Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dangasa Messi. U hammadan kam yuguradi

Dangasa Messi. U hammadan kam yuguradi

Foto: «Sports.ru»

Yevropa chempionlar ligasida eng kam yugurayotgan hujumchi Lionel Messi. Shveysariyaning «Neue Zürcher Zeitung» gazetasining hisob-kitobiga ko‘ra u o‘yin vaqtining bir daqiqasida o‘rtacha 89,9 metr yugurgan. Agar oddiy odam 5 km/soat tezlikda yurishini hisobga olsak, bir daqiqada 83,3 metr yo‘l bosib o‘tadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Messi o‘yin davomida sizu bizdan biroz tezroq yurgan, xolos.

Solishtirish uchun: Krishtianu Ronaldu o‘rtacha bir daqiqada 101,9 metr harakatlanib, vaqtiga nisbatan kiritgan gollari va golli uzatmalari bilan chempionlar ligasining eng foydali o‘yinchisi degan nomni o‘zida saqlab turibdi. Bu borada ikkinchi o‘rinda Koutino (6196 metr), uchinchi – yana o‘sha Messi (6773 metr).

Messi maydonda harakatlanadigan futbolchilar orasida faqatgina «Manchester Yunayted» markaziy himoyachisi Erik Bayidan ko‘proq yugurgan. Fransiyalik himoyachining o‘rtacha ko‘rsatkichi daqiqasiga 88,2 metrni tashkil etadi.

Darvozabonlar ichida eng ko‘p «yo‘l bosib o‘tgani» Diyego Benalo bir daqiqada o‘rtacha 58,1 metr ko‘rsatkichga ega.

Chempionlar ligasida daqiqasiga yugurish bo‘yicha kuchli uchlikka kiruvchi o‘yinchilar: Bruno Kosta («Portu») – 143,7 m; Adam Lallana («Liverpul») – 142,6 m; Mahmud Dovud («Borussiya» D) – 141,7 m.

Kuchli o‘nlikda, shuningdek, Jeyms Milner («Liverpul» – 139,6 m), Koke («Atletiko» – 138,5 m) va Kristian Eriksen(«Tottenxem» – 137,4 m)lar bor.

Messining «yugurmasligi» yangilik emas. 2014 yilgi jahon chempionatidan so‘ng FIFA o‘yin vaqtida yugurish bo‘yicha umumiy statistikani e’lon qilgan, unga ko‘ra  Messi bor-yo‘g‘i 30-o‘rinda qayd etilgan edi. Vaholanki, Argentina o‘sha turnirda finalgacha yetib borib, eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan jamoalardan biri bo‘lgan edi. O‘shanda ham ko‘pchilik tomonidan tanqid qilingan Messi jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi degan nomga sazovor bo‘lgan edi. Hozir esa «dangasa» Messini bukmekerlar navbatdagi «Oltin to‘p»ga eng asosiy da’vogar sifatida tilga olishmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring