Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Malayziya yangi aloqa nuqtalarini izlamoqda

O‘zbekiston va Malayziya yangi aloqa nuqtalarini izlamoqda

O‘zbekiston TIV B.Saidov hamda Malayziya bosh vaziri A.Ibrohim.

Bugun, 28 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Kuala-Lumpurda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashdi.

O‘zbekiston bosh diplomatiga ko‘ra, suhbat chog‘ida ikki tomonlama aloqalarni barcha yo‘nalishlarda mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli mavzular, jumladan, Malayziya kompaniyalari bilan sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. B.Saidov Malayziya bosh vaziriga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomini yetkazdi.

«Biz ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni, ayniqsa, savdo, sarmoya va strategik robitalarni takomillashtirish ahdida sobit ekanimizni bildirdik. Shu bilan birga, o‘zaro manfaatli bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan, IHT doirasida hamkorlik, G‘azodagi vaziyat, Afg‘onistonda hodisalar yuzasidan fikr almashdik. Men ushbu uchrashuv Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va mustahkamlashga xizmat qiladi deb hisoblayman», – deb yozdi Malayziya bosh vaziri ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida.

Baxtiyor Saidov safari davomida Malayziya tashqi ishlar vaziri Muhammad Hoji Hasan bilan ham muloqot o‘tkazdi.

«Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi masofa ulkan bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston va Malayziya tashqi ishlar vazirliklari doimiy ravishda yangi aloqa nuqtalarini izlaydi hamda siyosiy, parlamentlararo, iqtisodiy, madaniy va gumanitar muloqotni kengaytirishga ko‘maklashadi», – deb izohladi u ushbu muloqotni.

Malayziya tashqi ishlar vazirligi bu B.Saidovning Kuala-Lumpurga vazir sifatidagi ilk tashrifi ekanini urg‘ulagan.

Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari.

Safar doirasida Malayziya poytaxtida O‘zbekiston biznes-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

2023 yilda O‘zbekiston Malayziyaning Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik savdo hamkori bo‘ldi. Ikki davlat savdo aylanmasi 451,9 million ringgitni (94,03 million dollar) tashkil etdi. Bu 2022 yilga nisbatan 30,9 foiz ko‘p demakdir.

Avval xabar berganimizdek, prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 1 dekabr kuni Dubay shahrida o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida Malayziya podshohi bilan uchrashgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring