Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston sekin-asta YeOII sharoitlariga moslashmoqda

O‘zbekiston sekin-asta YeOII sharoitlariga moslashmoqda

O‘zbekiston kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining barcha jabhalarida o‘zini sinab ko‘rmoqda. Xususan, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilish jarayoni ham boshlandi.

Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Yig‘ilish kun tartibidan YeOII makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, jumladan, iqtisodiyot, savdo, sanoat, transport, bojxona ma’muriyatchiligi, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

Milliy qonunchilikni YeOII normalariga, birinchi navbatda standartlashtirish va tashqi savdoni notarif tartibga solish sohalarida yaqinlashtirish ishlari davom etmoqda. O‘zbekiston «COVIDsiz sayohat qilaman» raqamli platformasiga ulandi.

Bugungi davrning qiyinchiliklariga qaramay, murakkab sharoitlarga moslashish va yangi «o‘sish nuqtalari»ni topmoqda. Xususan, O‘zbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan 30 foizga, 2019 yilga nisbatan esa 11 foizga ortdi.

Iqtisodiy aloqalarni barqaror rivojlantirish uchun yondashuvlarni yanada muvofiqlashtirish zarurligini qayd etib, O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro savdoda to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish muhim ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan yurtimiz YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun eng qulay sharoitlar yaratish borasidagi yondashuv va mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorligi bildirildi.

O‘zbekiston rahbari sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashning dolzarb ahamiyatini yana bir bor ta’kidlab, bu borada, shu jumladan Tashkilot doirasida Industriallashtirish onlayn xaritasini yaratishda ishtirok etish orqali hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.

O‘zbekiston yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamg‘alarini joriy qilish dasturiga qo‘shilishi mumkinligi qayd etildi. YeOII logistika zanjirlarini rivojlantirish raqamli ekotizimini yaratish to‘g‘risidagi tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.

Ishtirokchilarning e’tibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda «yashil» energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari O‘zbekiston yuqori darajadagi Ishchi guruhi faoliyatida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi hamda uning doirasida «yashil» taraqqiyot sohasida Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashni taklif etdi.

IT sohasida tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi va shu munosabat bilan navbatdagi Yevroosiyo raqamli forumini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Kuzatuvchi davlatlarni Yevroosiyo makonidagi dolzarb tashabbuslar va kooperatsiya dasturlarini amalga oshirishga yanada faol jalb etish, shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar almashinuvlarni rag‘batlantirish zarur ekani ta’kidlandi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari YeOII Taraqqiyot markazi imkoniyatlaridan foydalanishni hamda kuzatuvchi mamlakatlarning Kengash va YeIK organlari ishida ishtirok etishini taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring