Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Poytaxtimiz Toshkent yana bir nufuzli turnirga mezbonlik qildi

Poytaxtimiz Toshkent yana bir nufuzli turnirga mezbonlik qildi

Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida o‘tkazilgan NBU CUP ITF JUNIORS J200 xalqaro turniri 30 ga yaqin mamlakatning 100 nafardan ziyod 18 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli raketka ustalarini jamladi.

Xalqaro tennis federatsiyasi reytingida kuchlilar safida borayotgan mahoratli sportchilar qatnashgan bellashuvlarda 11 nafar o‘g‘il va 9 nafar qiz tennischilari yurtimiz sharafini himoya qildi.

To‘qqiz kunlik saralash bahslari natijasida hamyurtlarimiz Artur Ibragimov va Ilya Ignatov juftlik musobaqalarining yarim finaligacha yetib borishdi.

Yarim final bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final musobaqasida niderlandiyalik Abel Forger va rossiyalik Amirxamza Nasredinov, qizlar o‘rtasida finalda esa Yuliya Perapexina hamda Darya Yegorova( Rossiya) bahs olib boradigan bo‘lishdi.

Qizlar o‘rtasidagi juftlik bahslarida rossiyalik Yuliya Perapexina/Kseniya Smirnova – Yekaterina Agureyeva/Darya Yegorova, o‘g‘il bolalar juftligida Abel Forger(Niderlandiya)/Maks Stenzer(Germaniya) - Artem Bogomolov/Ivan Gretetskiy (Rossiya)lar bosh sovrin uchun kurashish imkoniyatiga ega chiqishdi.

Mazkur NBU CUP ITF JUNIORS J200 xalqaro turniri haqiqiy iste’dodlarni kashf etish maydoni bo‘ldi. Murosasiz bahslar natijasida yakkalik bellashuvlarda niderlandiyalik Abel Forger va rossiyalik Yuliya Parapexina g‘oliblikni tantana qilgan bo‘lsa, juftlik o‘rtasida kechgan musobaqada Yuliya Perapexina/Kseniya Smirnova hamda Artem Bogomolov/Ivan Gretetskiy (Rossiya) muvaffaqiyatga erishdi.

-Bu kabi turnirlar O‘zbekistonlik tennischilar uchun eng katta mahorat va tajriba maktabi,-deydi O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova. -Bu yerda xalqaro miqyosdagi tennis ustalarining uslublari namoyon bo‘ladi. Ham do‘stlik, ham sog‘lom raqobat sportchilarning yangi qirralarini ochishga imkoniyat yaratadi. Biz esa aynan shunday nufuzli musobaqalarni tashkillashtirishda moliyaviy ko‘mak berib kelayotgan «O‘zmilliybank»ga minnatdorchilik bildiramiz. Umid qilamizki, ushbu turnirlar natijasiz qolmaydi. Kelgusi musobaqalarda o‘zimizning tennischilar ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritadilar.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari, eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan tennischilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, «O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston tennis federatsiyasini va mamlakatimizda tennisni rivojlantirishni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa mamlakatimizning xalqaro turnirlarga mezbonlik qilishi va tennischilarimizning turli xalqaro musobaqalarda yutuqlarga erishishida ahamiyat kasb etmoqda.

Binobarin, sport nafaqat salomatlik garovi, hamjihatlik va do‘stlik kafolati ham.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring