Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi iste’mol uchun xavfli mahsulotlarni ishlab chiqarganlar 12 yilgacha qamaladi

Endi iste’mol uchun xavfli mahsulotlarni ishlab chiqarganlar 12 yilgacha qamaladi

Foto: «Xabar.uz»

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

Unga ko‘ra, iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoxud o‘tkazganlik, ishlarni bajarganlik yoki xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Jinoyat kodeksiga ayni mazmundagi o‘zgartirish kiritilgan. Ilgani bunday jinoyat uchun faqat jarima, majburiy jamoat yoxud axloq tuzatish ishlari jazolari berilishi ko‘zda tutilgandi.

Qonunga muvofiq iste’mol uchun xavfli mahsulotlar juda ko‘p miqdorda ishlab chiqarilsa yoxud:

  • badanga o‘rtacha og‘ir yoxud og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa;
  • bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib amalga oshirilsa;
  • takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Xuddi shu harakatlar:

  • odam o‘lishiga sabab bo‘lsa 5 yildan 7 yilgacha (ilgari 3 yildan 7 yilgacha edi) ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi.

Ushbu harakatlar:

  • odamlar o‘limiga;
  • boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, 7 yildan 12 yilgacha (ilgari 7 yildan 10 yilgacha edi) ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring