Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Zuma va «Bengal», irqchilikka boy APL haqida

Zuma va «Bengal», irqchilikka boy APL haqida

Angliya Premer-ligasi nafaqat futbol jozibasi, balki o‘ziga xos mojarolari bilan ham qiziqarli. Manchesterlik shovvozlar, Benjamen Mendi va Grinvud jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanib, futboldagi faoliyatini xavf ostiga qo‘ygan bo‘lsa, Londonning «Vest Hem» klubi futbolchisi Kurt Zuma jonivorlarga nisbatan shafqatsiz munosabati tufayli o‘z karerasini xavfga qo‘ymoqda.

8 fevral kuni internetda Kurt Zuma va uning ukasi Yoan o‘z uyida mushugiga shafqatsiz munosabatda bo‘lgani tasvirlangan video tarqaldi. Futbolchining ukasi Zumaning mushukni to‘pni tepgandek zarba bergan videosini snapchat ijtimoiy tarmog‘iga joyladi.

Britan nashrlaridan biriga ko‘ra, Zumaning bu harakatiga bengal mushugi vazani sindirib qo‘ygani sabab bo‘lgan. Bu holat dunyo bo‘ylab millionlab kishilar, jonivorlarni himoya qilish tashkilotlari va taniqli shaxslarning g‘azabiga sabab bo‘ldi.

«Vest Hem» shoshilinch bayonot berib, Zumaga klub belgilashi mumkin bo‘lgan 250,000 yevro miqdorida jarima belgiladi, futbolchi bilan allaqachon alohida suhbat o‘tkazilganini ma’lum qildi. Zuma barchadan kechirim so‘radi. «Qilmishimni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi, juda ham pushaymonman», – dedi Kurt.

«Biz jonivorlarga nisbatan zo‘ravonlikni hech qachon oqlamaymiz», – deyiladi klub bayonotida. Ammo hammasi shu bilan tugasa, qani?! «Vest Hem» futbolchisining harakatlari jonivorlarni himoya qilish tashkilotlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikning oldini olish bo‘yicha Qirollik jamiyati (RSPCA) ham videoga munosabat bildirdi. Kurt Zuma jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Moliyaviy jihatdan ham katta zarar ko‘ra boshladi.

Jarima ham ommaning jazavasini bosa olgani yo‘q. Futbolchining xatti-harakatini qonun doirasida ko‘rib chiqib, uni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha petitsiyaga 200 mingga yaqin imzo yig‘ildi. Tasavvur qilyapsizmi, 200 ming ovoz…

Buyuk Britaniyada jonivorlarga nisbatan shafqatsizlik uchun 5 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan. BBC xabariga ko‘ra, London politsiyasi hozircha bu borada ish ochmaslik qaroriga kelgan.

«Uotford»ga qarshi o‘yinda ikki jamoa muxlislari ham Zumaga hushtakbozlik qilishdi. Raqib o‘yinchisi bilan to‘qnashib ketgan Kurtga «Mushuging qanday og‘riqni his qilganini sezdingmi, ablah», deya qichqirishgan. Homiylar «Vest Hem»dan yuz o‘girmoqda, Adidas futbolchi bilan shartnomani bekor qilgan.

«Vitality» va «Experience Kissimmee» kompaniyalari klub bilan homiylik va hamkorlik masalasini qaytadan ko‘rib chiqishi haqida bayonot berishdi.

«Zuma yaxshi ish qilmadi. Men uni yoqlamayman. Ammo nahotki bu ishni irqchilikdan ham yomonroq deb hisoblaysiz?! Irqchilik bilan ayblanganlarni ko‘pi bilan bir nechta o‘yinga chetlatishdi va ular keyin yana maydonga qaytishgan. Zumani esa futboldan chetlatishni talab qilishmoqda. Bir insonni yashash uchun moliyaviy manbaidan ayirishni so‘rashyapti. Zumaning qilgan ishi irqchilik qilgan kishilarning ishidan ham yomonroqmi?» – dedi jamoadoshi Antonio.

Mutasaddilar har qancha intilmasin, APLda irqchilik holatlari ko‘p uchramoqda. Zuma ham bundan xoli emas. Ayrim shaxslar qora tanli futbolchining ishi atayin siyosiy-provakatsion maqsadlarda ham ko‘pirtirilayotgan bo‘lishi mumkin. Yozilmagan qoidalar bor: qora tanlilarga hanuzgacha oq tanlilarga qaraganday ijobiy qarashmaydi. Qora tanlilar qonunbuzarmon, jinoyatga moyil sifatida ko‘rilaveradi.

Ma’lumot o‘rnida: «Bengals» zotli mushugi Buyuk Britaniyadagi eng qimmat va eng kam uchraydigan uy mushuklaridan biri. 1970 yillarda AQShda yovvoyi osiyo leopard mushuklari bilan chatishtirilgan mushuklardan kelib chiqqan. Bengal mushukchalarining har biri 2000 funt sterling, o‘zbek so‘mida 25 mln so‘m atrofida turadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring