Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

Darsliklar, darsliklar, darsliklar…

Darsliklar, darsliklar, darsliklar…

Foto: «Gazeta.uz»

Ilm-fan dunyo bo‘ylab to‘xtovsiz rivojlanib borar ekan, har bir jamiyat o‘z taraqqiyotini usiz, uning yutuqlarisiz tasavvur eta olmaydi. Ayni mana shu sababmi, so‘nggi yillarda rivojlangan davlatlar budjetidan ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashga ajratiladigan mablag‘lar miqdori yildan-yilga ortib bormoqda. Xalqaro YuNESKO tashkilotining xabar berishicha, bugunga kelib jahon bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar uchun yiliga 1,7 trillion dollar miqdorida mablag‘ sarflanmoqda, uning 80 foizi 10 ta mamlakat hisobiga to‘g‘ri keladi.

Rivojlangan mamlakatlarning YaIM ulushida ushbu sohaga mablag‘ ajratish foizi mazkur davlatlardagi rivojlanish ko‘rsatkichlari bilan to‘g‘ri proporsional ekanligiga guvoh bo‘lamiz.

Jumladan, Koreya Respublikasi ilmiy tadqiqotlar uchun YaIMning 4,3 foizini, Isroil 4,2, Yaponiya 3,4, Shveysariya 3,2, Germaniya 2,9, AQSh 2,7 foizini sarflamoqda. Tabiiyki, sohaga kiritilayotgan aktivlar o‘zining mevasini bermay qolmayapti.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham ilm-fanga e’tibor bir muncha kuchaygan bo‘lsa-da, lekin juda ko‘p muammolar hali-hanuz o‘z yechimini kutib turibdi. Shu o‘rinda ilm-fan sohasidagi eng muhim jihat — kadrlar masalasiga e’tibor qaratmay ilojimiz yo‘q. Boisi, ma’lum bir ilmiy doiradagi kadrlarning salohiyatini rivojlantirmay turib, ushbu mintaqadagi ilm-fanning rivojlanishiga erishib bo‘lmaydi. Malakali, kuchli bilimli va zamon bilan hamnafas kadrlarni yetishtirish esa xuddi mana shu yo‘nalishlarda qilinishi kerak bo‘lgan eng muhim qadamlardan biri bo‘lishi darkor. O‘z-o‘zidan, bunday kadrlarni yetishtirib chiqarishda o‘rta umumiy, o‘rta maxsus va oliy ta’limdagi o‘qitish jarayoni bilan bog‘liq har bir jihat bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi, talabga javob bermaydigan tomonlari zudlik bilan qayta isloh qilishini shart.

Har qanday ilm sohasining egasi o‘z yo‘nalishidagi dastlabki fundamental bilimlarni aynan darsliklardan oladi.

Sodda qilib tushuntiriladigan bo‘lsa, ayni vaqtda ilm-fan yangiliklari, natijalari, xulosalari jahon ilm-fanining norasmiy tili hisoblangan ingliz tilida murakkab uslubda yoritib borilmoqda, ular bilan zudlikda tanishib borish, jahon ilm-fani bilan hamnafas bo‘lish tadqiqotchilardan ushbu sohaga oid elementar bilimlarni mukammal bilishni talab etadi. Xo‘sh, bugungi kunda O‘zbekistondagi maktab, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalaridagi darsliklar mana shunday zamonaviy talablarga javob bera oladimi? Ularni o‘qib o‘zlashtirayotgan o‘quvchi va talabalar ushbu fanlar, sohalardan kerak bo‘ladigan fundamental bilimlarga zamon talablari darajasida ega bo‘lmoqdami? Men ta’lim sohasining bir vakili sifatida bu savollarga qoniqarsiz holatdamiz, deb javob qaytargan bo‘lar edim. Fikrlarim quruq bo‘lmasligi uchun o‘z mutaxassisligimdan kelib chiqqan holda, biologiya yo‘nalishidagi darsliklarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Maktabda biologiya fanidan o‘qitiladigan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan darsliklar haqida umumiy qilib shuni aytish mumkinki, ularning deyarli yarmidan ko‘pi ayni bugungi ilm-fan nuqtai nazaridan ancha eskirgan ma’lumotlar va tushunchalar bilan to‘la. Masalan, 7-sinf zoologiya darsligini olib qarasangiz, u keyingi 20 yil mobaynida deyarli 5-10 foizga ham o‘zgarmaganligiga guvoh bo‘lasiz. Muammo shundaki, mazkur darslikdagi ko‘p raqamlar, ko‘rsatkichlar juda eski. Qolaversa darslikning 2017 yilgi nashrida berilgan ayrim hayvon turlari sistematik jihatdan aslida umuman boshqa sistematik guruhlarga kiradi. Muallif esa har to‘rt yilda qayta chop etiladigan darslikni aqalli to‘rt yilda bir marotaba jahon ilm fani yangiliklari bilan boyitmagan, eski ko‘rsatkichlarni yangilari bilan almashtirib ketmagan.

Aniq misol keltiradigan bo‘lsam, bolalarimiz bir hujayrali xivchinli hayvon deb o‘rganayotgan «volvoks» deb atalgan organizm olimlar tomonidan o‘simlik deb e’tirof etilganiga yaqinda yarim asr bo‘ladi yoki darslikda hali hanuzgacha alohida turkum sifatida ko‘rsatib kelinayotgan kurakoyoqlilar turkumining o‘z maqomini yo‘qotib, yirtqich sut emizuvchilar qatoriga qo‘shilganiga esa 30 yil bo‘ladi.

Bunday misollar shu darajada ko‘pki, ularning barchasi sanalsa, maqolamiz cho‘zilib ketadi. Darsliklardagi bunday kamchiliklar faqat zoologiya darsligi bilan cheklanib qolmaydi, ular yuqori sinf darsliklarida ham talaygina topiladi.

Eng alam qiladigani, darsliklarimiz uchun asos bo‘layotgan ma’lumotlarning aksariyati hali-hanuz Sobiq ittifoq davridagi kitoblar, ma’lumotlar, darsliklardan olinmoqda.

Nahotki, XXI asrda butun dunyo o‘simlik deyayotgan organizmni biz hali hanuz hayvon deb o‘rgansak? Nahotki, maktabni bitirib chiqayotgan o‘quvchilarimiz bundan 50 yil oldingi ma’lumotlar bilan qurollantirilsa? Nahotki, bunday ishga shu darajada mas’uliyatsizlik bilan yondashish mumkin bo‘lsa?

Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligiga bu boradagi jiddiy e’tirozlarimni bildirib o‘tmoqchiman. Yosh avlodni zamonaviy ilm-fan ma’lumotlari bilan qurollantirib borishdek mas’uliyatli ishga panja ortidan qarash, darsliklarni kuchli ekspertizadan o‘tkazilmasdan tasdiqlash mumkin emas. Boshqa fanlar mutaxassislari ham o‘z yo‘nalishlaridagi maktab darsliklarida yetarlicha muammolar borligini aytib bera olishadi. Bu yerda maqsad darsliklardagi kamchiliklarni topib, ularning mualliflari yoki vazirlikning nomini qora qilish emas, aksincha muntazam, surunkali davom etib kelayotgan bee’tiborlik illatiga barham berishdan iborat.

Oliy ta’lim tizimida foydalaniladigan darsliklarning ahvoli umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi holatdan o‘n karra yomon desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni yo‘nalishdagi mavjud muammolarni sanab o‘tishga harakat qilaman:

  • oliy ta’limdagi darsliklar borasidagi eng katta muammo bu — o‘zbek tilidagi darsliklarning yetishmasligidir. Yurtimiz oliygohlarida o‘qitiladigan talabalarning deyarli 90 foizdan ortig‘i aynan o‘zbek tilida o‘qitiladi, lekin asosiy foydalaniladigan darsliklar mana chorak asrdirki, hamon eski sovet davridagi adabiyotlar bo‘lib qolmoqda;
  • o‘zbek tilidagi mavjud darsliklarning deyarli 90-95 foizi xuddi mana shu fandan Sobiq ittifoq davrida chop etilgan darsliklarning tarjimalari bo‘lib, ularning aksariyatini ilmiy jihatdan deyarli yaroqsiz deb hisoblasa ham bo‘ladi. Birgina misol keltirib aytishim mumkinki, XXI asrning oxirgi o‘n yilliklaridan boshlab biologiya fani inqilobiy tarzda rivojlandi, turlarni aniqlashda qo‘llaniladigan metodlar batamom yangilandi, o‘rganish usullari qaytadan ishlab chiqildi, avval ishonib kelingan juda ko‘p holatlar so‘nggi ilmiy tadqiqotlar asosida butkul boshqacha ekanligi asoslantirildi. Lekin bular haqida biologiya yo‘nalishida o‘qiydigan talabalarning aksariyati deyarli xabardor emas. Ularga biologiya fanidan so‘nggi ilmiy maqolalar bilan tanishish imkoniyati berilsa, ularni ushbu maqolalarning 10 foizini tushunishga ham «tishi o‘tmaydi». Nimaga?! Chunki yangi ma’lumotni tushunish uchun zarur bo‘lgan fundamental bilim mavjud emas! Ushbu gaplarimni mamlakatimiz oliy ta’limi tizimida bakalavr bosqichida tahsil olib, magistratura yoki PhD daraja olgani rivojlangan davlatlarga o‘qishga borgan yoshlar juda yaxshi tushunadilar. Ular xorij o‘qitish tizimiga kirishib ketishga har tomonlama qiynaladilar, boisi bizda avvalo o‘qitish tizimi jahon standartlaridan ancha orqada qolgan. Qolaversa, darsliklarimizdan o‘rganiladigan bilimlar talabalarni zamonaviy darajada qurollantira olmaydi.
  • nashr yili yangi bo‘lsa-da, ayrim o‘zbek tilida chop etilgan darsliklarning ichini varaqlar ekansiz, uni darslik deyishga ham tilingiz bormaydi. Ushbu darsliklarni qaysi ilmiy kengash tasdiqdan o‘tkazar ekan, hayron qolasan kishi. Mavzularning o‘zaro mantiqan bog‘lanmaganligi, ma’lumotlarning bir-birini inkor qilish holatlari, noaniq tarjima tufayli to‘mtoq holatga kelib qolgan ilmiy tushunchalar har qadamda ko‘zga tashlanadi.

Albatta, bu borada olamshumul kashfiyotlar qilish shart emas, shunchaki rivojlangan davlatlar qo‘llaydigan usullardan foydalanish kifoya qiladi deb o‘ylayman. Xitoy davlati misolida aytadigan bo‘lsam, dunyo bo‘yicha fanlar yuzasidan chop etilgan eng mashhur va eng yangi darsliklar chop etilishi bilanoq, bir yilga qolmay xitoy tiliga soha mutaxassislari tomonidan yuqori ilmiy sifatda tarjima qilinib, butun oliy ta’lim muassasalariga tarqatiladi. Talabalar mana shu darsliklarni o‘z ona tillarida o‘qib o‘rganadilar.

O‘z fani bo‘yicha zamonaviy ilm-fanning eng so‘nggi fundamental bilimlari bilan qurollangan talaba sohaga oid so‘nggi chop etilgan ilmiy maqolalarni ham bemalol o‘qib, tahlil qila oladi, fikrini bera oladi. Nega biz mana shunday qila olmaymiz? Qanday to‘siqlar mavjud? Nega Oliy ta’lim vazirligi mana shunday real muammolar bilan yuzlashishni istamaydi?

Shu o‘rinda yana bir jihatni ta’kidlab o‘tishni istar edim, oliy ta’lim muassasalarini so‘nggi rusumdagi laboratoriya, AKT jihozlari bilan ta’minlashdan avval (aslida hali unday emas) ularni sifatli darsliklar bilan ta’minlashni o‘ylash kerak. Zero har qanday amaliy faoliyat asosida kuchli nazariy bilim yotadi. Nazariy bilimi yetarli bo‘lmagan, so‘nggi fan yangiliklari bilan qurollanmagan tadqiqotchidan yangilik, kashfiyotlar kutish yerga urug‘ sepmasdan turib hosil kutish bilan barobar. Ta’lim sohasidagi mana shunday eng quyi, eng mayda muammolarga e’tibor bermas ekanmiz, hali beri bizdan Nobel mukofoti sohib va sohibalari chiqmasligi aniq.

Balki mening aynan darsliklar borasidagi fikrlarim, xavotirlarim, mulohazalarim kimgadir biroz ko‘pirtirilgan bo‘lib ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin, lekin tog‘ning tepasidan ko‘chgan mushdek qor parchasi pastga tushguncha yumalab-yumalab hajman ortib boradi va tog‘ etagiga kelganda ulkan falokatlarga sabab bo‘ladi. Darsliklar borasidagi kamchiliklarimiz ham aslida mana shunday. Umid qilamizki, mas’ul mutasaddilar ushbu muammolarga o‘z vaqtida (aslida vaqti o‘tib ketganiga ancha bo‘lgan) e’tibor qaratishadi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring