Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlaganlarga pul mukofoti berish qoidalari tasdiqlandi

Noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlaganlarga pul mukofoti berish qoidalari tasdiqlandi

Sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan to‘rlarni hisobga qo‘yish va identifikatsiya qilish hamda ularning reyestrini yuritishni nazarda tutuvchi elektron platforma ishga tushiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 80-sonli qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, sport-ishqibozlik turidagi va sanoat usulida baliq ovlash tartibi, baliq ovlash bilan shug‘ullanuvchilarning huquq va majburiyatlari, ixtiofauna ob’yektlaridan foydalanishni nazorat qilish, baliq resurslarini muhofaza qilish va noqonuniy ovlash oqibatida yetkazilgan zararlarni hisoblash, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslardan olib qo‘yilgan baliq ovlash qurollari va vositalarini yo‘q qilish, noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlagan baliqchilik xo‘jaligi hamda vakolatli shaxsga pul mukofoti berish kabilarni o‘z ichiga olgan baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun, tabiiy suv havzalaridagi ixtiofauna ob’yektlari umummilliy ob’yekt bo‘lib, undan oqilona foydalanish davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Tabiiy suv havzalarida yashayotgan, shuningdek, tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan baliqlar davlat mulkidir. Baliq ovlash joylarida baliq ovlash vositalari yoki baliq ovi mahsulotlari bilan bo‘lish ham baliq ovlashga tenglashtiriladi. Sport-ishqibozlik turidagi hamda sanoat usulida baliq ovlashga belgilangan tartibda ruxsat berilgan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha tabiiy suv havzalari baliq ovlash hududlari hisoblanadi.

O‘z navbatida qo‘riqxonalar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsion va tarixiy-madaniy ob’yektlar, suv ta’minoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalari, sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar, chegara zonalari, to‘g‘onlar, suv ayirgichlar, ko‘priklar va baliqchilik xo‘jaliklari chegaralaridagi 500 metrli masofadagi boshqa muhofaza hududi, baliq ovlashga moratoriy e’lon qilingan hududlar baliq ovlash joylari hisoblanmaydi.

Qarorga asosan, uch oy muddatda sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan to‘rlarning standarti ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Shuningdek, ekologiya sohasidagi ilmiy tadqiqot va ta’lim muassasalarini jalb qilgan holda baliq ovlash uchun ruxsat etilgan to‘rlarga eksperiment tariqasida «GPS» kuzatuv moslamalari o‘rnatiladi.

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq tabiiy suv havzalaridagi baliq resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

Qaror rasman qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ma’lumot uchun, baliq ovlashni taqiqlovchi qoidalar sun’iy suv havzalari hamda tabiiy suv havzasi hisoblanmaydigan irrigatsiya tarmoqlaridagi qafas (sadoq) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi va akvakulturaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tabiiy suv havzalarida jismoniy shaxslarga sport-ishqibozlik turida 1 sutkada 5 kggacha yoki ushbu miqdordan ko‘p bo‘lgan 1 dona baliqni bepul ovlashga ruxsat beriladi. Boshqa holatlarda baliq ovlash ushbu havzalar biriktirilgan sub’yektlar bilan kelishuv asosida yoki haq to‘lash evaziga ovchilik va baliqchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan suv havzalarida ushbu xo‘jaliklarning yo‘llanmalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Baliqlarning urchish davrida tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash taqiqlanadi.

Baliqlarning urchish davrida, ya’ni Amudaryo va Sirdaryoda 11 martdan 31 maygacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tabiiy suv havzalarida 26 apreldan 10 iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16 apreldan 31 maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.

Sanoat usulida baliq ovlashda esa baliqchilik xo‘jaligi tegishli hujjatlarga (tabiiy suv havzasi ijara shartnomasi, ruxsatnoma (kvota), baliq ovlashni qayd etish daftari, FVVda ro‘yxatga olingan suzish vositalarining hujjatlari, baliq ovlash vositalarini tamg‘alash va hisobga qo‘yish ma’lumotlaridan ko‘chirma) ega bo‘lishi lozim. Baliq ovlash sun’iy va o‘simlik tolalaridan tayyorlangan to‘rlarda amalga oshiriladi. Tabiiy suv havzalarida qalinligi 1 mmdan kichik bo‘lgan sun’iy toladan tayyorlangan to‘rlarda baliq ovlashga ruxsat berilmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring