Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir telba rekord tarixi: 65 kun qo‘nmasdan uchgan samolyot (foto)

Bir telba rekord tarixi: 65 kun qo‘nmasdan uchgan samolyot (foto)

Robert Timm va Jon Kuk.

Foto: Howard W. Cannon Aviation Museum

Amerikalik uchuvchilar 1959-yilda o‘rnatgan rekordni haligacha hech kim yangilay olmadi. Aql bovar qilmas, telbalarcha parvoz bo‘lgandi o‘ziyam.

1958-yilning 4-dekabrida havoga ko‘tarilgan samolyot 1959-yilning 7-fevralida yerga qo‘ngan. 64 kun, 22 soat va 19 daqiqalik betinim parvoz!

Qahramonlarimiz — uchuvchilar Robert Timm, Jon Kuk hamda Cessna 172 samolyoti. Ikki oydan ko‘proq davom etgan parvoz davomida ular Nevada shtati (AQSh) osmoni uzra uchib, 240 ming kilometr masofani ortda qoldirishgan. Bu ekvator chizig‘idan 6 marta uzun — Timm va Kuk ixtiyorida kuchliroq samolyot va hozirgi texnik imkoniyatlar bo‘lganidami, Yer sharini naq olti marta (qo‘nmasdan!) aylanib chiqisharmidi?!

O‘shandan buyon amerikaliklarning rekordini yangilayman degan bironta mard topilmadi. Darvoqe, 2 yil avval Zephyr droni shunga o‘xshash betinim parvoz qilgan, ammo 4 soat kamroq uchgan ekan.

Eng uzoq davom etgan yerga qo‘nmasdan qilingan parvoz g‘alati va aqlga sig‘maydigan voqea. Xo‘sh, «telba parvoz» kimga va nega kerak bo‘lgan?

Gap shundaki, o‘sha paytlarda Las-Vegasda Hacienda deb nomlangan kazinoli yangi mehmonxona ochiladi, uning egalari mehmonxona reklamasi joylashtirilgan samolyot juda uzoq vaqt uchib ko‘pchilikning e’tiborini tortishi kerak, degan reja tuzadilar. Ularning baxtiga Ikkinchi jahon urushi uchuvchisi Robert Timm shu mehmonxonada ishlardi, buyog‘i tushunarli.

Timm yolg‘iz ucha olmasligi kundek ravshan edi, sheriklikka Kukni topadi, ikkovlon Cessna 172 samolyotini tanlashadi, faqat biroz o‘zgarishlar kiritib, qo‘shimcha yonilg‘i baki o‘rnatishadi. Shu bilan masala hal degani emas, juda uzoq vaqt uchadigan samolyotga yonilg‘ini havoda quyish kerak bo‘lgan, hech qanaqangi qo‘shimcha bak ham bunga yechim bo‘lolmasdi. O‘ylab-o‘ylab samolyotni pastlatib uchib, yerda shitob bilan ketayotgan yuk mashinasidan yonilg‘ini tortib olishga qaror qilishadi.

Keyinchalik o‘zini oqlagan g‘oya shunday edi: yuk mashinasi uchib borayotgan samolyotga yaqinlashadi, uchuvchilar uni pasaytirishadi, so‘ngra shlangni samolyot bakiga ulab, yonilg‘ini nasosda tortib olishadi.

Foto: Howard W. Cannon Aviation Museum

Darvoqe, «zapravka» payti ekipaj ovqat, suv va boshqa zarar narsalarni ham olgan. Hojatga «chiqish» masalasini esa Timm va Kuk tabiat qo‘ynida foydalaniladigan maxsus ko‘chma hojatxona bilan hal qilishgan — Nevadaning hammayog‘i cho‘l..., buyog‘iga izoh shart emas.

Uchuvchilar navbat bilan samolyot kabinasining ort qismidagi joyda uxlashgan, biroq buni orom olishga hech qanday aloqasi yo‘q. Kam uxlash, charchoq va siqilish oxir-oqibat ekipaj a’zolarini telbaga aylantirayozgan.

Parvozning 36-kuni halok bo‘lishlariga sal qolgan. Shturvalda o‘tirgan Timm uxlab qoladi, avtopilotda turgan samolyot chamasi bir soatlar 1,2 kilometr balandlikda uchadi. Bir necha kun o‘tib, avtopilot ishdan chiqadi, endi uchuvchilar «rulda» aslo uxlay olishmasdi.

Parvozning 65 kuni tugashiga ozgiga qolganida, sabr kosa tugagan uchuvchilar samolyotni qo‘ndirishga qaror qilishadi.

Chapdan o‘ngga: Robert Timm, Preston Foster (aktyor va samolyotni yerdan boshqaruvchi), Uorren Dok Beyli (Hacienda xo‘jayini) va Jon Kuk.
Foto: Howard W. Cannon Aviation Museum

Keyingi voqealar:

Cessna 172 shundan so‘ng bir necha yillar mehmonxonaning ko‘zga ko‘rinarli qismida turdi. Qiziqish pasayib ketgach, kanadalik bir kishiga sotib yuborildi. 1992-yilda uni Hovard Kenon aviatsiya muzeyi sotib oldi, borsangiz o‘sha yerda ko‘rasiz.

Foto: Wikipedia

Tim Kuk mehmonxonadagi ishiga (mexanik) qaytdi. 1976-yilda 50 yoshida vafot etgan.

Jim Kuk uchuvchilik faoliyatini davom ettiradi. 1995-yilda 70 yoshida vafot etgan.

Kukning vafotidan bir yil o‘tib, 1996-yili Hacienda mehmonxonasi buzib tashlanib, o‘rnida mashhur Mandalay Bay mehmonxonasi quriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring