Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«AQSh, Rossiya yoki Xitoy... O‘zbekiston tomon tanlashi kerak emas!» – ekspert

Joriy yilning 17-21 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShda bo‘lib, bir qator muhim siyosiy tadbirlarda ishtirok etdi. Xususan, Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralarida o‘zbek tilida nutq so‘zlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtaldi hamda global va mintaqaviy kun tartibining eng dolzarb masalalari yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining «S5+1» formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Jozef Bayden ikki tomonlama uchrashuvda davlatlararo va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdi.

«Xabar.uz» ayni shu mavzuda siyosatshunos Farhod Karimov va iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul bilan suhbatlashdi.

– Suhbatimiz boshida AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixiga qisqacha nazar tashlasak. AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari yaqin tarixidagi munosabatlari qanday bo‘lgan?

Farhod Karimov, siyosatshunos:

– Bilamizki, dunyoda sanoqli qudratli davlatlar bor. Bu qudratli davlatlarning milliy manfaatlari ularning tashqi siyosatida namoyon bo‘ladi. Ya’ni, buyuk davlatlarni dunyoning istalgan nuqtasida o‘zining iqtisodiy va geosiyosiy  manfaatlari bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, AQShning ham Markaziy Osiyo davlatlarida o‘zining geosiyosiy va geoiqtisodiy manfaatlari mavjud.

1991 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, dunyoning ko‘plab qudratli davlatlari singari AQSh ham bu mintaqaga qiziqa boshladi. Qo‘shma Shtatlar endigina sotsialistik tuzumdan chiqqan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqaga kirishar ekan, bu davlatlarda demokratik tuzumni o‘rnatish, erkin iqtisodiyotni barpo etish, inson huquqlarini ta’minlash va mustaqil siyosat yuritishni davlatlarni shakllantirish uchun munosabatlarga kirishgan. Lekin Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlarining har biri bilan alohida bir munosabat shakllantirdi. Xususan, AQSh 90-yillarda siyosiy va iqtisodiy jihatdan ancha mustaqil  O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan juda yaxshi munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi. Ammo ayrim ob’yektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSh munosabatlari biroz sovuqlashdi. 2005 yilda Andijon viloyatida sodir bo‘lgan voqealarda AQShning ayrim nodavlat tashkilotlarining bilvosita ishtirok etishi, ikki o‘rtadagi ishonchga putur yetkazdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston va AQSh munosabatlari ancha sovuqlashdi.

Lekin Qozog‘iston AQSh bilan yaxshi aloqalar olib bordi. Xususan, Qozog‘istonga Amerikaning bir qancha kompaniyalari katta-katta sarmoya kiritdi. Qirg‘iziston va Tojikiston bilan esa AQSh biroz boshqacha munosabat o‘rnatdi. Chunki bu mamlakatlarda harbiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan Rossiyaning ta’siri kuchli bo‘lgan. Turkmanistonga esa AQSh energiya resurslari bo‘yicha qiziqish bildirgan. Ya’ni, Qo‘shma Shtatlar mintaqa davlatlarining har biri bilan turli darajada aloqalar o‘rnatgan.

Har bir qudratli davlatning o‘z geosiyosiy makoni bor. Shu sababdan ham AQSh Markaziy Osiyoda Rossiyaning harbiy, iqtisodiy va siyosiy ta’sir doirasi katta ekanligini tushunib yetgan holda ehtiyotkor siyosat olib borgan. 2016 yildagi O‘zbekiston tashqi siyosatidagi o‘zgarish AQSh bilan munosabatlarida yangi bir davr boshlanganini bildirdi. Va shundan keyin AQShning O‘zbekistonga qiziqishlari yanada ortdi.

Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– AQSh O‘zbekistonning mustaqilligini Turkiya va Pokistondan keyin tan olgan uchinchi davlat. O‘tgan 30 yillikda Qo‘shma Shtatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlarining munosabatlari turli xil tendensiyalarda kechdi. O‘sha 2005 yildagi Andijon voqealaridan oldin O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalar juda barqaror rivojlanayotgan edi. Aslida Andijon voqeasi ikki davlat munosabatlarini to‘liq uzib tashlamadi. Chunki O‘zbekiston Qo‘shma Shtatlarning Osiyodagi muhim strategik hamkorlaridan biri. Ikki davlat o‘rtasida strategik shartnoma mavjud. AQSh bunday shartnomani bor yo‘g‘i 7-8 ta davlat bilan imzolagan.

Amerikaning boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalariga to‘xtalsak, bu yerda Qozog‘iston muhim o‘rin egallaydi. Chunki, iqtisodiy jihatdan Qozog‘istonning imkoniyatlari yuqori. Biroq mintaqa davlatlari ichida AQSh va boshqa kuch markazlari bilan mustaqil, ko‘p qirrali tashqi siyosatni faqat – O‘zbekiston olib bordi. Masalan, qo‘shni davlatlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Rossiya tuzgan ham iqtisodiy, ham harbiy ittifoqlar a’zosi. O‘zbekiston esa bunday ittifoqlarga a’zo emas.

19 sentyabr kuni AQSh prezidenti tarixda ilk bor Markaziy Osiyo davlat rahbarlari bilan C+5 formatida muzokaralar o‘tkazdi. Shu vaqtga qadar AQSh ma’muriyati Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi ishlar vazirlari darajasidagi C+5 formatida uchrashuvlar o‘tkazib kelgan. Lekin Qo‘shma Shtatlar uchrashuvlarni prezidentlar darajasiga ko‘tardi. Nega bugun AQSh hukumati C+5 formatini prezidentlar darajasiga olib chiqdi?

Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– Menimcha, AQSh C+5 formatini tashqi ishlar vazirlari darajasidan davlat rahbarlari darajasiga olib chiqdi deb aytishga biroz erta. Hozir Amerikada Birlashgan Millatlar Tashkilotining 78-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Shu munosabat bilan butun dunyo liderlari AQShda yig‘ilgan. Ya’ni, Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jo Bayden qulay vaqtdan foydalanib, Markaziy Osiyo davlat rahbarlari bilan uchrashgan bo‘lishi mumkin. Men “bundan buyog‘iga AQSh prezidentining shaxsan o‘zi C+5 uchrashuvlarida ishtirok etadi”, deb o‘ylamayman. Bu uchrashuv yana tashqi ishlar vazirlari darajasiga qaytishi mumkin. Lekin shu format ham mintaqa davlatlari uchun yaxshi imkoniyatlar beradi va bundan faqatgina foydalanish kerak.    

Farhod Karimov, siyosatshunos:

– Haqiqatdan ham mintaqa mamlakatlarining rahbarlari alohida davlat tashrifi bilan AQShga kelgani yo‘q. Lekin Qo‘shma Shtatlar prezidenti har bir Markaziy Osiyo davlat rahbariga maxsus maktub yo‘lladi. Nima bo‘lganda ham AQSh prezidentining shaxsan o‘zi barcha Markaziy Osiyo davlat rahbarlari bilan uchrashish tashabbusini alohida qayd etish kerak. Bundan bilish mumkinki, oldingidan biroz bo‘lsa-da munosabatlarda oldinga siljish bor. Ya’ni, muhimlik darajasi ortib bormoqda. Shuningdek, C+5 formatidagi suhbat davomida keyinchalik davlat rahbarlarining yaqin kelajakdagi uchrashuvini Markaziy Osiyoda tashkil etish bo‘yicha signallar berildi.

Qo‘shma Shtatlar har 5 yilda o‘zining tashqi siyosat strategiyasini belgilaydi. 2017 yilda qabul qilingan yangi strategiyada, AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni yangi bir bosqichga olib chiqishi belgilangan. Ya’ni, AQSh o‘zining tashqi siyosat konsepsiyasida buni belgilab ketgan va bunda O‘zbekistonga alohida urg‘u berilgan. Buni Jo Baydenning yo‘llagan maktubidan ham bilsak bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan ham AQShning o‘zi davlat rahbarlari darajasida uchrashuv tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Boshqa tomondan, bugun dunyoda geosiyosiy jarayonlar o‘zgarib, geosiyosiy makonlarni qayta bo‘lib olish masalasi ko‘tarilmoqda. Bunday vaziyatdan Xitoy foydalanib qolmasligi uchun AQSh qo‘ldan kelganicha harakat qiladi. Shu jihatdan ham AQSh va Markaziy Osiyo davlat munosabatlari yangi bir bosqichga ko‘tarilganini ko‘rishimiz mumkin. Agar kelajakda ham AQSh prezidentlar darajasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikkinchi marta uchrashuv tashkil etsa, Qo‘shma Shtatlar o‘z oldiga belgilagan strategik rejalarni amalga oshirilayotganini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.

AQSh prezidenti bilan uchrashuvda qanday masalalar muhokama qilingan bo‘lishi mumkin?

Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– Qaysi masalalar muhokama etilgani matbuotda e’lon qilindi. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Jo Bayden xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha dunyoda eng faol lider hisoblanadi. U prezidentlik kursiga kelmasidan oldin ham shu siyosatni olib borgan. Hozir musulmon davlatlari orasida mana shu siyosatni qo‘llab-quvvatlayotgan davlat – bu O‘zbekiston hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, xotin-qizlarga e’tibor berishni katta siyosat darajasiga olib chiqdi. Menimcha, bu siyosatni davom ettirish kerak. Chunki o‘zbek xotin-qizlarining imkoniyatlarini ochish, ikkinchi front ochishdek gap. Biz xotin-qizlarning haq-huquqlari joyiga qo‘yilgan, progressiv, demokratik davlatga aylanishimiz kerak.

 Farhod Karimov, siyosatshunos:

– O‘zbekistondagi islohotlar AQSh hukumati tomonidan olqishlanib, alohida qayd etib o‘tildi. Bilamizki, AQSh siyosatida inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash alohida bir yo‘nalish hisoblanadi. Har qanday mintaqaga Qo‘shma Shtatlar investitsiya kiritayotganda, avvalo shu talablarni bajarishni so‘raydi. Mana shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning amalga oshirayotgan siyosatni olqishlandi. Ikkinchi ko‘tarilgan masala – bu iqtisodiyot. Uchrashuvda Markaziy Osiyo boshqa zanjirlardan uzilgan mustaqil iqtisodiyotni shakllantirishda AQSh qanday ishtirok etishi mumkin, degan savol ko‘tarildi. Biz Sovet ittifoqidan ajralganimizga 30 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, ko‘p jihatdan bir-birimizga bog‘liqlik jihatlarimiz bor. Ya’ni, AQSh bu yerda qanday qilib, mustaqil iqtisodiy strukturani shakllantirish masalasini ko‘tardi. Uchinchi masala esa – bu xavfsizlik. Afg‘oniston doim AQSh tashqi siyosatida alohida o‘ringa ega bo‘lgan. Markaziy Osiyo Afg‘onistonga maxsus yuklarni yetkazib berish uchun doim yo‘lak vazifasini bajarib kelgan.

O‘zbekiston Prezidenti BMTning 78-sessiyasida Afg‘oniston masalasini ko‘tardi. Bugun Afg‘onistonni o‘zining holatiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki u yerda million-million tinch aholi yashaydi. Baribir bu yerda asosiy kuch – AQSh. Shu jihatdan Afg‘oniston va Markaziy Osiyo masalalari qisman muhokama qilindi.

Shuhrat Rasulov, iqtisodiy tahlilchi:

– Xitoyning 2013 yilda e’lon qilingan «Bir makon, bir yo‘» loyihasi bor. Bu loyihada Markaziy Osiyo juda muhim o‘rin tutadi. Ushbu yo‘l Kaspiy dengizga boradi. Markaziy Osiyoda AQSh va Xitoy raqobatchi bo‘lsa-da, lekin ularning manfaatlari bu yerda mushtarak. Qo‘shma Shtatlar ham Markaziy Osiyoni qobiqdan chiqishini istaydi. Markaziy Osiyoning izolyasiyadan chiqish yo‘li faqat va faqat Kaspiy dengizi orqali bo‘ladi. Shu ma’noda AQSh va Xitoy loyihalari bir-birini to‘ldiradi. Chunki boshqa yo‘l yo‘q!

Suhbatning to‘liq qismini «Xabar.uz»ningYoutube-sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Sardor Ali suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring