Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Dunyo biz o‘ylagandek yomon emas (1-maqola)

Dunyo biz o‘ylagandek yomon emas  (1-maqola)

Aytaylik  ijtimoiy tarmoqlarda, rasmiy saytlarda fohishalar ushlandi, degan xabar tarqaldi. Bu xabarlarga yozilgan fikrlarga ko‘zingiz tusharkan, sizda ham xuddi fohishalar ko‘payib ketgandek tasavvur uyg‘onadi.

Siz ham beixtiyor dunyo buzilib ketayapti, yoshlarni internet buzayapti degan fikrlarni qalban qo‘llab-quvvatlaysiz. Ammo atrofingizga qarang, siz yashayotgan muhitda ayollarning necha foizi fohisha? Juda xunuk savol... Masalan men 40 dan ortiq oila yashaydigan mahallada turaman, ikki yon tomonimdagi mahallada ham oilalar soni taxminan shuncha. 120 dan ortiq oilalar jam bo‘lgan uch mahallada bitta ham fohisha yo‘q. Qarindoshlarim, tanish-bilishlarimdan ham tajriba uchun so‘rab chiqdim, ular ham atrofida yengiltak ayol borligini bilmasligini aytishdi. To‘g‘ri fohishaxonalar bor, qo‘shmachilar bor, ammo bu degani har bir mahallada, har bir ko‘chada shunaqa ish bilan shug‘ullanadigan ayol bor degani emas.

Yoki bo‘lmasa qishloq joydan bitta oilaning xarob uyi haqida video tarqaldi. Ko‘pchilikning xayoliga qishloqda hamma shunaqa qiynalib yashaydi degan fikr keladi... Yana ko‘pchilik hayotning qiyinligini, odamlar qiynalib yashayotganini tasavvur qiladi. Aslida-chi, qarindoshlaringiz orasida, tanishlaringiz orasida (ularning soni 100 ta deylik) bir yoki ikki nafar shunaqa nochor oilalar bo‘lishi mumkin.

Bunday yanglish dunyoqarash haqida kitob qo‘limga tushguncha men ham ba’zida yanglish fikrlaganimni angladim. Hans Rosling, Ola Rosling va Anna Rosling hamkorligida yozilgan «FACTFULNESS» – «Faktdorlik» asari aynan bizning dunyoqarashimizni yangilamay eski dunyoqarash bilan yashayotganimiz haqida. Xo‘sh, dunyo biz o‘ylaganimizday yomonmi? Kitobda shu savollarga baholi qudrat javob berilgan. Mualliflar halokatli jaholatga qarshi faktlarga asoslangan dunyoqarash bilan kurashish maqsadida ushbu kitobni yaratishadi. Ya’ni bu kitob dunyo va uni anglash haqida. Dramatik instinktlarimiz va o‘ta dramatik dunyoqarashimiz haqida. Dunyo haqida o‘ylasangiz tabiiy va texnogen ofatlar, korrupsiya, zo‘ravonlik, urush kuchayib ketayotgan, ahvol yomonlashayotgandek tuyuladi. «Boylar yanada boyib, kambag‘allar tobora kambag‘allashib ketayapti. Kambag‘allar soni ortmoqda, agar favqulodda chora ko‘rmasak, tez orada tabiiy resurslarimiz ham tugab bitadi. Umuman olganda g‘arbliklarning aksariyati OAVlarda shu manzarani ko‘radi va miyasida ham shu fikrlar aylanadi. Men buni dramatik dunyoqarash deb atayman. Bu odamni stressga soladi va adashtiradi». Nafaqat G‘arb menimcha butun dunyo ana shunday dramatik dunyoqarash bilan yashamoqda. Xo‘sh, bu borada faktlar nima deydi: Oxirgi 20 yilda dunyoning o‘ta qashshoq hayot kechiruvchi aholisi 2 barobarga kamaygan. Muallif bu faktni bilish darajasi haqida shunday deydi: «Yerdagi hayot haqida bilishimiz mumkin bo‘lgan eng oddiy faktni o‘rtacha hisoblaganda 7 foiz odam, ya’ni har o‘n kishidan biri ham emas – to‘g‘ri javob beradi». Mutaxassis shunday tajriba o‘tkazadi. AQShdagi muxolifatchi va demokratlar o‘rtasida. Ya’ni testki, dunyoda qashshoq odamlarning ko‘pligi yoki ozligi haqida. Shunda testda qatnashganlarning 5 foizi to‘g‘ri javobni beradi. Qolgan 95 foiz respondent, partiyasidan qat’iy nazar 20 yilda o‘ta qashshoq hayot kechiruvchi aholi soni o‘zgarmagan yoki yomonlashgan, ikki barobarga ko‘paygan, deb ishonadi.

Odamlarning dunyo haqida hamon yomon o‘ylashiga sabab yangilanmagan bilimlarda emasmi? Ya’ni mualliflarning fikricha ular test o‘tkazgan va faktlar haqida hech narsa bilmaydigan odamlarning muammosi eskirgan bilimlar bilan yashayotganida edi. Ya’ni odamlar maktablarda shakllangan eskirgan bilimlar bilan yashamoqda.

«Boylar va kambag‘allar orasida bo‘shliq borligi haqidagi noto‘g‘ri tasavvurni o‘zgartirish nega bunchalar qiyin», deb savol qo‘yadi mualliflar. Ya’ni biz dunyoni boylar va kambag‘allarga bo‘layotganimizda o‘rtadagi o‘rtacha yashayotgan boy ham emas kambag‘al ham emas, ammo hamma narsasi yetarli bo‘lgan o‘rtadagilar haqida nega unutib qo‘yamiz. Ya’ni nima uchun bizni o‘ta boy odamning boyligi yoki qashshoq odamning xarob hayoti ko‘proq o‘ziga jalb qiladi?

Xo‘sh, bunda jurnalistning roli qanday? Ular o‘z hikoyalarini deydi asarda muallif, o‘zaro muxolif odamlar, fikrlar yoki guruhlar o‘rtasidagi ziddiyat o‘laroq taqdim etadi. Ular asta-sekin hayoti yaxshilanayotgan ko‘plab odamlar haqida emas, o‘ta qashshoqlar va o‘ta boylar haqida hikoya qilishni yaxshi ko‘rishadi. Hujjatli film yaratuvchilar ham xuddi shunday. Bu bo‘shliq instinkti deb atalarkan.

Faktorlik, faktlar bilan ishlash bu... bo‘shliq haqida so‘z ketayotganini anglab olish degani... «Eng» ko‘rsatkichlar qiyoslanayotganda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Siz eng boylar va yoki eng kambag‘allar haqida fikr bildirayotganingizda o‘rtada, bo‘shliqda turgan bo‘lasiz. Ya’ni siz boy ham emas, kambag‘al ham emassiz. Ya’ni sizning uyingiz, mashinangiz, kiyimingiz, osh-ovqatingiz bor. Aksariyat eng boy yoki eng kambag‘al odamlar haqida fikr bildirib dramatik dunyoqarash bilan yashayotganlarning o‘zlari o‘rtahol odamlar bo‘ladi. Ya’ni bo‘shliqqa tushib qolgan odamlar.Ular haqida faktlar deyarli hech kimni qiziqtirmaydi. Odamlarni eng boylar va eng kambag‘allar qiziqtiradi.

Aksariyat odamlar dunyo yomon tomonga o‘zgarayapti deb o‘ylaydi. Sababi, dunyoda sodir bo‘layotgan barcha yomon narsalardan ogoh bo‘lib turish oson. Yaxshi narsalarni esa payqash qiyinroq. «OAVda hech qachon xabar qilinmagan milliardlab rivojlanishlar bo‘lgan». Ya’ni dunyo taraqqiyoti haqidagi faktlar jamoatchilikka shu qadar noma’lumki...

1800-yilda insoniyatning taxminan 85 foizi o‘ta kambag‘al hayot kechirgan. Ya’ni kunlik daromadi 2 dollarga yetmaydigan dunyo aholisi. 1966-yilga kelib dunyo aholisining 50 foizi o‘ta qashshoq, 2017-yilga kelib esa 9 foizga tushadi bu ko‘rsatkich. 1997-yilda Hindiston va Xitoy aholisining 42 foizi o‘ta kambag‘al tarzda hayot kechirgan bo‘lsa 2017-yilgacha Hindistonda bu ulush 12 foizga tushgan, ya’ni o‘ta kambag‘al yashayotgan odamlar soni 20 yil avvalgi holatga qaraganda 270 million nafarga kamaygan. Bu hazilakam o‘zgarish emas. Xitoyda bo‘lsa bu ulush shuncha vaqt oralig‘ida 0,7 foizga tushdi.

Biz esa tushkunmiz, deydi kitob muallifi: IV darajadagi (ya’ni televizor hammada bor) televizorimizda hali hamon o‘ta kambag‘al odamlarni ko‘ramiz va hech narsa o‘zgarmagandek tuyuladi. Dunyoning yomonlashayotganini o‘ylaymiz, garchi televizor sotib olishga, mashinada yurayotganimizga, sog‘lig‘imiz yaxshiligiga qaramay!

Keling ushbu kitobda odamlarning umr ko‘rish davomiyligiga e’tibor qaratamiz. 1800 yilda shvedlar ochlikdan o‘lar, ingliz bolalari ko‘mir konlarida ishlar, umr ko‘rish davomiyligi dunyoning barcha joyida taxminan 30 yilni tashkil qilardi. Insoniyatning butun tarixida shunday bo‘lgan edi. Tug‘ilgan chaqaloqlarning deyarli yarmi go‘dakligida vafot etardi. (Hozir tug‘ilgan chaqaloqlarning yarimi o‘layotgan mamlakat bormi, qolganmi?)Qolgan yarmining aksari 50 va 70 yosh o‘rtasida vafot etardi. Shuning uchun o‘rtachasi 30 yosh atrofida bo‘lgan. Bu ko‘pchilik 30 yoshgacha yashaydi degani emas. Bu shunchaki o‘rtacha raqam. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab o‘rtacha umr ko‘rish 70 yoshni tashkil qiladi. Ya’ni tug‘ilgan chaqaloqlarning yarimi o‘lib ketmaydi, kasalliklar tufayli ko‘p odamlar 50 yoki 70 yosh o‘rtasida o‘lmaydi, degani.

Muallif shu asnoda 1948-tug‘ilgan yilida Shvetsiyada ochiq kanalizatsiya zovurlarda bolalar cho‘kib ketishi oddiy hol bo‘lganini yozadi. Yana u  1891-yilda tug‘ilgan buvisi o‘ta qashshoq oilada dunyoga kelganini eshitganini yozadi. Buvisi voyaga yetganida to‘qqiz kishidan iborat oilasining barcha kiyimlarini qo‘lda yuvganini eslaydi. Buvisining onasining hayoti esa undan ham xarobroq bo‘lgan. Muallif buvisi va uning onasi, buvasi va uning otasi ya’ni ikki buvi va ikki bobosining harflarni zo‘rg‘a taniganini aytadi. Dunyo shu qadar rivojlandiki, bugun ularning avlodi Hans Rosling, uning farzandi Ola Rosling, kelini Anna Roslinglar olim, siyosatchi, shifokor – shu kitob mualliflari.

Hans Roslingning aytishicha har bir mamlakatda hayot har bir mezon bo‘yicha yaxshilangan, ya’ni u ishonch bilan aytayotganidek, bizning mamlakat ham rivojlangan.

Keling, mualliflar kuyib-pishayotganidek, ortga qaraymiz. Ya’ni yangilangan dunyoqarash bilan yashashda davom etamiz. Otangizning otasi loy suvoq uyda yashagan. Otangiz usti shifer yopilgan uyda yashab o‘tdi. Otangizning otasining televizori yo‘q edi, otangizning xolodilnigi, televizori bor edi. Otangizning otasi biror joyga borsa tuya, ot, eshak kabi ulovlarda borgan. Otangiz esa maylida o‘zining mashinasida bo‘lmasa ham yo‘l transportida manziliga yetgan. Ota-bobolarimiz mashinani ham orzu qilisholmagan. Chunki orzu qilgani bilan yetolmayman, deb o‘ylagan. Va ular dramatik dunyoqarash bilan yashab o‘tishgan. Ammo bugun siz mashinada yura olasiz, mashina olishga imkoningiz bor. Demak siz faktdorlik kitobida ko‘rsatilganidek bobolaringiz yashagan davr I darajadagi kabi qashshoq emassiz. Siz katta ehtimol bilan uchinchi yoki to‘rtinchi darajada yashayapsiz.

«Asrlar davomida keksalar doim yoshlik chog‘larini ideallashtirib, hozir hamma narsa o‘zgarib ketganini ta’kidlaydi. Ha to‘g‘ri o‘zgargan, ammo ular nazarda tutgandek emas. Ko‘p narsa hozirgidek yaxshiroq emas, balki abgorroq bo‘lgan. Lekin odamzot hayot aslida qanday bo‘lganini unutib qo‘yishga moyil». Shvetsiyalik jurnalist Lasse Berg 1970-yillardagi Hindistondagi qishloqlardan reportaj tayyorlagan. Oradan 25 yil o‘tgach xuddi o‘sha ko‘chalardan yuradi. Tuproqli pollar, loydan solingan uylar, yarim-yalang‘och kir-chir bolalar, dunyodan bexabar yashayotgan odamlar o‘rnida beton uylar, yaxshi kiyingan bolalar, o‘ziga ishonchi bor qiziqsinib televizor ko‘rayotgan odamlarni ko‘radi. Jurnalist ularga o‘sha suratlarni ko‘rsatganida «bo‘lishi mumkin emas, adashayotgandirsiz. Biz hech qachon bu qadar kambag‘al bo‘lmaganmiz», deyishgan. Boshqalar kabi ular o‘z davrlari bilan yashayotgan, bolalar beparda seriallar ko‘rishayotgani, mototsikl sotib olishga puli yetmayotgani kabi muammolarga o‘ralashgan edi.

Xo‘p faktdorlik nima degani? Nima uchun odamldar yomon xabarni eshitishga moyil? Va bundan qanday qutulish mumkin? «Yaxshi xabar yangilik emas», deydi muallif. Uning fikricha yaxshi xabarlar deyarli e’lon qilinmaydi, e’lon qilinsayam hech kimga qiziq emas. Ammo siz noxush xabarni eshitganingizda o‘zingizdan so‘rashingiz kerak ekan: «Teng darajadagi yaxshi xabar ham xuddi shunday tarqalarmidi, shunday trendga chiqarmidi?»

Masalan metroga yangi bekat qo‘shildi. Bu sizning uzog‘ingizni yanada yaqin qiladi, yo‘l bilan bog‘liq muammongiz kamayadi. Bundan 10 yillar oldin garchi siz bu yerga metro bekati kelishini tasavvur ham qilolmagansiz. Noligansiz yo‘ldagi muammolardan. Bugun o‘sha muammongiz yechim topdi, yangi metro bekati keldi. Sizni bu xabardan ham ko‘ra, metro bekatidagi nosozlik g‘azabga keltiradi. Ya’ni metro qurilishiga mas’ul odamlarga raxmat aytadiganlardan ko‘ra, shu sohani yomonlaydiganlar ko‘pligini ko‘ramiz. Aniqrog‘i metro qurilishidek yaxshi xabarga e’tibordan ko‘ra, uning nosozligi haqidagi xabarga o‘chlikni kuzatamiz. Ya’ni muallifning ta’kidicha umumiy rivojlanishdan ham ko‘ra cho‘kishlarni sezishingiz yuqori bo‘ladi. Ammo musibatli yangilik ko‘p degani musibat ham ko‘paydi degani emas, balki musibat haqidagi xabarlar yaxshiroq kuzatilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ayollar guruhida tez-tez erning xiyonati haqida anonim postlarni kuzataman. Nimagadir kitob o‘qish (bu eski, yangilanmagan dunyoqarashim mahsuli) yoki tarbiyaviy ahamiyatga ega postlardan ko‘ra xiyonat haqidagi mavzularga qiziqish katta (kitob o‘qish haqidagi fikrim o‘zgarganinini pastda izohlayman). Ko‘pchilik hamdardlik bildiradi, ko‘pchilik ayolga kechirmaslikni maslahat beradi, ya’ni ko‘pchilik erkaklarga ishonch yo‘qligini, ularning barchasi, ha ha ishonch bilan aytishadiki ularning barchasi xiyonatkor. Hatto guruhdagi yosh qizlar halitdan shunaqa voqealarni eshitib turmush qurishga ikkilanishayotganini yozishadi. Va bir kunlar o‘sha guruhga ikki oyog‘i ishlamaydigan ayol haqida post qo‘yildi. Uning eri necha yillardan beri sadoqatli ekanligi, shu ayolni parvarish qilayotganligi haqida. Ishonasizmi, xiyonatkor er haqidagi postdan ham ko‘ra, ko‘proq izohlar yozildi ushbu mavzuga. Ya’ni bunday vafoli erlar ko‘pligi haqida.

«... Dadamning sinfdoshi bor edi, 5 nafar sinfdosh bolalar sinfdosh qizlarga uylanishgan. Ular hammasi tug‘ilgan kun, bayramlarda bordi-keldi qilishardi. Bir sinfdoshining ayoli kasal bo‘lib, oyoqlari ishlamay qolgan, o‘sha erkak har safar yig‘ilishlarga ayolini opichlab olib kelardi, dugonalaring bilan ko‘rishasan deb...»

«Men sadoqat ramzi sifatida ongu shuurimda muhrlanib qolgan bir erkakni bilaman, ayoli vafotidan keyin ham biror ayolga uylanmadi, 2 o‘g‘il,2 qizini o‘zi yolg‘iz uylab-joyladi. Keyin ham biror ayolga qaramay, farzandlari va nabiralari uchun yashab kelmoqda. Ular ham ayolidan erta ayrilgan edi. Yosh bo‘lsada, nafsini o‘ylamadi. Bu inson haqida ko‘p o‘ylayman, judayam hurmat qilaman. Shu gruppada qizlari ham bor...»

«Yaqinda Ispaniyada ko‘rgan voqeaga juda ham o‘xshar ekan qahramonlar.

Bir kuni er ayolini yetaklab plyajga olib chikdi, ayol aravachada, oyoq-qo‘llari burishib qolgan. Er ayolning boshiga shlyapa kiygizdi, ochiq joylariga krem surib bo‘lgach, qora ochki taqib qo‘ydi. Qo‘llarining tagiga yumshoq sochiq qo‘ydi avaylab. Aravachani sal yotqizdi va o‘zi yoniga o‘tirib kitob o‘qishni boshladi va ora-orada ayolga qarab jilmaydi. To‘g‘risi ko‘rib ko‘zimga yosh keldi. Bizda ham shunday odamlar borligidan quvondim!»

«Dadam va onam. Ular xuddi shunday edi. Oyoqlari kesilgan onamga dadam xuddi shunaqa qaragan edilar. Manimcha, bu avlod endi o‘tmishda qolsa kerak. Bundan buyon bunday sadoqat va muhabbat borligiga ishonmayman. Afsus...»

Ammo hozirgi avlod orasida ham xuddi shunday qahramonlar bor. 2015 yilda Lyusi Birmingemda (Angliya) yashovchi Olli Cave bilan uchrashadi va uni sevib qoladi. 2018 yilda ular unashtirildi. Biroq, Lyusi uning ko‘rish qobiliyati yomonlashayotganidan xavotirda edi. Ammo xavotiri bejiz emas ekan. Lyusi to‘yida ko‘zi ojiz kelin bo‘lishini tushundi.

Yaqinda, sentyabr oyida ularning to‘yi bo‘ldi. To‘y biroz qayg‘uli boshlansa-da, lekin ayni paytda juda ta’sirli va esda qoladigan bo‘ldi. Buning sababi shundaki, ko‘pchilik mehmonlar Lyusini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilishdi va ko‘zlarini bog‘ichlar bilan bog‘lashdi.

Yoki bo‘lmasa yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi deymiz, ularning ba’zi beboshliklari haqidagi xabarlarga duch kelsak. Ammo yaqinda «Kitobxonlar davrasi» guruhida «Meni o‘zgartirgan kitob» mavzusidagi so‘rovnomaga yuzlab sharhlar yozildi. Ularning o‘qigan kitoblarini tahlil qilib berishini kuzatib barcha kitobxonlar shu yerda ekanku, degan fikrga keldim va yoshlar kitob o‘qimayapti, yoki odamlar kitob o‘qimayapti, degan qarashlarim o‘zgardi...

***

Bu kitob esa aynan dunyoqarashimizni har kuni o‘zgarayotgan faktlar bilan qadamba qadam o‘zgartirish haqida.

Zero muallif ta’kidlaganidek, «Shoshilish dunyoqarashimizni buzadigan eng yomon xislatlardan biridir. Odamlarning ongidagi dramatik dunyoqarash doimiy stress va inqiroz hissini yaratadi, hozir yoki hech qachon hissi stress yoki loqaydlikka olib boradi «keskin chora ko‘rishimiz kerak, o‘ylab o‘tirmasdan biror chora ko‘raylik» yoki «hech qanday umid yo‘q, qo‘limizdan boshqa hech narsa kelmaydi, hammasiga qo‘l siltash kerak». Har ikki holatda ham biz fikrlashdan to‘xtaymiz, instinktlarimizga yengilamiz va noto‘g‘ri qarorlar chiqaramiz».

Dunyo haqidagi yanglish fikrlashimizning sabablari juda ko‘p ekan. Aslida u biz o‘ylagandan yaxshiroq. Dunyo haqida tiniq fikrlash zaruriyati har qachongidan muhim. Aks holda kitobda urg‘u berilgan ushbu maqol biz uchun aytilgan bo‘lib qoladi: «Bolaning qo‘liga bolg‘a bersangiz, hamma narsa unga mix bo‘lib ko‘rinaveradi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring