Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston Mudofaa vaziri AQSh Qurolli Kuchlari qo‘mondoni bilan uchrashdi

O‘zbekiston Mudofaa vaziri AQSh Qurolli Kuchlari qo‘mondoni bilan uchrashdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 20 fevral kuni O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Baxodir Kurbanov Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonlik qo‘mondoni general Jozef Votel bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, harbiy ta’lim va mudofaa sohalarida istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O‘zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi. Suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur’atlari ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.

AQSh tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalariga va O‘zbekiston—Amerika mudofaa idoralari o‘rtasidagi kelishuvlarga O‘zbekiston alohida e’tibor qaratayotganini e’tirof etdi.

General Jozef Votel general-mayor Baxodir Kurbanovni mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangani bilan chin yurakdan tabrikladi. Shuningdek, general Votel o‘tgan tashrifidan qolgan taassurotlaridan eng yorqini – Samarqand shahriga sayohati va tarixiy obidalar bilan tanishuvi ekanini bildirdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish bo‘yicha fikrlar almashildi.

«Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston mintaqaning barqarorligi va rivojlanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘oniston davlatida tinchlik va xavfsizlik yo‘lidagi barcha harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 2018 yilning mart oyida Toshkent shahrida Afg‘oniston masalalari bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» xalqaro anjumanining o‘tkazilgani, shuningdek, uning yakunida «Toshkent deklaratsiyasi» qabul qilinganining o‘zi O‘zbekiston terrorizmning boshqa mamlakatlarda tarqalmasligi tarafdori ekanligini ko‘rsatadi»,-deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida O‘zbekiston mudofaa vaziri Jozef Votel boshchiligidagi delegatsiyani kutib olgan edi. Shu yilning yanvar oyida esa O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi AQShda bo‘lib, mamlakatimiz maxsus bo‘linma harbiy xizmatchilari ishtirokida Kemp-Shelbi harbiy bazasida o‘tkazilgan «Janubiy zarba» hamkorlikdagi mashg‘ulotlarni kuzatdi hamda CENTCOM qo‘mondonligi bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring