Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyuk bir pufak shishib kelmoqda — Murod Muhammad-Do‘st

Buyuk bir pufak shishib kelmoqda  — Murod Muhammad-Do‘st

Foto: vatandosh.uz

Taniqli yozuvchi, o‘z vaqtida Islom Karimovning maslahatchisi sifatida faoliyat olib borgan Murod Muhammad-Do‘st ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali yurtimizda amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga munosabat bildirdi.

— Sanoqsiz sitilar, yilda bir marta majlis o‘tadigan hashamatli binolar, zo‘rlab tiqishtirilayotgan turli «namunali» uylar, boylarga atalgan, lekin haligacha xaridor topilmay bo‘m-bo‘sh turgan qasrnamo uylar uzra buyuk bir pufak shishib kelmoqdaki, bir-ikki yil ichida paq etib yorilib ketishi muqarrar. Pufakni va shu bahona hamyonni shishirayotgan muttahamlar chetga qochadi, aldangan el qoladi, bo‘g‘zigacha qarzga botgan mamlakat qoladi. Keyin nima bo‘lishini o‘ylashga yuragim betlamaydi.

Eshitdimki, Rohatdan nariroqda yana uchta siti - Ekositi, Etnositi va Kinositi qurilarkan.Kinochilar orzu qilgan Kinoakademiya ham o‘sha yerda bo‘larkan. «O‘zbekfilm» atrofida anhorga tutash nechadir gektar bo‘sh yer bor, studiyaning o‘zida 2-3 ta hayhotday pavilon ham bor. O‘shalarni ta’mirlasa, tartibga keltirsa bo‘ladi-ku, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Unda Kinositi bo‘lmay qoladi. Xullas, mutlaqo yangi Kinositi quramiz.

London kabi yirik shaharda bittagina siti bor, bor pul o‘sha yerda aylanadi, Nyu-Yorkda - birgina Uoll Strit, dunyoning yarim puli o‘sha yerda. Tokio, Frankfurt, Maskov... ularda ham ish markazi, ya’nikim oldi-berdi qilinadigan joy - bittadan. Bizda Toshkent Siti, Olmazor Siti, Yunusobod Siti va hokazo sitilar.

Mamlakatdagi yagona birja durustroq ishlamaydi-yu, poytaxtning o‘zida beshta, viloyatlarda bittadan siti (ish markazi) qurishga kirishdik. Odatda ro‘zg‘orni sal butlab olib, keyin yangi imorat quriladi. Lekin bu qoida bizga yarashmaydi. Biz quramiz. Yangidan yangi, o‘zi ham, sarfi ham katta binolarni quraveramiz.

Darvoqe, kuni kecha Qo‘qonda ham siti quriladi, degan xushxabarni eshitdik.

Hamma biladi, avvaliga maktabu kollej qurib pul o‘g‘irladik.

Buyuk shaharlarimiz va buyuk bobolarimizning nomlarini sotib, nechadir mingu yuz yilliklarini nishonlab pul o‘g‘irladik.

G‘ariblikda namuna bo‘ladigan sonsiz uylar qurib pul o‘g‘irladik.

Endi navbat sitilarga keldi.

Sanoqsiz sitilar, yilda bir marta majlis o‘tadigan hashamatli binolar, zo‘rlab tiqishtirilayotgan turli «namunali» uylar, boylarga atalgan, lekin haligacha xaridor topilmay bo‘m-bo‘sh turgan qasrnamo uylar uzra buyuk bir pufak shishib kelmoqdaki, bir-ikki yil ichida paq etib yorilib ketishi muqarrar. Pufakni va shu bahona hamyonni shishirayotgan muttahamlar chetga qochadi, Aldangan el qoladi, bo‘g‘zigacha qarzga botgan mamlakat qoladi. Keyin nima bo‘lishini o‘ylashga yuragim betlamaydi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring