Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Prezident qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Foto: Google.com

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida q a r o r imzoladi.

Respublikada iqtisodiyot barqaror o‘sishini ta’minlashga va aholining farovonlik darajasini oshirishga, yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talab-ehtiyojni uzluksiz qanoatlantirishga qaratilgan neft-gaz, elektr energetika, ko‘mir, kimyo, qurilish industriyasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining mavjud quvvatlari energiya resurslariga ortib borayotgan talab-ehtiyojni to‘liq darajada ta’minlamayapti, mamlakatimiz iqtisodiyotining energiya sarfi hajmi rivojlangan mamlakatlarning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqoridir.

Hozirgi vaqtda asosan gidroelektrostansiyalar ishlab chiqarayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi umumiy hajmining atigi o‘n foizi to‘g‘ri kelmoqda. Nihoyatda katta salohiyat mavjud bo‘lishiga qaramasdan, quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalarining imkoniyatlaridan to‘liq darajada foydalanilmayapti.

Shu munosabat bilan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish davlat siyosatining hozirgi bosqichdagi dolzarb yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi lozim.

Ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, mavjud resurslarni va ishga solinmagan salohiyatni jalb etish orqali energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya sarfi hajmini keskin kamaytirish borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish, shuningdek, yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

a) O‘zbekiston Respublikasining «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunidaqayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi imtiyoz va preferensiyalar, shu jumladan, quyidagilar:

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga mol-mulk solig‘ini hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan;

ishlab turgan energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilgan;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 noyabrdagi «Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3379-son qarori bilan o‘rnatilgan tartibga muvofiq 2018 yil 1 yanvardan boshlab:

davlat organlari va muassasalarining bino va inshootlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uy-joy fondini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish, qurish va foydalanishga topshirishda ularda energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilganligi yuzasidan shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi tekshiriladi;

yakka tartibdagi uy-joy qurilishidan tashqari, barcha bino va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda, issiq suv ta’minoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitkich qurilmalarini, shuningdek, energiya tejamkor lampalarni majburiy tartibda o‘rnatish ko‘zda tutiladi.

2. Energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha vazirlik va idoralarning, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha korxonalari va tashkilotlarining ishi qoniqarsiz deb topilsin.

3. Ma’muriy binolarda, aholi punktlarida va ishlab chiqarish ob’yektlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishi yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining birinchi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlari shaxsan javobgar ekanligi ko‘rsatib o‘tilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish kompleks dasturi (keyingi o‘rinlarda – Kompleks dastur) ma’qullansin:

a) quyidagilarni:

qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirishning maqsadli parametrlarini 1-ilovaga muvofiq tasdiqlash, ularning ulushini 2030 yilga borib elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini yanada oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni 2-ilovaga muvofiq tasdiqlash;

b) mintaqalarda ijtimoiy soha ob’yektlarini (ta’lim muassasalari, shu jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash ob’yektlarini) energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, shuningdek:

issiq suv va elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun zamonaviy quyosh fotoelektrik stansiyalari va quyosh suv isitkichlarini (markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimlariga ulangan ob’yektlar bundan mustasno), shuningdek, energiya samarador, shu jumladan, bivalent isitish tizimlarini bosqichma-bosqich o‘rnatish, xususan, zamonaviy issiqlik nasoslari va rekuperatorlarini joriy etish;

binolarning issiqlik himoya tizimini yaxshilash, ikki kamerali va energiya samarador deraza bloklarini, svetodiodli manbalarni o‘z ichiga olgan sensorli datchiklar, shuningdek, havo rekuperatorlari va boshqa tizimlarni o‘rnatish hisobiga Nukus shahrida, viloyat markazlarida va viloyatlarning shaharlarida energiya iste’molini kamaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

v) xususiy xonadonlarda quyosh fotoelektrik stansiyalari (o‘rtacha 2 kVt) va quyosh suv isitkichlarini(o‘rtacha 200 litr) o‘rnatish;

g) maishiy iste’molchilarning, shuningdek, yuridik shaxslarning nostandart gaz-gorelkali qurilmalarini zamonaviy va energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarga almashtirish;

d) Quyosh fotoelektrik stansiyalari va quyosh suv isitish qurilmalari bilan jihozlash tavsiya etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining ma’muriy binolari va infratuzilma ob’yektlari ro‘yxatini 3-ilovaga muvofiq tasdiqlash.

5. O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zlariga tegishli mablag‘lari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli kredit resurslari, xorijiy donorlarning texnik ko‘magi mablag‘lari (grantlari) Kompleks dasturning chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Kompleks dasturni amalga oshirishga kredit resurslarini va texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlarni) jalb etish maqsadida xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va xorijiy donorlar bilan muzokaralar olib borsin.

6. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan quyidagi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasidamoliyalashtiriladi:

a) jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:

quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 million so‘mdan;

quyosh suv isitkichlar uchun – 1,5 million so‘mdan;

gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming so‘mdanoshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etish;

b) jismoniy va yuridik shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilishga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga quyidagi kompensatsiyalarni taqdim etish:

jismoniy shaxslarga – 500 million so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 8 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

yuridik shaxslarga – 5 milliard so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

v) energiya samarador, energiya tejovchi texnologiyalar va uskunalarga, shuningdek, ularni sinash metodlariga nisbatan talablarni o‘rnatadigan xalqaro standartlarni ishlab chiqish va qabul qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Energetika vazirligi ikki oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish mexanizmini belgilasin.

7. Belgilansinki, har yili:

15 sentyabrga qadar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar kelgusi yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador va energiya tejovchi boshqa uskunalar bilan jihozlanishi, shuningdek, issiqlik himoyasini yaxshilash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish lozim bo‘lgan ob’yektlar ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda – Ro‘yxat)gakiritish uchun Energetika vazirligiga takliflar kiritadi;

1 oktyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha, shuningdek, tuman va shaharlar kesimida moliyalashtirishning aniq hajmlari va manbalarini ko‘rsatgan holda Ro‘yxatni shakllantiradi;

15 oktyabrga qadar Energiya samaradorligini va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi Ro‘yxatni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;

Ro‘yxatda nazarda tutilgan moliyaviy mablag‘larning hajmi Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining har yili tasdiqlanadigan Davlat budjeti parametrlariga kiritiladi.

8. Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

a) yakka tartibdagi uy-joy qurilishidan tashqari barcha binolar va inshootlarni loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurishda:

qurilish normalari va qoidalariga muvofiq binolarning energiya samaradorligini ta’minlash;

loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda qurilish normalari va qoidalarining talablarini inobatga olgan holda binolar va inshootlar energiya samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘limini taqdim etish majburiy tartibda nazarda tutiladi;

b) davlat organlari va tashkilotlari o‘z balansidagi binolar va inshootlarda yoritish tizimlari uchun svetodiodli manbalarni o‘z ichiga olgan sensorli datchiklar, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni o‘rnatishga majburdir;

v) mahsulot (uskunalar, tovarlar) va texnologiyalarningenergiya samaradorligi darajasi yoki texnik ko‘rsatkichlarini belgilash ularni O‘zbekiston Respublikasining akkreditatsiya qilingan organlari tomonidan sertifikatlashtirishda majburiy hisoblanadi.

Qurilish vazirligi Energetika vazirligi va «O‘zstandart» agentligi bilan birgalikda 2019 yil 1 noyabrga qadar:

yangidan qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan bino hamda inshootlarning energiya samaradorligiga nisbatan talablarni tubdan oshirish maqsadida shaharsozlik normalari va qoidalarini qayta ko‘rib chiqsin;

bino va inshootlarning energiya samaradorligi darajasini (A, B, V va boshqa darajalar) belgilash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

9. «O‘zstandart» agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligining 6-ilovadagi ro‘yxat bo‘yicha mamlakatimiz korxonalarida energetika menejmentini boshqarish tizimini xalqaro standartga (ISO 50001) muvofiq 2019 yil 1 dekabrdan 2023 yil 1 yanvarga qadar bosqichma-bosqich tatbiq etish to‘g‘risidagitaklifiga rozilik berilsin, mazkur tizimda quyidagilar nazarda tutiladi:

energiya iste’moli samaradorligini baholashning shaffofligi va xolisligi, korxonalarning energiya sarfi hajmini pasaytirish, shuningdek, atmosferaga chiqarib tashlanadigan chiqindilarni kamaytirish;

resurslarni, birinchi navbatda moliyaviy mablag‘larni minimal darajada sarflab energiya iste’molini boshqarish samaradorligiga erishish, korxonalar aktivlarining kapitallashuv darajasini oshirish;

ishlab chiqarilayotgan mahsulot, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish.

10. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va «O‘zstandart» agentligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda energiya samarador, energiya tejovchi texnologiya va uskunalarga nisbatan talablarni o‘rnatuvchi standartlashtirish bo‘yicha amaldagi normativ hujjatlarni xatlovdan o‘tkazsin;

ikki oy muddatda 2019-2020 yillar energiya samarador, energiya tejovchi texnologiyalar, uskunalar va ularni sinash metodlariga nisbatan talablar o‘rnatuvchi zarur xalqaro standartlarni qabul qilish tarmoq grafigini tasdiqlasin;

ikki oy muddatda 2020 yil 1 avgustga qadar energiya sarflovchi uskunalarni energiya samarador va energiyani tejash ko‘rsatkichlariga muvofiqligini sinovdan o‘tkazuvchi zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

11. 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ilgari foydalanilgan generator uskunalari, kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellar, shuningdek, energiya samaradorligi D toifadagi energiya sarflovchi uskunalarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlansin.

Belgilansinki, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari uchun elektr texnika uskunalari va qurilmalarini, shuningdek, butlovchi buyumlar va materiallarni xarid qilish «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

12. Quyidagilar:

Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Respublikasi komissiyasi) yangilangan tarkibi 5-ilovaga muvofiq;

energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika komissiyasi (A.N.Aripov):

2019 yil 15 oktyabrga qadar energiya samaradorligini oshirish va yoqilg‘i-energetika manbalarini tejash ko‘rsatkichlarini aniqlash metodikasini tasdiqlasin;

2019 yil 20 oktyabrga qadar kelgusida energiya samaradorligini baholash va yoqilg‘i-energetika manbalarini tejash maqsadida energiya sarfi hajmi katta bo‘lgan korxonalar kesimida iqtisodiyot tarmoqlari ro‘yxatini shakllantirsin;

2019 yil 20 dekabrga qadar 2020-2022 yillarda kamida 2,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi, 2,4 milliard metr kub tabiiy gaz va 20 ming tonna neft mahsulotlarini tejashni nazarda tutuvchi iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha energiya samaradorligini oshirish va yoqilg‘i-energetika manbalarini tejash maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlasin;

zarur hollarda Kompleks dastur parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin;

mazkur qarorda belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etsin va muvofiqlashtirsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Respublika komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

13. Belgilansinki:

a) O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirishni ta’minlash, mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha toifadagi iste’molchilarda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagiloyihalarni muvofiqlashtirish va boshqarish,shuningdek, ularni amalga oshirish davrida monitoring va hisobotlarni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organ sifatida ishtirok etadi;

Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha xalqaro agentlikda (IRENA) O‘zbekiston Respublikasining milliy muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanadi;

b) qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari va dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan kelishilishi shart.

14. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, iqtisodiyotning energiya sarfi hajmini pasaytirish sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, shuningdek, energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalar faol joriy etilishini rag‘batlantirish;

energiya samaradorligini oshirish maqsadida, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkillashtirish va o‘tkazish orqali investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

davlat organlari va tashkilotlarida, iqtisodiyot tarmoqlari tashkilotlarining ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy energiya samarador va energiya tejovchi texnologiyalar joriy etilishini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, energiya resurslarini sarflash samaradorligi monitoringini amalga oshirish;

xalqaro tajribani hisobga olib va zarur bo‘lganda, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda energetika auditi sohasidagi mutaxassislar va energetika xizmatlarini yetkazib beruvchilar malakasini oshirish uchun treninglarni tashkillashtirish;

energiya auditorlari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilash, yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilari majburiy energetik tekshiruvdan o‘tkazilishi va tegishli tavsiyalar bajarilishining monitoringini, shuningdek, energiya servis kompaniyalari faoliyati monitoringini amalga oshirish;

idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar yuridik shaxslarga nisbatan yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarasiz foydalanganlik uchun iqtisodiy jazo choralarini qo‘llash.

15. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirliginingmarkaziy apparati tuzilmasida Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorlik va energiya tejamkorlik bo‘yicha departament tashkil qilinsin.

Tashkil etilayotgan bo‘linmani to‘ldirish maqsadida Energetika vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan 10 nafar boshqaruv xodimlaridan iborat qo‘shimcha shtat birliklari quyidagilar hisobidan ajratilsin:

2 ta birlik – Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – O‘zneftgazinspeksiya) hududiy bo‘linmalarining tegishli shtat sonini qisqartirish hisobiga;

3 ta birlik – Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – O‘zenergoinspeksiya) hududiy bo‘linmalarining tegishli shtat sonini qisqartirish hisobiga;

5 ta birlik – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hududiy bo‘linmalarining tegishli shtat sonini qisqartirish hisobiga.

16. Energetika vazirligi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga O‘zenergoinspeksiya va O‘zneftgazinspeksiyaning taqdimnomalarini bajarmaganlik, shuningdek, majburiy energetik tekshiruvlar va ekspertizalar o‘tkazmaganlik uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. «O‘zeltexsanoat» uyushmasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va tarmoq korxonalari bilan birgalikda 2020 yilning oxiriga qadar reaktiv quvvatni tiklovchi qurilmalar (kondensator batareyalari), rele himoyasi mikroprotsessor bloklari, chastotali o‘zgartirgichlar, bir tekis ishga tushirish qurilmalari hamda energiya tejovchi boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish choralarini ko‘rsin.

18. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bir hafta muddatda quyosh suv isitkichlari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar hamda energiya tejovchi boshqa turdagi uskunalarning afzalliklarini, shu jumladan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, uskunalarning qiymati va iste’molchilarning mablag‘lari tejalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aholi o‘rtasida keng yoritish bo‘yicha media-rejani tasdiqlasin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

20. Energetika vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.G‘ulomov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV

Toshkent shahri,

2019 yil 22 avgust

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring