Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya O‘zbekistonga yanada ko‘proq sarmoya kiritish niyatida – Yocimasa Hayashi

Yaponiya O‘zbekistonga yanada ko‘proq sarmoya kiritish niyatida – Yocimasa Hayashi

Ikki davlat bosh diplomatlari V.Norov va Yo.Hayashi.

Foto: O‘zbekiston TIV

24-dekabr kuni Tokio shahrida O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Vladimir Norov hamda Yocimasa Hayashi uchrashdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqotda oliy va yuqori darajadagi robitalar natijasida erishilgan kelishuvlarni har tomonlama amalga oshirish muhimligi qayd etilgan. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan.

V.Norov O‘zbekiston logistika, transport, ta’lim va yashil energiya sohalaridagi o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini ta’kidlagan.

O‘z navbatida, Yo.Hayashi Yaponiya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ijobiy qabul qilib, o‘zaro manfaatli aloqalarni, jumladan, hukumat tomonidan suveren kafolatlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni kengaytirishga shay ekanini qayd etgan. Bu yo‘nalishdagi birinchi loyiha Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida Yaponiya kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida bug‘-gazli elektr stansiyasini qurish bo‘ladi.

Vazirlar uchrashuvida O‘zbekiston kompaniyalarini yapon brendlari ostida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish tarmog‘iga kiritish, umuman, to‘qimachilik sanoatida hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etilgan.

Kadrlar tayyorlash, turizm va madaniyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashilgan. Ikki mamlakat xalqaro institutlar doirasida muloqotni davom ettirishi va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat bosh diplomatlari Tokioda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo+Yaponiya» muloqotining 9-yig‘ilishi doirasida uchrashgan.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilgan.

Kunchiqar o‘lka Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda ishonchli hamkor ekani, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti, sanoat va infratuzilma modernizatsiyasiga salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlangan.

Avval xabar berganimizdek, Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yocimasa Hayashi joriy yil 29-30- aprel kunlari mamlakatimizga tashrif buyurdi.

E’tiborga molik jihati, bu – Yaponiya TIVning so‘nggi 12 yil ichida O‘zbekistonga ilk tashrifidir. Kunchiqar o‘lka bosh diplomatini prezident Shavkat Mirziyoyev ham qabul qilgandi.

V.Norov hamda Yo.Hayashining tashrifi ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligida amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 yil ichida 230 barobar o‘sgan. Yaponiya hukumatining imtiyozli kredit va grantlari asosida energetika, kimyo, neft-kimyo, infratuzilma, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qiymati 7 milliard dollardan ziyod bo‘lgan o‘nlab loyihalar hayotga tatbiq etilgan.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring