Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Germaniya prezidentining tashrifi yakunlandi

Germaniya prezidentining tashrifi yakunlandi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 27-29-may kunlari rasmiy tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

«O‘zA»ning xabar berishicha, Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti 27 may kuni o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Toshkentdagi Gyote instituti, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalar, Germaniya akademik almashuvlar xizmati (DAAD) kabi institutlar vakillari bilan uchrashdi.

Tashrifning asosiy voqealari 28-may kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi muzokaralar an’anaviy do‘stlik, ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tdi, uning yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining bugungi holati muhokama qilinib, kelgusi ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar belgilab olindi.

Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida tashkil etilgan O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmon doira vakillari yig‘ilishida ishtirok etdi. 

Shu kuni Germaniya Prezidenti Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi «Bakan Tex» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining «yigiruv» fakulteti filiali talabalari bilan suhbatlashdi. Toshkentdagi Gyote institutida ham bo‘lib, ushbu muassasa oldidagi maydonda bunyod etilgan Yohann Volfgang Gyote haykali va bog‘i ochilish marosimida qatnashdi.

Frank-Valter Shtaynmayer 29-may kuni Xorazmga keldi. Urganch davlat universitetida tashkil etilgan uchrashuvda oliy ta’lim dargohi professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan suhbatda bo‘ldi.

Prezident rafiqasi hamrohligida Xiva shahridagi tarixiy obidalarni tomosha qildi.

Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bugun mamlakatimizga tashrifini yakunlab, Xorazmdan jo‘nab ketdi. Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasining rasmiy shaxslari kuzatib qo‘ydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring