Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Falastin murabbiyi: «O‘zbekiston qanotdan hujum qiladigan jamoa»

Falastin murabbiyi: «O‘zbekiston qanotdan hujum qiladigan jamoa»

Foto: Xabar.uz

Falastin terma jamoasi bosh murabbiyi Nureddin Ali JCh-2022 saralashi doirasida O‘zbekistonga qarshi kechgan bahsdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berib o‘tdi.

— O‘zbekiston terma jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Raqib jamoaviy o‘yin tufayli g‘alaba qozondi. Afsuski jamoamiz tarkibida jarohatlanganlar bor edi. Ularning o‘rniga maydonga tushganlar yetarli darajada o‘yin namoyish eta olmadi.

— Falastin o‘z darajasidan past o‘ynadimi yoki O‘zbekiston o‘yinida o‘sish kuzatildimi?
— O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘tkazgan avvalgi o‘yinimizdagi tarkib bilan hozirgisini taqqoslasak, ba’zi yetakchi o‘yinchilarimiz yo‘qligini ko‘rasiz. Aynan ular bizga yetishmadi. Shuningdek termamizga jamoaviy o‘yin ham yetishmadi. Shuning uchun mag‘lubiyatga uchradik.

— So‘nggi o‘n daqiqada jamoangiz hujum qildi, yaxshi o‘ynadi. Siz oxirgi 10 daqiqaga kuchingizni olib qo‘yganmidingiz yoki O‘zbekiston terma jamoasining o‘yini pasayib ketdimi?
— Oxirgi o‘n daqiqa haqida gapirsak, O‘zbekiston 2:0 hisobida oldinda edi va tabiiyki biz hujum qilishimiz shart edi. Shuningdek zaxira almashtirishlarini amalga oshirdik, xususan, yarim himoyachi o‘rniga hujumchi tushirdik. Shu bilan birga O‘zbekiston terma jamoasi ham ikkita gol urib olgandan so‘ng ancha xotirjam harakat qila boshladi.

— Siz O‘zbekiston va Saudiya Arabistoniga qarshi o‘ynadingiz. Bu jamoalar o‘rtasidagi farq haqida nima deya olasiz?
— Bu ikki jamoa ikki xil o‘yin namoyish qiladi. O‘zbekiston terma jamoasi qanotlardan o‘ynaydi va asosiy uzatmalar 14-raqamli futbolchiga (Eldor Shomurodov - tahririyat izohi) uzatiladi. Saudiya Arabistoni esa mayda paslar evaziga markazdan hujum qiladi. Men bugungi o‘yindan oldin futbolchilarimga 14-raqamdan extiyot bo‘lish kerakligini rosa tayinlagan edim. Ammo biz uddalay olmadik.

— Guruhdan chiqish imkoniyatini deyarli yo‘qqa chiqardingiz. Bu mag‘lubiyat keyingi bahslar uchun salbiy ta’sir o‘tkazmaydimi?
— Faqat astoydil mehnat qilib muvaffaqiyatga erishish mumkin. Biz ishlashda davom etamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring