Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saylov qonunchiligini takomillashtirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Saylov qonunchiligini takomillashtirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Foto: «Lenta.ru»

17 noyabr kuni Buxoro shahrida «Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot» mavzuidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini davom ettirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Konferensiyaning ikkinchi kuni saylov jarayonlarida zamonaviy axborot-komunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.

Anjumanning bugungi ishida Saylov tizimi bo‘yicha xalqaro ekspertlar markazi (Niderlandiya), Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi kotibiyati (Janubiy Koreya), Qirg‘iziston Respublikasi saylovlar va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat personallashtirish markazi vakillari va boshqalar ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar saylov jarayoniga zamonaviy axborot- texnologiyalarini joriy etishning o‘ziga xos xususiyatlari, mazkur muhim siyosiy tadbirni o‘tkazishda foydalaniladigan texnik bazani modernizatsiya qilish masalalariga batafsil to‘xtalishdi va milliy ish tajribasi bo‘yicha fikr almashishdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 oktyabrda qabul qilingan «Saylov jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori milliy saylov tizimiga saylov jarayonini boshqarishda Axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYaER)ni joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur axborot tizimi huquqiy tajriba tartibida 2017 yil dekabr oyida Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlari saylovida sinovdan o‘tkazilib, mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan ijobiy baholangan edi. Uning afzalligi shundaki, ushbu tizim «bir saylovchi – bitta ovoz» tamoyilini ta’minlash, bir saylovchining bir necha ro‘yxatlarga kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ma’muriy-hududiy birliklar kesimida hamda xorijda bo‘lgan umumiy saylovchilar sonini, saylov okruglari va uchastkalari bo‘yicha saylovchilar normalarini belgilash uchun qulay imkoniyat yaratadi. Yagona elektron ro‘yxatni qo‘llashni tartibga soluvchi normalar Saylov kodeksining loyihasiga kiritilgan.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari YeXHT ishtirokchi – davlatlarida saylovchilar elektron ro‘yxati amal qilishining amaliy jihatlari, ovoz berishning yangi texnologiyalari, O‘zbekistonda SYaERni yaratish mexanizmini amalga oshirish yo‘nalishlari va asosiy bosqichlari, 2019 yilda o‘tkaziladigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rishda saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, jarayonda davlat organlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik, ma’lumotlar bazasi xavfsizligini ta’minlash kabi masalalarni muhokama qilish asnosida o‘zaro fikr almashdilar.

Konferensiyada tinglangan ma’ruzalar yuzasidan munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Xorijlik ekspertlar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadilar hamda samarali hamkorlik uchun samimiy minnatdorlik bildirishdi.

Tadbirda xorijiy davlatlarning saylov tizimini takomillashtirish tajribasi haqida ham atroflicha fikr yuritildi. Mazkur xalqaro anjuman saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati ustida ishlash masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashinishda keng muloqot minbari sifatida ahamiyat kasb etgani e’tirof etildi.

Dolzarb mavzu bo‘yicha amaliy muloqotlarga boy bo‘lgan konferensiyada Saylov kodeksi loyihasiga SYaERning dasturiy ta’minotini yaratishda foydali bo‘lgan aniq takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Xalqaro anjuman yakunlanganidan so‘ng xorijlik ishtirokchilar uchun qadimiy Buxoro shahrining tarixiy me’moriy yodgorliklari va boshqa diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayohat uyushtirildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring