Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tokio-2020 uchun maxsus ishlangan sport ekipirovkalari taqdim etildi (foto)

Tokio-2020 uchun maxsus ishlangan sport ekipirovkalari taqdim etildi (foto)

Foto: MOQ matbuot xizmati

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha MOQ huzurida tashkil etilgan tezkor shtab faoliyati va Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi uchun maxsus ishlab chiqarilgan sport ekipirovkalari hamda rasmiy liboslarining taqdimoti bo‘yicha matbuot anjumani tashkil qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: MOQ matbuot xizmati

Anjumanning dastlabki qismi tezkor shtab faoliyatiga bag‘ishlandi va unda MOQ departament direktori Alisher Karimov hamda ushbu shtabga rahbar etib tayinlangan Sherzod Toshmatov ishtirok etishdi.

«Xabaringiz bor, hozir koronavirus sabab ko‘p musobaqalar bekor qilindi va endi qayta tiklanmoqda. O‘z navbatida bular terma jamoalarimizning rejalashtirgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Aprel-may oyiga kelib qo‘lga kiritgan litsenziyalarimiz ham ancha ko‘payib qoladi. Hozir barchasi tayyorgarlik bo‘yicha ishlab chiqqan reja bo‘yicha ketmoqda», – dedi Alisher Karimov.

Tashkil etilgan tezkor shtab borasida O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi va ushbu shtabga rahbar qilib tayinlangan Sherzod Toshmatov batafsil gapirib berdi.

«Tezkor shtabning asosiy maqsadi litsenziyaga da’vogar va yo‘llanma olib ulgurgan sportchilar bilan individual tarzda ishlash, ularning sog‘lig‘i va ijtimoiy ahvolini nazorat qilib borish, eng muhimi Olimpiadadagi muvaffaqiyatli ishtirokni ta’minlashdir. Muhtaram Prezidentimiz sportchilarimizni Tokio Olimpiadasiga tayyorlash bo‘yicha bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Biz bunga munosib bo‘lib, zamon bilan teng yurishimiz lozim», – dedi Sherzod Toshmatov.

Olimpiadaga tayyorgarlik haqida gap ketar ekan, unda atletlarimiz, delegatsiya vakillari va qo‘llab-quvvatlash guruhi uchun sport ekipirovkalarini tanlash alohida mavzuga aylanadi.

Foto: MOQ matbuot xizmati

MOQ hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bu borada ham sohaning yetakchi firma va dizaynerlari bilan hamkorlikda ishchi guruhi tashkil qildi. Professional va havaskor dizaynerlarga o‘zlarini ko‘rsatish uchun delegatsiyamizning Tokio Olimpiadasi uchun ekipirovkalari bo‘yicha xalqaro tanlov e’lon qilindi. Tanlovda 100 dan ortiq ishtirokchi o‘z loyihalari bilan qatnashdi. Yakunda esa eng saralari tanlab olinib, Prezident va hukumatimiz rahbariyatiga taqdimot qilib berildi.

Prezident ushbu ekipirovkalarni yaqindan o‘rganib chiqib, ular orasida eng munosiblarini ijobiy baholadi.

Foto: MOQ matbuot xizmati

Matbuot-anjumanining ikkinchi qismida MOQ Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori Xalida Kamilova hamda ekipirovkalar dizayneri Elnora Rizayevalar ishtirok etishdi.

«Tokio-2020 sport ekipirovkalariga shaxsan yurtboshimiz alohida e’tibor qaratmoqdalar. Shu o‘rinda biz ham bu borada yangicha yondashdik. Misol uchun, og‘ir atletika, taekvondo, eshkak eshish kabi sport turi bilan shug‘ullanadigan atletlarimizning tanasi har xil shakllangan. Shu bois ham kiyimlar har bir sport turi bo‘yicha maxsus tayyorlanadi. Ayniqsa, para-atletlarimiz uchun ham ularning klassifikatsiyaga qarab kiyim tayyorlanadi», – dedi Xolida Kamilova.

Foto: MOQ matbuot xizmati
Foto: MOQ matbuot xizmati
Foto: MOQ matbuot xizmati

«Dizayn mamlakatimiz bayrog‘ida aks etgan ranglar asosida tanlandi. Oq rangdan dunyoda ko‘p davlatlarda foydalanishadi. Shu bois ham bizning kiyimimiz ajralib turishi uchun oq va yashil ranglarning uyg‘unligidan foydalanishga harakat qildik. Bu Olimpiada payti Tokioning issiq va nam iqlimida ancha qulay. Qaraganda ham o‘zining jozibasi bilan kishini rom qiladi. Kiyimlardagi naqshlarda boy madaniyatimizni aks ettirishga ham urindik. Bu rang va naqshlar islom dinida xam ijobiy ma’no ifodalaydi. Dunyo ahli bu kiyimlarni ko‘rganida tez suratlarda rivoj topib borayotgan O‘zbekistonni tasavvur qilishi lozim», – dedi liboslar dizayneri Elnora Rizayeva.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring