Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dilorom Toshmuhamedova senator bo‘ldi

Dilorom Toshmuhamedova senator bo‘ldi

Foto: «Adolat» partiyasi matbuot xizmati

Bugun, 27-oktyabr kuni Toshkent shahridagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi katta majlislar zalida Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Adolat» sotsial demokratik partiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shahar va tuman deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan qo‘shma majlisda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zoligiga bo‘sh bo‘lgan o‘ringa Toshkent shahridan vakil saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylovda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhamedova Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylandi.

Eslatib o‘tamiz, Dilorom Toshmuhamedova 2001-2004-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. 2005-2008-yilgacha «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi va partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari lavozimlarida ishlagan.

2007-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari etib tayinlangan. 2008-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining spikeri etib saylanib, 2015-yilgacha parlament Quyi palatasiga rahbarlik qilgan.

2017-yildan buyon, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring