Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kimga murabbiy kerak?! Mourino, Zidan va yana 5 nafar nomdor ishsiz mutaxassislar

Kimga murabbiy kerak?! Mourino, Zidan va yana 5 nafar nomdor ishsiz mutaxassislar

Foto: «Eurosport»

Jahon futbolining bir qator nomdor murabbiylari 2019-yilni ishsiz kutib olishdi. «Match TV» ularning ro‘yxatini tuzar ekan, yangi yilda bu mutaxassislarga albatta talab bo‘lishini taxmin qildi.

Joze Mourino

Sulsherning yorqin startidan so‘ng, muxlislar Mourino vaqtidagi «MYu» qanaqa bo‘lganini unuta boshlashdi. Misol uchun, Xuan Mata xursand va u Manchesterga «optimizm vaqti» kelganini aytmoqda. O‘tmishda o‘ta salbiy natijalar bo‘lgan degan xulosa chiqarmaslik uchun Lyuk Shou eslatib qo‘ydi: «Mourino bilan jamoa uchta sovrin yutdi. Biz buni hurmat qilishimiz kerak».

Mourino o‘tmishda ko‘plab sovrinlar yutgan, bundan keyin qanday bo‘ladi — hali noma’lum.

OAVda portugaliyalik mutaxassisning yozda «Real»ga qaytishi haqida axborotlar tarqaldi. Bu — klub prezidenti Florentino Peres uchun maqbul variant. Ammo Jozening kelishidan futbolchilar xursand bo‘larmikan?

Zayniddin Zidan

Mana kim bilan «Real» futbolchilari chindan ham baxtli edilar. Zidan «Qirollik klubi»ni chiroyli tark etdi. Jamoa bilan Yevropa chempionlar ligasini ketma-ket uch bora yutdi, endi, aftidan u Madridga qaytish niyatida emas.

Dekabr boshlarida Zidanning o‘g‘li Enso shunday degandi: «Otam yaqin orada murabbiylik ishiga qaytadiganga o‘xshaydi». Zizuni, ayniqsa, «MYu»da ko‘proq kutishmoqda. Mankunianliklarga agar erkinlik berilsa, yorqin va chiroyli o‘yin ko‘rsata olishadi. Zidan esa futbolchilarni jipslashtirish va jamoada ijobiy muhitni ta’minlashni juda yaxshi eplay oladi.

Arsen Venger

«Agar Zidan top darajada ishlamoqchi bo‘lsa, Angliyaga kelishi kerak», shunday degandi «Arsenal»ning sobiq murabbiyi Arsen Venger. Arsenning o‘zi uzoq faoliyatidan so‘ng APL jamoasini tark etdi. Yaqinda tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, unga boshqa chempionat grandi —  «Bavariya» qiziqish bildirgan. Biroq klub sport direktori Xasan Salixamidjich muzokaralar o‘tkazilganini inkor qildi.

Vengerning qaytishi uchun boshqa variant — «Milan». Gattuzo boshqaruvidagi jamoaning natijalari quvonarli emas, shu sabab bu superklub 2019-yilgi mavsumni katta tayinlov bilan boshlab qolishi ham ehtimoldan holi emas.

Antonio Konte

Italiyalik bu nomdor mutaxassis «Chelsi»dan ketganidan buyon, yarim yildan beri ishsiz. Bu orada unga «MYu» va «Real»dan qiziqish bo‘lgani aytildi. Biroq inglizlar Sulsherni vaqtincha murabbiy qilib tayinlashdi va endi Zidan bilan kelishuvga erishish imkoniyatini kutishmoqda. «Qirollik klubi» esa Kontening talablaridan (himoyalangan shartnoma, yiliga 10 mln yevrodan ortiq maosh, besh nafar yordamchisini ham ishga olish) hangu-mang bo‘ldi va kamtarroq nomzodlarni ko‘rib chiqishga qaror qildi.

Kontega yozga qadar munosib ish joyi topilishi qiyinroq. Yozda «Inter» yoki «Roma»da joy bo‘shab qolishi mumkin. Italiyalik murabbiyning yana o‘z vataniga qaytishi ehtimoli yuqoridek ko‘rinmoqda.

Xulen Lopetegi

JCh-2018 ostonasida katta mojaro bilan Ispaniya termasi boshqaruvidan ketgan Xulen Lopetegining «Real»da ham ishi yurishmadi. Lopetegi o‘z xizmatlarini AQSh termasiga taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq tez orada murabbiyning agenti Karlos Buchero buni inkor qildi.

«Hozir Xulen dam olishi va tiklanishi kerak. So‘ng o‘z oldiga yangi maqsadlarni qo‘yishni boshlaydi», degandi Buchero. Hozir bozorda bo‘sh turgan nomdor va kuchli mutaxassislar ko‘pligini hisobga olsak, Lopetegining xotirjamlikka berilishi yaramaydi.

Loran Blan

Yevropaning qaysidir top-klubida bosh murabbiylik o‘rni bo‘shasa, nomzodlar ro‘yxatiga albatta Blan familiyasi ham qo‘shiladi. Mish-mishlar uni «Sevilya», «Roma», «Bavariya», «Barselona» va «Real» kabi klublarga «jo‘natdi». Ammo, Blan 2 yarim yildan beri ishsiz.

Endi Loran Blanda murabbiylik faoliyatini qayta tiklashi uchun bitta yo‘l bor — birorta o‘rtahol jamoada yoki o‘ta nomdor bo‘lmagan terma jamoada ish boshlash.

Andre Villash-Boash

2017-yilning noyabr oyida Villash-Boash Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi bilan shartnomasini uzaytirishdan bosh tortgandi. U murabbiylik ishidan tanaffus oldi va «Dakar-2018» rallisida poygachi sifatida ishtirok etishga yo‘l oldi. U yerda Andre avariyaga uchradi va bel jarohatini olib, uzoq vaqtga «poyga»dan chiqdi. Villash-Boash romantik va avantyurist ekani aniq. U Portugaliya, Angliya, Rossiya va Xitoy klublarida ishladi. Hozir «Al-Nasr» klubi 41 yoshli murabbiyga yiliga 8 million to‘lashga rozi. Bu — Saudiya Arabistoni sarguzashtlarini boshlash uchun ajoyib taklif.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring