Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

120 yilgacha umr ko‘rish uchun...

120 yilgacha umr ko‘rish uchun...

Foto: Adobe Stock

Uzoq umr ko‘rish uchun qimmatdan-qimmat shifokorlarga qatnash ham, anqoning urug‘idek noyob dorilar ham kerakmas. Asr bilan tenglashish siri shundoqqina yonimizda, o‘zimizda, deyishmoqda olimlar.

Olimlarning son-sanoqsiz tadqiqotlari turmush tarzimiz, masalan, parhez va uzoq umr ko‘rishni belgilab beruvchi irsiyat o‘rtasida chambarchas bog‘liqlik borligini ko‘rsatmoqda. Ana shu ko‘plab parhez rejalari orasida fan nuqtai nazaridan eng diqqatga sazovorlaridan biri — «ochlikni imitatsiyalovchi parhezdir». Yaqinda natijasi e’lon qilingan tadqiqotda shu haqda so‘z boradi. GB News yozishicha, tadqiqotchilar ushbu usul 120 yilgacha umr ko‘rishni ta’minlovchi muhim omilga aylanishi mumkin, deyishmoqda.

Parhezning mohiyati nima yeyishda emas, balki qachon yeyishda!

Janubiy Kaliforniya universitetining Uzoq umr ko‘rish instituti direktori va gerontologiya professori Valter Longo muvozanatlashtirilgan yondashuvni taklif etmoqda: sutkaning 12 soati — ochlik, 12 soati — ovqatlanishga ruxsat etilgan payt. Professorning fikricha, yilda uch marta ketma-ket besh kundan «ochlik parhezi»ni tutish kerak. Bu tartibning afzalligi sifatida kundalik oziq iste’molini keskin kamaytirmagan holda «ochlik parhezi»ga erishish yoki uzoq istiqbolda ratsionni sezilarli o‘zgartirish ko‘rsatilmoqda.

Tanaffusli ochlik turli shakllarda bo‘lishi mumkin. Ba’zilar kun mobaynida 16 soat och yurib, 8 soat davomida ovqatlanishni afzal bilishadi, ayrimlarga esa «500 dan 2» usuli qulay: bunda haftada ikki kun iste’mol miqdori 500 kaloriyagacha bo‘ladi. Turli-tuman bu usullarni umumiy maqsad birlashtiradi: hujayralar qarishi jarayoniga ta’sir ko‘rsatish orqali umr ko‘rish davomiyligini oshirish hamda kasallanish ehtimollarini metabolizm (moddalar almashinuvi) orqali pasaytirish.

Davomiy ochlikning salomatlikka foydasi haqidagi qarashlar tobora asosli dalillar bilan kuchayib boryapti: tadqiqotlarga ko‘ra, ochlik vaznni yaxshilashda yordam beradi, moddalar almashinuvini yaxshilaydi, diabetning 2-toifasi singari surunkali xastaliklar va yuqori qon bosimi xuruji xavfini pasaytiradi.

Ochlikning salomatlik va uzoq umr ko‘rish borasidagi foydalari har qancha jozibador bo‘lmasin, uni to‘liq tushunib yetish uchun hali ko‘p ilmiy izlanishlar talab etiladi. Har qanday holatda ham, o‘z taomnomangizni jiddiy isloh qilishdan avval, shifokor maslahatini olganingiz durust.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring