Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI va Markaziy Osiyo diplomatlari Afg‘oniston masalasida kengashdi

YI va Markaziy Osiyo diplomatlari Afg‘oniston masalasida kengashdi

Foto: EI delegatsiyasi

Joriy yil 14 fevral kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari hamda elchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Maslahatlashuvda BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Roza O‘tinboyeva, YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terhi Hakala, YeIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson hamda Markaziy Osiyo diplomatlari qatorida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev ham qatnashdi.

Beshinchi bor o‘tkazilgan mashvaratda Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat muhokama qilindi. Uchrashuvda BMTning giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Kobul shahridagi diplomatik vakolatxonalar vakillari bilan onlayn tarzda fikr almashildi.

18-19 fevral kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida BMT shafeligida Afg‘oniston bo‘yicha anjuman o‘tkazilishi va unda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, sanoat salohiyatini tiklash masalalari muhokama etilishi kutilmoqda. Bishkek uchrashuvida Doha anjumaniga hozirlikka ham e’tibor qaratildi.

Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili ham YeI va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari qo‘shni mamlakatdagi beqarorlik, inson huquqlari buzilishi, terrorizm va narkotrafik xatari kabi jiddiy masalalarni muhokama qilgan edi.

Diplomatlar Afg‘oniston barqaror va farovon mamlakatga aylanishi uchun barcha manfaatdor siyosiy guruhlar, xotin-qizlar, etnik va diniy ozchilik vakillari ishtiroki ta’minlangan inklyuziv hukumat tuzilishi muhimligini ta’kidlagandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring