Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chempionlar ligasida «kambek»lar o‘nligi

Chempionlar ligasida «kambek»lar o‘nligi

Foto: «Championat.com»

Yevropa chempionlar ligasi chorak finalidagi ajoyib uchrashuvlar hamon muhokama markazida. 10-apreldagi «Roma» – «Barselona» bahsida ko‘pchilik uchun kutilmagan natija qayd etildi: rimliklarning birinchi o‘yindagi yirik mag‘lubiyatidan so‘ng hamma Kataloniya klubining yarim finaldagi raqibi bilan qiziqayotgan edi. Ammo Yevropa chempionlar ligasi ana shunday «kambek»lari bilan jozibali ekanligini eslatib qo‘ydi. «Yuventus» va «Real» uchrashuvi esa musobaqaning yana bir bezagiga aylandi.

Shularni hisobga olgan holda chempionlar ligasi tarixidagi eng mashhur «kambek»lar o‘nligini tuzib chiqdik.

    1. «Real» – «Volfsburg» – 3:0 (dastlabki o‘yin – 0:2)
      2015/16-yilgi chempionlar ligasining 1/4 final bahsi.
        Madridliklar uchun dastlabki bahs ancha omadsiz kechdi – 0:2. Biroq javob o‘yinida hammasi o‘z joyiga tushdi. Krishtianu Ronaldu «xet-trik»ka erishdi, «Real» yarim finalga yo‘l oldi va yakunda turnir g‘olibiga aylandi.
      1. «Bavariya» – «Portu» – 6:1 (dastlabki o‘yin – 1:3)

2014/15-yilgi chempionlar ligasining 1/4 final bahsi.

«Bavariya» Portugaliyada kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. Biroq o‘z uyidagi bahsning birinchi bo‘limidayoq beshta to‘p kiritib, raqibni «yer tishlatdi». Gvardiola jamoasi yarim finalda «Barselona» to‘sig‘idan o‘ta olmadi.

      1. «Chelsi» – «PSJ» – 2:0 (dastlabki o‘yin – 1:3)

2013/14-yilgi chempionlar ligasining 1/4 final bahsi.

Mourino jamoasi dastlabki bahsdagi 1:3 hisobini esdan chiqarishga o‘zida kuch topdi. Hal qiluvchi gol so‘nggi daqiqalarda Demba Ba tomonidan kiritildi. «Chelsi» keyingi bosqichga chiqdi, ammo yarim finalda Madridning «Atletiko»siga imkoniyatni boy berdi.

        1. «Manchester Yunayted» – «Olimpiakos» – 3:0 (dastlabki o‘yin – 0:2)

2013/14-yilgi chempionlar ligasining 1/8 final bahsi.

Mankunianliklarning Gretsiyadagi kutilmagan mag‘lubiyatidan keyin chorak finalga chiqish imkoniyati kamayib ketgan edi. Javob o‘yinida van Persining «xet-treg»i evaziga g‘alaba qozongan jamoa chorak finalda «Bavariya»ga yutqazib qo‘ydi.

5. «Barselona» – «Milan» – 4:0 (dastlabki o‘yin – 0:2)

2012/13-yilgi chempionlar ligasining 1/8 final bahsi.

«Milan» o‘z uyida kataloniyaliklarni sensatsion tarzda mag‘lub etib, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini oshirib oldi. «Kamp Nou»da «Barselona» Messining «dubl»i, Alba va David Vilyaning gollari evaziga tezkor revansh oldi. Kataloniyaliklar keyingi bosqichda ham g‘alaba qozonib, yarim finalda «Bavariya»ga yutqazishdi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra – 0:7.

6. «Chelsi» – «Napoli» – 4:1 (qo‘shimcha vaqtda, dastlabki o‘yin – 1:3)

2011/12-yilgi chempionlar ligasining 1/8 final bahsi.

 «Chelsi» chempionlar ligasidan chiqib ketishiga bir necha daqiqa qolganida Lempardning penaltidan kiritgan goli evaziga qo‘shimcha taymlarga yo‘l oldi. Keyin Dide Drogba ishga tushdi va hal qiluvchi zarbasi bilan jamoasini keyingi bosqichga olib chiqdi. O‘sha turnir finalida «Bavariya»ni yenggan londonliklar ilk bor chempionlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritishgan edi.

7. «Monako» – «Real» – 3:1 (dastlabki o‘yin – 2:4)

2003/04-yilgi chempionlar ligasining 1/4 final bahsi.

Bu bahs chempionlar ligasidagi eng kutilmagan natijalardan biri, ammo o‘sha yili sodir etilgan asosiy «kambek» emas. O‘sha yili «Monako» finalgacha yetib borib, Maurinoning «Portu»siga imkoniyatni boy bergan.

8. «Barselona» – «Chelsi» – 5:1 (qo‘shicha vaqtda, dastlabki o‘yin – 1:3)

1999/00-yilgi chempionlar ligasining 1/4 final bahsi.

 «Chelsi» o‘z uyida «Barselona»ni ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Londonliklar 3:0 hisobida oldinda borayotganida Figu kataloniyaliklarga imkoniyat taqdim etuvchi golga mualliflik qildi. Javob o‘yinida «Barsselona» 5:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo baribir yarim finalda «Valensiya»ga mag‘lub bo‘ldi.

9. «Deportivo» – «Milan» – 4:0 (dastlabki o‘yin – 1:4)

2003/04-yilgi chempionlar ligasining 1/4 final bahsi.

Shubhasiz, o‘sha mavsumning eng unutilmas uchrashuvi. Dastlabki bahsdagi 1:4 hisobi galisiyaliklarni keyingi bosqichdan mosuvo qilgandek edi. Ammo «Riasor»dagi dahshatli «kambek» «Deportivo» nomini tarixga muhrladi. Dastlabki taymdayoq 3 to‘p kiritgan ispanlar «Milan»ni shok holatiga tushirdi. Yarim finalda «Deportivo»ni bo‘lajak chempion «Portu» to‘xtatdi.

10. «Barselona» – «PSJ» – 6:1 (dastlabki o‘yin – 0:4)

2016/17-yilgi chempionlar ligasining 1/8 final bahsi.

Bu bahs ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Parijdagi 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng «Barselona»ning ashaddiy muxlislari ham shaxmatga qiziqishni boshlab yuborishgan edi. Ammo so‘nggi daqiqagacha umidni uzmagan kataloniyaliklar yakunda 6:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Keyingi o‘yinda «Barselona» «Yuventus»ga yutqazdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring