga olingani bayon qilinmoqda.

Bugun turk elitasi uning uchun xavfsizlikdan muhimroq narsa yo‘qligini aytmoqda. Hozircha kuniga qancha mablag‘ sarflanayotgani sir tutilayapti.

Ayrim xalqaro sharhlovchilar vaziyatga boshqacha baho berishmoqda. 2016-yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan harbiylarning davlat to‘ntarishiga urinishi va rasmiy Anqaraning mintaqaviy mojarolarga faol aralashuvi uning iqtisodiyoti uchun ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu avvalo mamlakatga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 2015-yili Turkiyaga 17 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya jalb etilgan bo‘lsa, 2016-yili bu ko‘rsatkich 12 milliard dollarga tushib qoldi. 2017-yilning 10 oyida 8,3 milliardga kamaydi.

Davlat idoralarini muxolif Fathulla Gulen tarafdorlaridan yalpi tozalash kampaniyasi ham uning siyosatiga norozilarni ko‘paytirmoqda. Turkiyada Erdo‘g‘onning yakkahokimlik pozitsiyasiga qarshi bo‘lgan kuchlar ham yetarlicha topiladi.

2017-yil 16-aprelda referendum natijasida konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishdan so‘ng asosiy vakolatlar prezidentga o‘tkazildi. Ilgari hokimiyat bosh vazir qo‘lida jamlanar edi. Ayrim xalqaro ekspertlar Adolat va taraqqiyot partiyasi yetakchisi, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat ichidagi murakkab vaziyatdan jamoatchilikni ustalik bilan chalg‘itish uchun ham bu operatsiyalarni boshlagan deya ta’kidlamoqda.

Foto: «Dynatielladanews.gr»

Turkiyadagi muxolif Xalq respublikasi partiyasi yetakchisi Kamol Qilich o‘g‘li qon to‘kishni bas qilib, rahbariyatni rasmiy Damashq bilan barcha aloqalarni tiklashga chaqirmoqda.

Xalqlarning demokratik partiyasi Turkiya parlamentida ko‘p o‘rin egallagan uchinchi partiya bo‘lib, Turkiya prezidenti vakolatlarining salmoqli oshirilishiga qarshi bo‘lmoqda.

Yana bir gap. Dunyoda biror-bir millat butunligicha terrorchi bo‘lmaydi. Hozirgi bosqichda kurd ayirmachilariga qarshi kurash etnik tozalashga aylanib ketmasligi juda muhim.

Jahon kuch markazlari, xususan AQSh, Rossiya, Yevropa ittifoqi mamlakatlari, NATO, mintaqaviy qudratli davlatlar Eron, Saudiya Arabistoni, Isroil, Misrning mazkur operatsiyaga nisbatan pozitsiyasi xususida nimalar deya olamiz?

Foto: «themillenniumreport.com»

AQShning Barak Obama ma’muriyati paytida mintaqa ishlariga, xususan Suriya ichki ishlariga bir tomonlama va chuqur tahlil qilmasdan aralashuvi obro‘sini to‘kdi, ta’sirini minimal darajaga tushirib qo‘ydi.

Bashar Asad kutilmaganda o‘zini himoya qilishga qodir armiyaga egaligini, hokimiyatni qanday bo‘lmasin asrab qolishga qodirligini tashqi kuchlarga ko‘rsatdi. Ammo AQSh kurdlarni qo‘llab-quvvatlash orqali vaziyat rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Uning kurdlarga yordami esa Turkiyaning e’tiroziga sabab bo‘layapti. AQSh Turkiya bilan chegarani nazorat qilish uchun Suriya demokratik kuchlari ishtirokida 30 ming kishilik xavfsizlik kuchlarini yaratishi haqida 14 yanvarda e’lon qilgani Turkiyani shoshilinch harakat boshlashga undagani sir emas.

Hozir bu yerda AQShning 1,5 ming askari kurdlarni tayyorlamoqda. Ularga 700 million dollar yordam ko‘rsatildi, 2022-yilgacha yana 900 million dollarlik ko‘mak berilishi ma’lum qilingan. Bir paytlar Vashingtonning yo‘rig‘idan chiqmagan Turkiyaning bugun Erdo‘g‘on boshchiligida mustaqil tashqi siyosat olib borishga intilishi, albatta, AQSh siyosatchilariga yoqmasligi aniq.

Foto: «Reuters»

Rossiya 2015-yil 26-avgustda bu yerga kirib kelib Asadni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, terrorchilarga qaqshatqich zarbalar bergani uni birinchi raqamli o‘yinchiga aylantirdi. AQSh unga qarshi javob choralarini ko‘ra olmadi.

Avvalboshda Asad hokimiyatdan ketishini asosiy shart sifatida qo‘yayotgan Vashington keyinchalik o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi. Shu bilan birga o‘ziga xayrixoh muxolif kuchlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Hozir Yaqin Sharq ishlarida hal qiluvchi kuchga aylanishi mumkin bo‘lgan Moskva-Tehron-Anqara uchburchagi paydo bo‘ldi va u mustahkamlanib borayapti. Turkiya Rossiya bilan avvaldan kelishib olmasdan, Suriya chegarasini erkin kesib o‘ta olmas edi. Hozir Rossiya qo‘lida Suriya bo‘yicha asosiy «qartalar» to‘plangan. Yaqinda Sochida Suriya milliy muloqot kongressining tashkil etilgani va nizolashayotgan tomonlarni yarashtirish bo‘yicha o‘tgan anjuman ham buni isbotlab turibdi. Ammo turklarga qarshilik ko‘rsatmagan Rossiyani kurdlar endi o‘z ittifoqchisi sifatida ko‘rmasligi mumkin.

Mintaqaning qolgan davlatlari esa turlicha yondashmoqda. Masalan, Misrning hukmron kuchlari Turkiya «Musulmon birodarlar»ni qo‘llab-quvvatlagandan buyon u bilan it-mushuk bo‘lib qolgan va keskin tanqid qilmoqda. Shu o‘rinda tarixga yana bir marta nazar tashlaymiz. 1260—1516-yillarda Suriya Misr mamluklari boshqaruvida bo‘lgan. 1958—1961-yillarda esa Misr va Suriya yagona davlatga birlashib, Birlashgan Arab Respublikasini tuzishgan edi. Garchi bu davlat uch yildan keyin to‘ntarish oqibatida bo‘linib ketgan bo‘lsa ham bu arab dunyosi birdamligi yo‘lidagi o‘ta noyob hodisa edi.

Isroilning ham o‘z manfaatlari bor. U 1967-yili Suriyaning bir necha hududini, jumladan Jo‘lon tepaliklarini bosib olgan edi. Keyinchalik uning katta qismini qaytarganiga qaramay, Jo‘lonning bir qismini o‘ziga qo‘shib olgan. Vaqti-vaqti bilan o‘zi uchun terrorchi deb bilgan kuchlarga Suriya havo kengliklarini kesib o‘tib, aviatsiya zarbalarini berib turibdi.

Yevropa ittifoqi davlatlari vaziyatga tashvish bilan qarayapti. Turkiya uni Yevropa ittifoqiga to‘laqonli a’zo qilib olish jarayonini sun’iy cho‘zib kelayotgani uchun Bryusselni ayblamoqda.

Shu bilan birga o‘z hududidan qo‘nim topgan 3,5 million suriyalik qochoqlarni saqlash, boqish va o‘z yurtiga qaytarish yuzasidan YeI va’da qilayotgan moliyaviy yordamni ajratmayotganidan yozg‘irmoqda. Agar uning manfaatlariga qarshi borishaversa, bu qochoqlarning Yevropaga o‘tishi uchun to‘sqinlik qilmasligini ham sha’ma qildi.

Yevropa ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini kecha Strasburgda Yevroparlament yig‘ilishida Turkiyaning harbiy operatsiyasidan tashvishda ekanligini aytdi. «Barcha harbiy harakatlar faqat BMTning ro‘yxatidan o‘rin olgan terrorchilik tashkilotlariga qarshi qaratilishi kerak», — deydi yuqori martabali diplomat.

Germaniya 80 millionli musulmon aholisiga ega Turkiya YeI tarkibiga yaqin orada kirolmasligini aytmoqda. Berlin Erdo‘g‘on olib borayotgan siyosat uning manfaatlariga javob bermaydi va juda xatarli deb hisoblaydi. Shunga qaramay, Turkiyaga nisbatan dushmanona munosabat nafaqat Germaniya, balki butun Yevropa xavfsizligiga tahdid ekanligini «ko‘hna qit’a» siyosatchilari yaxshi tushunadi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilmoqda va BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazishni istayapti.

NATO rahbariyatining ma’lum qilishicha, Afrindagi amaliyotlar haqida Turkiya axborot berib turibdi. NATOning har qanday bosimi Turkiyaning Rossiya bilan sherikligini mustahkamlashga bahona bo‘lishini alyansda yaxshi anglashadi va jarayonni chetdan kuzatib turish bilan cheklanib, Turkiyaga e’tiroz bildirishmayapti.

Foto: «Iranreview.org»

Turkiya musulmonlarining aksariyati sunniylardir. Suriyada hukmron Asad guruhi esa shialardan iborat. Jangarilarga qarshi kurashda ham Eron uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani bejiz emas. Suriyada yarashuv kelishuviga rioya etilishini kafolatlovchi davlatlardan biri Erondir. U Turkiyaning harbiy operatsiyalarni zudlik bilan to‘xtatishini, Suriyada siyosiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashda amaliy rol o‘ynashini istamoqda.

Eron Turkiyaga keskin bayonotlar bilan chiqmayotganining sababi bor. Chunki boshqa tarafdan Eron Suriya ichidagi kurdlarni «bartaraf qilish» amaliyotiga qarshi emas. Chunki Eron hududida ham ko‘plab kurdlar yashaydi va ularning ham ayirmachi kuchlari ko‘pdan beri mustaqil bo‘lishga intilib keladi. Boz ustiga Eron yaqinda o‘z hududida kechgan va butun mamlakat uzra tez yoyilib ketgan ichki noroziliklar to‘lqinini qiyinchilik bilan bostirdi. Hozir Tehron asosiy diqqatini ichki ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlashga qaratmoqda.

Saudiya Arabistoni urush davomida Asad muxoliflari uchun milliardlab dollar sarflagani bilan voqealarda hal qiluvchi o‘rin egallay olmaganini tushundi. Qolaversa, u hozir Yaman bilan ko‘proq mashg‘ul. Suriya dunyoviy davlat bo‘lib qolmoqchi, shia va sunniylik asosida bo‘linish istagida emas.

Ammo bir narsa ayonki, zamonaviy Turkiya avvalgi Turkiya emas. U o‘ziga ishongan, mintaqa ishlariga mustaqil ta’sir ko‘rsata oladigan, harbiy va iqtisodiy qudrati jadal o‘sayotgan, o‘zining geosiyosiy manfaatlarini qat’iy turib himoya qilayotgan o‘yinchiga aylanib borayapti. Mintaqadagi kuchlar muvozanatini Turkiya ishtirokisiz, uning sidqidildan yondashuvisiz ta’minlab bo‘lmaydi.

O‘zbekistonning bu jarayonlarga munosabati va pozitsiyasi qanday?

Biz so‘nggi paytlarda Turkiya bilan aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayapmiz. Turkiya umumturk birdamligi, umumturk jarayonlari kabi qarashlarga jiddiy urg‘u beradi. So‘nggi bir yarim yilda bir necha bor oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. 25-26 oktyabrda davlatimiz rahbari Turkiyaga davlat tashrifi bilan bordi. Tovar aylanmasi hajmi 2016-yilda qariyb 1,2 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu miqdor yanada oshdi. Yaqin bir-ikki yilda uni 3 milliarddan oshirish reja qilinmoqda.

Ammo O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi o‘zgarmas pozitsiyalari barchaga ma’lum. Respublikamiz har qanday mojaro va nizolarni doimo tinch yo‘l bilan, muzokaralar vositasida, kuch ila tahdid solmaslik, o‘zga davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillaridan kelib chiqib hal qilish tarafdoridir. Tinch aholining nobud bo‘lishiga, qon to‘kilishiga va zo‘ravonlikka olib keluvchi harakatlarni keskin qoralaydi.

Biz tashqi siyosat yuritishda harbiy kuchni dastak qilishga qat’iy qarshimiz.

Aslida bu va shunga o‘xshash hodisalar bo‘yicha O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining mas’ul mutasaddisi muntazam ravishda jurnalistlarni chorlab, O‘zbekistonning pozitsiyasini yetkazib borishi maqsadga muvofiq. Jahon ayvonidagi u yoki bu masala bo‘yicha O‘zbekistonning rasmiy pozitsiyasi qandayligi haqida ommaviy axborot vositalari vakillari yo‘nalish olib turishi juda dolzarbdir.

Jahon hamjamiyatining diqqat markazida turgan o‘ta muhim masalalar bo‘yicha onda-sonda, unda ham faqat tashqi ishlar vazirligi huzuridagi «Jahon» axborot agentligining qisqa xabarlarini berishdek eskirgan qoliplardan voz kechish vaqti yetgan. Tashqi ishlar vazirligini isloh qilish doirasida markaziy apparat tuzilmasiga qo‘shilishi kutilayotgan Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi va mediamarkazlar faoliyati xalqaro sharhlovchilar uchun, umuman barcha jurnalistlarimiz uchun juda yaxshi yangilik bo‘lar edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring