Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Gruziya, AQSh va Janubiy Koreya elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Gruziya, AQSh va Janubiy Koreya elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-may kuni Gruziya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Zurab Abdushelishvili, Deniyel Rozenblyum va Kan Chje Kvondan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Keyingi yillarda mamlakatimiz xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Markaziy Osiyo va MDH davlatlari, Amerika, Yevroosiyo va Afrikaning yetakchi mamlakatlari bilan munosabatlar mustahkamlanib, amaliy hamkorlik tobora faollashayotgani bundan dalolat beradi.

O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi, avvalo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda parlamentlararo aloqalar ham faollashdi.

Gruziya bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat, transport, logistika va turizm sohalarida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratilgan aniq loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlarining do‘stlik va har tomonlama hamkorlik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini yuqori baholadi.

O‘tgan yil may oyida AQShga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi bosqichni boshlab berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun barcha darajalardagi muloqot va almashinuvlar faollashgani kuzatilmoqda. AQSh savdo vaziri Uilbur Ross, kongressmenlar Trent Kelli va Visente Gonsales, Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant va boshqalar boshchiligidagi yuqori darajadagi delegatsiyalarning mamlakatimizga tashriflari samarali bo‘ldi.

Amerikaning yetakchi kompaniya va banklari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlarini ta’minlash sohasida, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot amalga oshirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje Inning o‘tgan oyda O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksak bosqichga olib chiqib, ularni yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.

Mamlakimiz Koreya Respublikasi rahbariyatining Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi izchil siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz yangi tayinlangan elchilar faol diplomatik faoliyati bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi.

O‘z navbatida, Favqulodda va muxtor elchilar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida samarali davlatlararo munosabatlarni izchil rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring