Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ustoz jabri – ota mehridan afzal

Ustoz jabri – ota mehridan afzal

«Kim bo‘lmoqchisan?»

«Hali bilmayman... »

 «Lekin she’rlaringni o‘qib, kichik xabarchalaringni o‘qib sen jurnalist bo‘lishing kerak deb o‘ylayman».

«Jurnalist kim u?»

«Mana shunaqa hikoyachalar, she’rlar yozadigan odam».

Men unda yosh qizaloq edim. Ingliz tili o‘qituvchisi amakimning o‘g‘li sabab men mana shu kasbni tanladim. Menday chekka bir qishloqda yashagan qizning hayotini ma’lum ma’noda o‘zgartira olgan inson ham o‘qituvchi edi. Hayotingizni bir lahzada o‘zgartirgan  o‘qituvchingizni eslaysizmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq ta’limi vazirligi tez-tez loyihalar uyushtirib turadi. O‘sha loyihalar orqali qanchadan-qancha o‘quvchilar o‘z ustozlarini eslaydi, qanchadan-qancha o‘qituvchilar kasbining faxrli ekanligini aytgisi keladi, yozgisi keladi.

«Nima uchun o‘qituvchilik kasbini tanladim», degan savolga xivalik  o‘qituvchi Gulasal Atamuratova shunday javob beradi: «Men ustozlikning mashaqqatini ham, totliligini ham bilib turib tanlaganman. O‘rta asrlarda ustoz va shogirdlik an’analarining qat’iy tartib qoidalari bo‘lgan. Ya’ni talabalikning dastlabki davrida ustoz talabada mavjud g‘ururni sindirishga harakat qilgan. Shogirddagi mag‘rurlik illatini bartaraf etmoq maqsadida ustoz eng past, kishilar hazar qiladigan ishlarni bajarishni ham buyurgan. Jumladan, ulug‘ mutafakkir Jaloliddin Rumiy ustozlari ila masjid va madrasa hojatxonalarini poklashgan. Abu Rayhon Beruniy kutubxonadagi kitoblardan foydalanmoq uchun masjid hovlisini har kuni supirib-sidirgan.

Bu xil allomalar ustozlar tomonidan buyurilgan ishni bajarmasliklari mumkin emas edi. Chunki, ustozning amri — haq. Aynan shu xil riyozat chekilgani tufayli g‘ururi singan, xudbinlik urug‘i qurigan va oqibatda nafsiy illatlardan forig‘ bo‘lib, komillikka intiluvchi inson bo‘lgan. Yuzaki qaraganda, murshid shogirdiga jabr qilgandek tuyuladi. Lekin bu «jabr» muridni tarbiyalash va chiniqtirish uchun juda zarur ekan. Shu sabab «Ota mehridan ustoz jabri afzal» degan purma’no naql yaratilgan.

«Bobom mening birinchi ustozim! 2000-yil Tojikiston Respublikasida 3 oy o‘qiganman. Taqdir taqazosi bilan, shu yili O‘zbekiston Respublikasiga ko‘chib kelganmiz, – deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi  Kamol Qodir o‘g‘li. – Bobom Tojikistondagi maktabda 35 yil fizika fanidan dars berganlar. Ko‘chib kelganimizda nafaqada edilar. Lotin alifbosini o‘rgatish uchun, bobom O‘zbekistonga kelganlar. Qisqa vaqt ichida alifboni o‘rganishim kerak edi. Alifboni o‘rganishim uchun 15 kun shug‘ullanganmiz. Shu vaqt ichida menga alifboni o‘rgatganlar.

Bobom juda qattiqqo‘l o‘qituvchi bo‘lgan. Alifboni o‘rgatish jarayonida nabiram deb ayab o‘tirmaganlar. Yig‘lab-yig‘lab o‘rganganman.

Bobomning xotirasi juda kuchli edi. Biznikiga kelganlarida o‘tgan safar qaysi sanada va qaysi kunda kelganini aniq aytib berardilar. Talaba bo‘lishimga ham aslida bobomning qattiqqo‘lligi, talabchanligi sabab bo‘lgan.

«Mening birinchi ustozim (bobojonim) Qorako‘l maktabining asoschisi To‘xtamurod Jumayev, – deydi Madina To‘xtamurodova. – O‘qituvchi bo‘lishimga sababchi inson! Yoshligimdan «o‘qituvchilik kasbi juda sharafli va mashaqqatli kasb, mas’uliyatli bo‘lishing kerak, o‘quvchilaring bu sening farzandlaring, sen ularga nafaqat bilim beribgina qolmay, mehr, o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirishing kerak», deb aytar edilar. Bobojonim qahraton qishda ham, saraton yozda ham o‘quvchilari uchun tinimsiz mehnat qilganlar, uyqusidan, to‘yu tomoshalardan kechib,  «Xalqni bolasi mening bolam, ulkan yutuqlarga erishishi kerak», deb tinimsiz harakat qilar edilar va bu yutuqqa erishdilar.

Agar eslasalaringiz xorijning bir kinosi bor. Musiqa asbobini – baraban chalishni o‘rganishni istaydigan yigitchaga ustozi tinimsiz mashq qildirish oqibatida barmoqlari lat yeydi. Lekin oxir oqbat yigitcha o‘zi istagandek barabanchi bo‘ladi. Qattiqqo‘l ustozning bu sa’y-harakatini ko‘pchilik yoqlamasligi mumkin. Ammo ustozning qattiqqo‘lligi, talabchanligi ba’zan insonning hayotini batamom o‘zgartirishi mumkin.

2009-yillari  «Oila va jamiyat» tahririyatiga mashhur operachi, san’atkor Jenisbek Piyazov tashrif buyurgandi. Bu uning jurnalistlarga dastlabki intervyu berishi edi. Shunda Jenisbek ustozning qanday qattiqo‘l ekanligini, soatlab musiqa chalishga «mahkumligini»  toki o‘sha musiqa me’yoriga yetmaguncha xonadan chiqishga ruxsat yo‘qligini aytib bergandi...

O‘qishga hujjatlarimni topshirganimda maqolalarim yo‘qligi sabab hujjat topshirolmay qaytgandim. Maqolamni chiqarish uchun tuman gazetasiga borganimda meni – yosh qizni farroshlikka olishdi. Ertalab hech kim yo‘g‘ida changlarni artib chiqqach kechgacha tahririyatda o‘ralashib yurardim. Kim qayoqqa maqola yozishga ketsa ergashardim, korrektorga yordam berardim, mashinkada yozish ishlariga ko‘maklashardim. O‘shanda rahmatli ustozim Haydar aka shunday degandi: «jurnalist maqola yozish uchun har qanday kasb egasiga yaqin bo‘lishi kerak, ikki oy farroshlik qilasan, keyin korrekturaga o‘tasan»...  

«Ota mehridan ustoz jabri afzal»...

Bugun ustozlarining ana shunday talabchanligi bilan yuksak cho‘qqilarga chiqqan o‘quvchilar har sohada faoliyat yuritmoqda. Hayotlarini o‘zgartirgan o‘sha lahzalar, o‘sha ustozlar esa baribir shogird qalbida mehribon va qalbi issiqligicha qolaveradi.

Ustozimning o‘sha «jabr»i mening hayot yo‘limni belgilab bergani esa alohida mavzu...

                                                               Barno SULTONOVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring